Ingliz tili, shubhasiz, xalqaro muloqot tili. Inglizchani bilgan odam dunyoning istagan nuqtasida o’zini eplab ketadi. Shu bois amerikaliklar orasida chet tilini biladiganlar ko’p emas. Lekin 2001 yil 11 sentyabr voqealari ketidan Qo’shma Shtatlarda sharq tillari, xususan, arab tiliga qiziqish orta boshladi.
Vashingtonda joylashgan Jorjtaun Universitetida (Georgetown University) arab tili muallimi, professor Karina Rayding amerikaliklar orasida chet tillariga qiziqish o’tkinchi hol emas deydi.
Yoshlar nazarida jahon yil-sayin torayib bormoqda, chunki o’zga davlatlar, madaniyatlar haqida bilish qiyin emas. Arab tilini o’rganishga kirishar ekan, talabalar o’z oldiga aniq maqsad qo’yadi.
Diplomatik, gumanitar yoki xalqaro tashkilotlar, xavfsizlik sohasi, xalqaro aloqalar va ommaviy axborot vositalarida ishlamoqchi bo’lgan talaba til bilish muhimligini tushunadi, deyi u.
Bugun sharq madaniyati va tillarini o’rganish uchun davlat byudjetidan mablag’ ajratilmoqda.
Aytish joiz, mablag’ ajratayotgan faqat AQSh davlati emas. Masalan, 2 yil avval Saudiya Arabistoni shaxzodasi Alvalid bin Talal AQShning Jojrtaun va Garvard Universitetlariga 40 million dollar hadya qildi – islom dinini, uning mohiyatini, arab dunyosini va tilini puxta o’rgatish uchun.
Ba’zilar fikricha, Saudiya Arabistonining bu harakati – o’ziga xos minnatdorchilik. Arab dunyosidagi yetakchilarning aksariyati AQShning eng sara universitetlarida tahsil olgan.
Boshqalar nazarida bu – AQSh uchun qazilgan choh, qopqon. Musulmon davlatlari AQShda o’z qudratini kuchaytirmoqchi. Arablar ilm ahli orasida islomga xayrixoh, arab dunyosini tanqid qilmaydigan olimlar armiyasini tarbiyalamoqchi degan taxminar bor.
Amerika-Islom Aloqalari Kengashi matbuot kotibi Ahmed Rehab fikricha:
“Har bir universitet, xoh u Garvard, Yel, Jorjtaun kabi nufuzli muassasa, xoh boshqa kichikroq xususiy universitet bo’lsin, pul hadya qilayotgan donorlarni sinchiklab tekhsiradi. Dunyoda nafaqat musulmon, balki nasroniy, yahudiy va boshqa donorlar ham bor. Tabiiyki, har biri qandaydir muayyan maqsad-yo’nalishni targ’ib qilishdan manfaatdor. Saudiya Arabistoni donorlari pulni islom ilmi uchun ajratsa, buni hayron qolarli joyi yo’q. Deylik, yahudiy donorlar Xolokost fojeasini o’rganayotgan talabalarga, nasroniylar katolisizm tarixini o’rganayotgan studentlarga pul ajratishga haqli”.
1976 yilda Saudiya Arabistoni qiroli Faysal birinchilardan bo’lib Janubiy Kaliforniya Universitetiga 1 million dollar tuhfa etgan. Oradan ko’p o’tmay al-Saud qirolligi AQShda yana bir nufuzli oliygoh- Dyuk Universitetiga 200 ming dollar tadqim etgan.
Albatta, universitetga pulni hech kim majburlab berayotgani yo’q. Undan voz kechish yoki qabul qilish universitet ma’muriyatiga xavola deydi Ahmed Rehab.
“Pul aynan avval rejalangan dasturga, masalan, islom ilmini o’rganishga sarflandimi, bo’ldi. Boshqa savollar o’rinsiz. O’ylashimcha, qanday qilib va nimaga xarajat qilding deb hech talab qo’ya olmaydi”.
Ba’zida AQSh universitetlari donorlar pulidan voz kechgan holatlar ham bo’lgan.
2000 yilda Birlashgan Arab Amirligi qiroli Shayx Zayd bin Sulton al-Nayan Amerikadagi eng taniqli va keksa oliygoh - Garvard Universitetiga 2.5 million dollar taqdim etgan. Biroq universitet talabasi Reychel Fish qirolni yahudiylarga qarshi siyosatda ayblagach, universitet pulni qaytarib bergan.
Amerikada o’qish va ishlash imkoniyatlari haqidagi savollar uchun manzilimiz – uzbek@voanews.com. Ularga javobni har dushanba ushbu ruknimizdan olasiz.