Breaking News

Iqtisodiy inqiroz O'zbekistonda hayotni yanada og'irlashtirgan


Yaqinda prezident Islom Karimovning "Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari”" nomli kitobi nashrdan chiqdi.

Global moliyaviy tanazzul ta'siri O`zbekistonga eng yuqori pog'onada, deydi mutaxassislar.

Aksariyat aholi chetdan kelayotgan daromad evaziga kun ko'rar ekan, mehnat muhojirlari tomonidan yuborilayotgan mablag' oqimi deyarli to'xtab qolgan.

O'zbekiston korxonalarida esa ish o'rinlari qisqarib bormoqda.

Karimov nazarida jahon bo'ylab moliyaviy inqirozga qarshi ko'rilayotgan chora-tadbirlar uyg'un bo'lsagina, samara berishi mumkin.

Prezident fikricha bank tizimini qo'llab-quvvatlash, ishlab chiqarish sektorini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalardan keng qo'llanishga o'tish kerak.

Karimov deydiki, global inqiroz O'zbekistonga boshqa davlatlardagi kabi kuchli ta'sir qilmagan.

Mustaqil tahlilchilar bu fikrga qisman qo'shiladi. Lekin aksariyat aholi inqirozga qadar ham yetishmovchilikda kun ko'rayotgani sabab bugun yanada mushkul ahvolda.

"Tezkor" guruh analitik markazi vakili Suhrob Ismoilovning aytishicha mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag' keskin qisqargan.

"20 yanvardan 20 fevraligacha respublikani bir qator viloyatlarida chet eldan kelayotgan pul tushumlari bo`yicha xizmat ko`rsatayotgan bank bo`limlarida monitoring o`tkazdik. Unga ko`ra chet eldan kelayotgan pul tushumlari 92 foizgacha qisqargan. Ilgari har bitta bank bo`limi bir kunda 70 dan 600 kishigacha xizmat ko`rsatgan bo`lsa, hozir bu ko`rsatkich 10-20 kishiga tushib qolgan", - deydi Ismoilov.

O'zbekiston prezidenti so'nggi paytdagi chiqishlarida moliyaviy inqiroz asosan mamlakatni eksport salohiyatiga ta'sir etishini ta'kidlab keladi.

"Bir so`z bilan aytganda, mamlakatimizda global moliyaviy inqirozning bugungi va ertangi ta`sirini hisobga olgan holda, har tomonlama o'ylangan qat;iy harakatlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bu jiddiy sinovni yengish hammamizdan mas'uliyatni teran his qilishni, barcha imkoniyatlarni ishga solishni talab etadi", -deydi prezident Karimov.

Bugunga kelib jahon bozorida O`zbekiston eksport qiladigan tovarlar, jumladan paxta narxi tushib ketgan.

Qolaversa korxonalarning krizis ta'siriga tushayotgani sezilmoqda.

"Samarqandda Yaponiya bilan hamkorlikda tuzilgan va mikroavtobuslar ishlab chiqarishga mo'ljallangan korxonada ish o'rinlarini qisqargan. Davlat tasarrufidagi yana bir korxona "Sino" muzlatgich ishlab chiqarish zavodida ham ishchilar o'rni kamaygan yoki odamlari ish haqi to'lanmasdan majburiy ta'tilga chiqarilmoqda", - deydi Suhrob Ismoilov.

O'zbekistonda qabul qilingan aksilinqiroz dasturi qishloq joylarida ish o'rinlari yaratishni ham nazarda tutadi.

Hozircha bu dastur biror natija bergani yo'q, deydi tahlilchilar, chunki sarmoya yo'q.

Islom Karimov yaqinda Jahon Bankining Markaziy Osiyo va Yevropa bo'yicha vitse-prezidenti Shego Katsuni qabul qildi.

Karimov Jahon Banki faoliyatini, ayniqsa hozirgi moliyaviy krizis davridagi amaliyotlarini yuksak baholashini va yangi loyihalarga umid bog'lashini ta'kidlagan.

Xorijiy sarmoya miqdori kamligi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan tadbirkorlar va ekspertlar, O'zbekiston iqtisodiyoti, bank tizimi va rahbariyatiga ishonchning pastligidadir.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG