Talabalarning xorijda o'qishga qiziqishi kuchaymoqda
O'zbekistonlik talabalar uchun xorijda ta`lim olish kelajak uchun muhim imkoniyat sanaladi.
Talabalar eng ko’p boradigan yurt esa, shubhasiz, bu Qo’shma Shtatlar, deydi mutaxassislar.
AQSh elchixonasi ta’lim dasturlarini targ’ib qilish uchun qator tadbirlar amalga oshirmoqda. Amerika va O`zbekiston o`rtasida siyosiy aloqalar keskinlashgach, ta`lim sohasidagi hamkorlikka ta`siri sezildi.
O’zaro munosabatlar iliqlashgan sari ilm-fan bobida ham siljish bo’ladi degan taxminlar bor. Biroq tahlilchilar nazarida hukumat xorijda ta`lim olgan yosh kadrlarni qo`llab-quvvatlashga doir aniq dasturga ega emas. Bu kadrlar e`tibordan chetda qolmoqda.
20 noyabr kuni Toshkentdagi Xalqaro maktabda AQSh elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro ta`lim yarmarkasi o`tdi. Yarmarkada nafaqat AQShda, balki Yevropa, Rossiyada o`qish imkoniyatini beruvchi dasturlar haqida ma`lumot berildi.Yarmarka yoshlar o`rtasida kuchli qiziqish uyg`otdi deyish mumkin.
Toshkentda yirik ta'lim yarmarkasi o'tdi
“AQSh ta`lim tizimi dunyoda o`zini oqlagan tizim hisoblanadi. Men boshqa yarmarkalarda ham bo`lganman, lekin bu darajada odam tig`iz bo`lmagan. Talabalarning xorijda o`qishga qiziqishi kuchaymoqda”, - deydi “Ochiq eshiklar” dasturida ishtirok etgan talaba.
Xalqaro ta`lim yaramarkasida AQShning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Richard Norland ishtirok etdi. Bugungi globallashayotgan davrda xalqaro standartlarga ko`ra ta`lim olish zaruryati haqida gapirdi.
AQSh elchixonasining ta`lim va madaniyat ishlari bo`yicha maslahatchisi Stefani Fitsmoris yarmarka AQSh ta`lim tizimi haqida batafsil ma`lumot taqdim etish uchun tashkil qilinganini ta`kidladi.
Uning aytishicha, shu yilning yozidan boshlab talabalarga AQShda o`qish imkoniyatini beruvchi yangi dastur ish boshlagan.
“Bu dastur nafaqat gumanitar fanlar, balki aniq fanlar bo`yicha ham iqtidorli talabalarning grant asosida AQShda o`qishlariga imkoniyat beradi”, - deydi elchixona vakili.
Yarmarka nafaqat mavjud dasturlar bo`yicha, balki mustaqil ravishda AQShda o`qish imkoniyatlarini qidirayotgan talabalar uchun ham ma`lumot beradi, deydi AQSh ta`lim dasturlari haqida tushuntirish berayotgan mutaxassislardan biri.
“Talabalarning ko`pi AQShda o`qish uchun qanday hujjatlar kerak, qanday imtihonlar topshirish kerak, kimlarga, qanday tashkilotlarga murojaat qilish kerak, bilmaydi. Biz ularni shu ma`lumotlar bilan ta`minlashga harakat qilamiz. Murojaat qilayotgan talabalar esa juda ko`p”, - deydi u.
AQSh elchixonasining Xalqaro ta`lim yarmarkasiga doir ma`lumotida o`zbekistonliklar xorijda o`qish uchun ko`proq AQShni tanlayotgani, AQSh ta`lim tizimi mukammalligi, nufuzi balandligi bilan talabalarni qiziqtirayotgani ta`kidlanadi.
Yarmarka ishtirokchilari fikricha, haqiqatda AQShda ta`lim olgan va hozir O`zbekistonda ishlayotgan mutaxassislar ish uslubi ajralib turadi.
“Amerikada o`qib kelganlar bizning institutda ham dars berishadi. Ayniqsa, aniq fanlarga qiziqishlari kuchli. Bilimlari kuchli, o`qitish usullari zamonaviy”, - deydi talaba.
AQShda qariyb 550 o'zbekistonlik tahsil oladi
AQSh elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, 2002 yildan buyon AQSh oliygohlaridagi o`zbekistonlik talabalar soni ortgan. Biroq 2007-2008 yil ko`rsatkichlariga ko`ra, talabalar soni avvalgi yillarga nisbatan 42 kishiga kamaygan.
AQSh elchixonasining madaniyat va ta`lim bo`yicha maslahatchisi Stefani Fitsmoris so’zlariga ko`ra, talabalar soni nega kamayganini aniq aytish qiyin, bunga AQShda ta`lim olishning ancha qimmat ekani ham sabab bo`lishi mumkin.
“AQSh oliygohlarida ta`lim olish hatto o`rta tabaqadagi amerikaliklar uchun ham ancha qimmat”, - deydi u.
