Breaking News

Jurnalist Dilmurod Sayid 12 yarim yilga qamaldi


O’zbekistonda jurnalist va huquq himoyachisi Dilmurod Sayid 12,5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. U pora talab qilish va hujjat soxtalashtrishda aybdor deb topilgan. Faollar nazarida Dilmurod Sayid aslida jurnalistik faoliyati uchun jazolanmoqda.

30 iyul kuni Tayloq tuman sudida jurnalist ustidan hukm e’lon qilish jarayoniga uning advokati ham, yaqinlari ham chaqirilmagan. Dilmurod Sayidning advokati Ruhiddin Komilov sud jarayonini siyosiy ish deb baholaydi.

“Har qanday oliy qadriyatlar inobatsiz degani bu. Jarayon boshqalariga qaraganda ancha saviyali o`tgan edi, lekin baribir hukmga qarab xulosa qilishimiz kerak. Hech kimni chaqirishmadi, xohlaganimizni qilamiz deyishdi. Apellyatsiya bo`ladi, lekin 99 foiz noxolislik bor”, - deydi u.

Ruhiddin Komilovga ko`ra, sudda Dilmurod Sayidning aybi isbotlanmagan bo`lsa-da, 12,5 yil qamoq jazosi belgilanishi sud buyurtma bilan ish qilganini bildirmoqda.

Dilmurod Sayid shu yilning fevral oyida Marg`uba Jo`rayeva bergan ko`rsatmaga ko`ra hibsga olingan edi. Marg`uba Jo`rayeva keyinchalik o`z ko`rsatmasidan qaytgan bo`lsa-da, biroq buning sud hukmiga ta`siri bo`lmagan. Dilmurod Sayid ayblovni inkor etadi.

Hukmdan oldin berilgan so`nggi so`zda Dilmurod Sayid jurnalistik faoliyati mobaynida e`lon qilingan tanqidiy maqolalarini sarhisob qiladi. O`zini fermerlar huquqlarini himoya qilishga jazm etgani uchun hibsga olinganini ta`kidlaydi.

Dilmurod Sayid markaziy nashrlarda ishlab kelgan. 2005 yilda “Advokat Press” gazetasida e'lon qilingan “Yo'q haqida badiha” maqolasidan keyin ishdan haydaldi.

Keyinchalik jurnalistik faoliyatini Internet saytlarida davom ettirdi. “Ezgulik” jamiyatida inson huquqlarini himoya qilish bilan shug`ullandi. Mahalliy faollar Dilmurod Sayidni hukumat tazyiqlarining navbatdagi qurboni deb baholamoqda. Dilmurod Sayid matbuotda jurnalistlarni jasurlikka undab kelayotgan edi.

“OAV haqida qancha qonunlarimiz bor, qancha qarorlarimiz bor. Shulardan ham kelib chiqadigan bo'lsangiz, jurnalist faoliyati biror joyda taqiqlangan, to'sib qo'yilgan joyini ko'rmaysiz”, - degan edi Dilmurod Sayid “Amerika ovozi” bilan suhbatda.

Ma'lumotlarga ko'ra, faollarga nisbatan tazyiq davom etmoqda. 29 iyul kuni fermerlar huquqlari bilan shug’ullanib kelgan jizzaxlik faollardan biri Oyazimxon Xidirova hibsga olingan. Huquq faoli ta'magirlikda ayblanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG