Breaking News

O'zbekistonlik qochqinlarning o'g'irlanishi davom etmoqda


Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar O'zbekiston fuqarolarining diniy ekstremizmga aloqadorlik gumoni bilan qo'shni davlatlardan majburiy ravishda va xalqaro normalarga zid holda hanuz ekstraditsiya qilinayotganidan tashvishda.

Qirg'izistondagi inson huquqlari tashkilotiga ko'ra sentyabr oyida o'zbekistonlik qochqin Hayotjon Jo'raboyev Bishkek shahrida g'oyib bo'lgan. Moskvada asoslangan "Memorial" tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha mutaxassisi Vitaliy Ponomaryov nazarida bunga O'zbekiston maxsus kuchlari aralashgan bo'lishi mumkin.

"Tashkilotimiz hisobiga ko'ra 2005 yildan beri Qirg'iziston O'zbekistonga 30 kishini chiqargan bo'lsa, ularning atigi uchdan biri rasmiy yo'l bilan ekstraditsiya qilingan. Ya'ni prokuratura orqali, sud qarori bilan. Aksariyati esa O'zbekiston xavfsizlik kuchlari tomonidan o'g'irlab ketilgan yoki qo'shni respublika xavfsizlik kuchlari tomonidan to'g'ridan-to'g'ri uzatilgan," deydi Ponomaryov.

Uning aytishicha, ba'zi hollarda Qirg'iziston xavfsizlik xodimlari O'zbekiston tomonidan moliyaviy taqdirlangan. Qochqinlar yo'qolishi bilan bog'liq bironta ish tergov qilinmagan yoki tergov oxirigacha yetkazilmagan.

O'zbekistonga asosan dindorlar ekstraditsiya qilinadi. 35 yoshli Hayotjon Jo'raboyev asli Farg'ona viloyatidan bo'lib, islom dinidan ta'limotni Qo'qon, Rossiya va Suriyada olgan. O'zbekistonni 1993 yili tark etgan. O'tgan yil oktyabr oyidan beri Qirg'iziston janubida, Jalolobodda istiqomat qilgan.

Ponomaryovga ko'ra qochqinlarni o'g'irlash hollari 2005, 2006 yillarga qaraganda ancha kamaygan, ammo qochqinlar o'zini hali ham xavfsiz his qilmaydi.

"Ajablanarlisi shuki," deydi rossiyalik huquqshunos, "huquqiy jarayonni chetlab amalga oshirilgan esktraditsiya aslida jinoiy amaliyot bo'lib unga shu paytgacha huquqiy baho berilmagan. Hech kim buning uchun jazoga tortilmagan."

O'tgan hafta ma'lum bo'lishicha, ikki yil oldin O'zbekistonga Rossiyadan noqonuniy ravishda ekstraditsiya qilingan va besh yarim yil qamoq jazosiga mahkum etilgan Rustam Mo'minov ishi bo'yicha Yevropa Sudi Rossiyani aybdor deb topgan.

Moskvada asoslangan "Fuqarolik yordami" qo'mitasi qoshidagi Markaziy Osiyolik siyosiy qochqinlarga yordam ko'rsatish dasturining rahbari Yelena Ryabininaning aytishicha, Yevropa Sudi Rossiyani Inson huquqlari bo'yicha konvensiyaning to'rt moddasini buzganlikda aybdor deb topgan.

Mo'minovning qayerda saqlanayotgani va uning taqdiri bo'yicha aniq ma'lumot yo'q va Yevropa Sudi bu borada tashvish bildirmoqda. Shu sabab sud Rossiyadan uning foydasiga moliyaviy jarima undirishni kechga qoldirgan.

Vitaliy Ponomaryov ham, Yelena Ryabinina ham majburan ekstraditsiya qilingan odamlarni begunoh deb ularga qo'yilgan ayblovlar soxta ekanini, ko'p hollarda jinoiy ish orqa sana bilan belgilanishini va ba'zi hollarda no'noq tuzilishini ta'kidlamoqda.

Vatanida uzoq vaqt bo'lmagan, "xorijda yurgan begunoh odamni qamoqqa tashlashdan nima foyda" degan savolga Ponomaryov shunday javob beradi:

"Bu savol barcha diktatorlar shaxsiga borib taqaladi. Nega Stalin millionlab odamlarni qatag'on qilgan? Shimoliy Koreyada nega mehnat lagerlari bor? Prezident Karimov 1991 yili Namangandagi voqealardan beri islom dinidan cho'chiydi. Davlatdagi repressiv apparatning faoliyat yuritishi uchun hamisha qurbonlar kerak. Ko'p yillar davomida nohaq jazoga tortilganlar oldida javobgarlik hissi ham ta'qiblarni kuchaytirishni taqozo etadi," deydi huquqshunos.

Rossiyaning Ivanovo shahrida 2005 yildan beri O'zbekistonga ekstraditsiya qilinish tahdidi ostida yashab kelgan 12 nafar o'zbekistonlikning ishi xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va matbuot e'tibori diqqati bois ekstraditsiyagacha bormagan.

May oyida Yevropa Sudi ularni O'zbekistonga chiqarmaslikni buyurib, Rossiya hukumatidan qochqinlarga 300 ming dollar kompensatsiya to'lansin deb qaror chiqargan edi. Ular uchinchi davlatga chiqarilishi kerak edi, ammo Vitaliy Ponomaryovga ko'ra, Rossiya "ivanovolik o'zbeklar" O'zbekiston hududini tark etishga ruxsat beruvchi OVIR vizasini vatanidan olmaguncha Rossiyadan chiqarilmaydi deb oyoq tirab olgan. Ayni damda vaziyatdan chiqish yo'llari muhokama qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG