Breaking News

Karimov qishloq hayotini yaxshilashni va'da qilmoqda


O`zbekiston prezidenti Islom Karimov yaqinda qilgan chiqishida 2009 yil Qishloq farovonligi va taraqqiyoti yili deb e`lon qilgan.

Ammo moliyaviy inqiroz O`zbekiston qishloqlaridagi turmush darajasiga va hukumatning bu dasturiga keskin salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Sharhlovchilar nazarida kelasi yil qishloqlarda hayot tobora og'irlashib bormoqda. Ishsizlar ko'p. Ijtimoiy keskinlik kuzatiladi.

Karimov o'z nutqida hozirgacha ekspertlar tomonidan bildirilgan mulohazalarning ayrimlarini
tasdiqlab o'tdi.

“Global moliyaviy inqiroz oqibatlari iqtisodning rivojlanishi va samadorligiga ta`sir etayotganidan ko`z yumib bo`lmaydi. Jahon bozorida talabning pasayishi tufayli O`zbekiston eksport qilyotgan qimmatbaho va rangli metallar, paxta,uran va boshqa mahsulotlarning narxi tushib bormoqda”, - dedi prezident.

Biroq prezident Rossiya va Qozog`istonda iqtisodiy susayish tufayli bir necha million o`zbeklar ishsiz qolib, yurtiga qaytayotgani haqida biror narsa demagan.

Rossiya va Qozog`istondagi mehnat muhojirlari asosan qishloqdan chiqqan fuqarolar. O'zbekistonda qishloq ahli, deydi sharhlovchilar, ko'p jihatdan shu ishchilar yuborayotgan mablag' evaziga kun ko'rmoqda.

“Moliyaviy inqiroz O`zbekistonga kirib keldi. Rossiya va Qozog`istondan O`zbekiston ishlab chiqargan avtomobillar qaytarib yuborildi. Lekin asosiy muammo - Rossiyadagi ish o`rinlarining qisqarayotgani. Pul topolmaslik tufayli qator muammolar yuzaga keladi. Rahbarlar hozirgacha qishloqdagi vaziyatni tan olmay kelishdi. Bu muammolarni bartaraf etish uchun esa bir yil kamlik qiladi. Kelasi yili O`zbekistonda qanday bo'lishini yaratganning o`zidan boshqa hech kim bilmaydi”,-deydi iqtisodchi Jahongir Shosalimov.

Prezidentning ta'kidlashicha, qishloq farovonligini ta`minlash, ijtimoiy muammolarni yechish uchun vazirliklar, tegishli idoralar ishtirokida davlat dasturi ishlab chiqiladi.

Ayrim mulohazalarga ko`ra 2009 yilning qishloq farovonligi yili sifatida tanlanishi tasodif emas. Yil haqiqatda mamlakat qishloqlari uchun mushkul davr bo'ladi.

Hukumat dasturi faqat ulug`vor nom bilan cheklanib qoladi va vaziyatni o`nglash uchun amaliy qadamlar tashlanmaydi degan xavotir hukm surmoqda.

Sutkasiga 2-3 soatgina chiroq yoqa olayotgan, qishda tabiiy gazdan bebahra qolayotgan qishloqlarda taraqqiyot yoki farovonlik bo'lishi kopchilikda shubha uyg'otadi.

Bundan tashqari qishloq xo'jaligida ishlash samara bermayotgani aholi orasida norozilikni kuchytirmoqda.

“Paxtada ishlab, qaysi qatorga ishlagan bo`lsak, o'sha qatorning g`o`zapoyasini olamiz xolos. Paxta uchun odamlarni buncha sargardon qilishning keragi yo`q. Chetga ketgan odamlar pul dardida ketgan deydi. Ular bolachaqasini boqish ilinjida ketgan ”, - deydi qishloqliklardan biri.

Hukumatning kichik fermer xo'jaliklariga tegishli yerlarni boshqa yirikroq fermerlarga o'tkazish haqidagi qarori ham norozilik bilan kutib olingan. Bu qaror natijasida ko'plab fermerlar yeridan ajralib, ishsizlar soni yanada ortgan.

O`zbekistonda qishloq xo`jaligi yalpi mahsulot ishlab chiqarish ko'rsatkichida muhim o`rin tutsa-da, sohani texnologik rivojlantirish uchun mablag' jalb etilmaydi.

“Hammasi mablag'ga bo'gliq. Fermerlarning ham cho'ntagi bo'sh. Hukumatda ham pul o'lmasa, hech narsa qilolmaydi. O`zbek so'mi esa qadrsizlanishda davom etmoqda”, - deydi Jahongir Shosalimov.

Sharhlovchilar fikricha moliyaviy inqiroz va qishloq xo'jaligiga nisbatan monopoliya siyosati davom etarkan, 2009 yil O`zbekistonda ahvol yanada murakkab bo'lib qolishi tayin.

XS
SM
MD
LG