"UMID" jamg'armasining tugatilishi haqida mulohazalar
Avval O`zbekistonda AQSh-O`zbekiston ta`lim tizimi hamkorligi bilan shug`ullanuvchi ko`plab xalqaro tashkilotlar ishlar edi.Andijon fojealaridan keyin bu tashkilotlar O`zbekistondan chiqib ketgan.
“Hozirga kelib bu borada munosabatlar rivojlanayapti, xorijda o`qish uchun yangi dasturlar ochilgan. U yoqda o`qigan talabalar O`zbekistonga kelib, o`z tajribalarini qo`llayapti”, - deydi talabalardan biri.
O`zbekistonda talabalarning xalqaro me`yorlar asosida ta`lim olishi rag`batlantiriladi, milliy kadrlar yetishtirish bo`yicha hukumat dasturi ham qabul qilingan edi.
Bu dasturga ko`ra, talabalarning chet elda o`qishi bilan shug’ullanuvchi “Umid” jamg`armasi tashkil etildi.Biroq keyinchalik bu jamg`arma yopildi, ko`zda tutilgan maqsad amalga oshmadi.“Umid” jamg`armasi bo`yicha o`qigan talabalarning ko`pi xorijda qolib ketdi.
Mazkur jamg`armaning tugatilishi haqida turli mulohazalar bor.
““Umid” bo`yicha xorijda o’qib, qaytgan mutaxassislarning yaxshi joylarda ishlayotgani ham bor, lekin moddiy ta`minot muammo bo’lib qolmoqda. O`sha narsa qondirilmas ekan, qiyin. Bu jarayon o`zini oqlamaydi, ularni ayblash bilan mamlaktda ushlab qolish qiyin”, - deydi yoshlar muammosi bilan shug’ullanuvchi nodavlat tashkilot vakili.
Ma`lumotlarga ko`ra, mavjud dasturlar bo’yicha AQShga ketayotgan o`zbekistonlik talabalar AQSh va O`zbekiston tomoniga qaytib kelish haqida kafillik beradi.
“Agar maqsadi qolish yoki boshqa bo`ladigan bo`lsa, bu dasturlar ular uchun emas. Dasturda qatnashishdan avval talaba haqida ma`lumot to`planadi. U nima uchun bu dasturni tanlagan va bu dastur unga, O`zbekiston davlatiga nima beradi? Ishning samarasini ko`rish uchun qilinayapti bular. O`zbekiston ham bir joyda turgani yo`q, rivojlanayapti”, - deb ta`kidlaydi talabalardan biri.
Yaqinda O`zbekistonda oliy o`quv yurtlarini bitirgan talabalarga diplomni faqat uch yillik tajriba muddatidan so`ng berish amaliyoti joriy qilingan.
“Aqlli kadrlar mamlakatda qolishi uchun ularni rag`batlantirish kerak. Masalan, hozir diplomlarni berishni taqiqlab qo`ydi. Ya’ni avval uch yil ishlab berish shart. Lekin bu yo`l bilan maqsadga erishib bo`lmaydi, undan ko`ra aql va salohiyatiga ko`ra sharoit yaratib bersin”, - deydi yoshlar tashkiloti vakili.
O'zbekistonda xorijda o'qib qaytgan mutaxassisilarga ehtiyoj qanchalik? Ularga munosabat qanday?
“Chet davlatlaridan qaytgan yuristlar, iqtisodchilar, menejerlar bor. 3-4 tilda gaplashadigan talantli kadrlar. Nega ular ishsiz? Chet elda o`qib qancha mablag` sarflashgan? Bunga davlatning ham mablag`i ketgan. Hozir berayotgan maoshiga ular qanday qilib tirikchilik qiladi? Qanday qilib oila quradi? Rossiyaga, Qozog`istonga borsa, bu maoshlar 3-4 barobariga ko`tariladi”, - deydi “Tezkor guruh” analitik markazi tahlilchisi Shuhrat G`aniyev.
Tahlilchilarning aytishicha, hukumat miqyosida yosh kadrlarga nisbatan ishonch past, boshqaruv salohiyatini asosan sobiq kommunistik ma`muriyatdan chiqqan kadrlar egallagan.
“Albatta, ular sovet davrida ta`lim olgan, shu ideologiyadan chiqqan. Ulardan qandaydir izchil o`zgarish kutish qiyin. Yoshlarning yuqori lavozimga ishga kirishlari uchun esa qaysidir mansabdor shaxsga pora berish kerak”, - deydi G`aniyev.
Sharhlovchilar deydiki, chetda tahsil olayotgan ko`plab talabalar yurtga qaytib mutaxassislik bo`yicha ishlashdan ko`ra xorijdagi og`ir jismoniy ishni ma`qul ko`radi. Ular O`zbekistonda ishlab, istiqbolga erishish mumkin emasligini ish izlab, mamlakatni tark etayotgan minglab hamyurtlari misolida ko`rib turibdi.