Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning O`zbekistonga tashrifi ikki o`rtadagi hamkorlikni yangi shartnomalar bilan boyitdi. Kutilganidek, hamkorlik asosini Rossiya uchun strategik ahamiyatga ega soha - energetika belgiladi. Rossiya sarmoyasining 90 foizdan oshig`i O'zbekistonda ana shu sohaga to'g'ri keladi. Rossiyaning Lukoyl kompaniyasi yaqin kelajakda O`zbekistonga bu yo'nalish bo'yicha 5 millard dollarga yaqin sarmoya olib kirmoqchi. Sharhlovchilarga ko`ra O`zbekiston-Rossiya iqtisodiy aloqalari faqat energetikaga asoslanishi bilan ham xatarlidir.
Tashrif chog'ida Rossiyaga sotilayotgan gaz hajmini ko`paytirishga kelishilgan. Turkmaniston, Qozog'iston va O`zbekiston gazini Rossiyaga yetkazish imkoniyatlarini kengaytirish loyihasi rasmiy Toshkent tomonidan ma`qullangan.
Islom Karimov O`zbekiston gazini faqat Rossiyaga sotishga va`da berdi.
"Biz gazni faqat Rossiyaga sotamiz. Rossiya quvurlaridagi gaz Rossiyaniki hisoblanadi, bu aniq tushunilishi kerak", dedi Karimov.
Biroq mulohazalarga ko`ra Islom Karimov O`zbekiston gazini boshqa davlatlarga, jumladan Yevropaga sotishni xohlagan taqdirda ham hozircha bunday imkoniyatning o`zi yo`q, gaz yo`llari faqat Rossiya orqali o'tadi.
"Boyliklarimiz asosan Rossiya kompaniyalari ixtiyoriga o`tib ketgan. Mana gaz, asosiy daromad manbai, lekin chet elga sotaman desa faqat Rossiya orqali qilish mumkin xolos. Kaspiy dengizi va Ozarbayjon orqali Yevropaga chiqadigan "Nabuko" quvurlarini ham Rossiya bo`g'ib tashlasa kerak, chunki undan manfaatdor emas. Medvedev kelishining bir sababi ham shu. Xullas Rossiya rahbarlari faqat o`z manfaatlari uchun bu yerga kelishadi va bu tabiiy", - deydi sharhlovchi Fayzulla Is'hoqov.
Rossiya prezidenti gaz O`zbekistondan bozor narxida sotib olinayotanini ta`kidlar ekan, uchunchi davlatlarga, jumladan Ukrainaga sotilayotgan gaz ham bozor talabiga ko`ra belgilanishini ta`kidlab o`tdi.
Sharhlovchilarga ko`ra Karimov va Medvedev mintaqada suv taqsimoti haqida ham muloqot qilgan. Chunki Rossiya gidroelektrostansiya qurish uchun Qirg`izistonga 2 millard dollarga yaqin kredit ajratishi haqida oldin gapirgan va bu mintaqa suvining asosiy iste`molchisi - O`zbekiston tomonidan tashvish bilan kutib olingan.
O`zbekiston prezidenti Rossiya suv masalasida xolis pozitsiyada turishiga umid qilib, so`nggi paytda bu muammo, ayniqsa G`arbda muhokama qilinayotgani, qudratli davlatlar tomonidan suvni taqsimlash masalasiga qiziqish kuchayganini ta'kidladi.
"Biz Rossiya bu muammolarni muhokama qilibgina qolmay, BMT hujjatlariga rioya qilib, adolatli qaror qabul qilinishi uchun amaliy harakatlarga qo'l uradi degan umiddamiz", - dedi O`zbekiston prezidenti.
"Bu kabi loyihalar, ayniqsa gidroelektrostansiyalar qurilishi qo`shni davlatlar fikrini inobatga olgan holda amalga oshirilishi kerak. Yolg'iz holda harakat qilish natijaga olib kelmaydi. Aks holda keskinlikni iqtisodiy emas, siyosiy usullar bilan yechishga to`g`ri keladi", - dedi Medvedev.
Ta`kidlash joiz, Qirg`iziston va Tojikistondagi GES qurilishlarining asosiy homiylari Rossiya kompaniyalari hisoblanadi.
Shu oyda Qirg`iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevning Rossiyaga tashrifi kutilmoqda. Unda asosiy maqsad Rossiyadan va`da qilingan 2 milliard dollarlik kredit shartnomasini imzolash.