Breaking News

Julliard - iste'dodlarni tayyorlab beruvchi san'at fabrikasi


AQShning Nyu-York shahri qoq markazida 5 qavatli muhtasham bino bor.

Har zamonda yosh yigit-qizlarning skripka ko’tarib, binodan kirib-chiqib yurganini ko’rasiz. Ba’zilarining bo’y-bastidan raqqos ekanini sezadi odam.

Bu – mashhur Julliard San’at Maktabi (The Juilliard School of Performing Arts).

Julliard maktabi talabasi Zakariya Yenikeyev asli Rossiyaning Rostov-Don shahridan. U torli asbob – alt chaladi. Julliard maktabi uning o’qish pulini to’liq qoplab keladi.

“Julliard boshqa maktablardan farq qiladi. O’qituvchilar orasida dunyoning eng sara murabbiylarini ko’rasiz. Bular Emmanuel Aks, Its’xak Perelman, Jeron Lovental. Altdan menga saboq berayotgan o’qituvchim Samuel Rouds… Bu ro’yxatni tinimsiz davom ettirishim mumkin”.

Julliard konservatoriyasi XX asr boshida tashkil topgan. Uning asoschisi doktor Frank Damrosh (Dr. Frank Damrosch) Nyu-York shahrida musiqiy ta’lim uchun mas’ul edi.

1905 yilda doktor Damrosh Yevropaning yetuk san’at dargohlaridan qolishmaydigan akademiya ochishga qaror qiladi. Amerikadagi iste’dodli yoshlar, der edi Damrosh, dunyoning narigi chekkasiga ilm izlab borishi to’g’ri emas.

1919 yilda davlatmand savdogar Avgustus Julliard musiqa san’ati rivojiga sarflang deya katta pul vasiyat qilib qoldiradi. Natijada Damroshning musiqa akademiyasi kengayib, Julliard Musiqa Konservatoriyasi paydo bo’ldi.

Hozir maktabda nafaqat musiqa, balki drama va raqs fakultetlari ham bor. Har bir talaba qator xalqaro tanlovlar g’olibi.

Zakariya Yenikeyev avval Raxmaninov nomli Rostov Davlat Konservatoriyasini bitirgan. 2002 yilda esa Tolyattidagi xalqaro musiqa tanlovida (The VI International String Competition in Togliatty), 2003 yilda Amerikadagi Stalberg musiqa tanlovida (Stulberg International String Competition) mukofotlangan.

“Shundan so’ng Moskvada va AQShda o’qishga taklif qilishdi. Amerikadagi Julliard maktabi haqida juda ko’p ijobiy fikr eshitdim. Bu maktab haqida, o’qituvchilar haqida hammadan so’rab, hujjatlarni topshirdim. O’zim ijro etgan musiqiy asardan parcha jo’natdim”.

Nona Shengelaya Julliard maktabining xalqaro talabalar bo’limi rahbari.

“Julliardda tahsil olayotgan studentlarning deyarli 30 fozi (207 nafari) xorijdan kelgan. Har yili taxminan 100-200 ga yaqin chet ellik talaba o’qishga qabul qilinadi. Qozog’istondan 2 nafar talaba o’qimoqda. O’tgan yili O’zbekistondan bir talaba Julliardni bitirgan”.

“Talabalarga qarab, ba’zida xavotirlanaman. Chunki ular ertadan kechgacha mashq qiladi. Darsxonadan chiqmaydi. Jualiard maktabi talabalari mana shu xislati bilan ajralib turadi”.

Talabalar Julliardni keng toifadagi mutaxassis sifatida bitiradi - ham orkestrda ishlashi, ham yakkaxon sozanda bo’lib xizmat qilishi va san’atdan saboq berishi mumkin.

“Musiqa tarixi, kompozitsiya, garmoniya va boshqa xilma-xil sohalarni o’rganamiz. Domlalarni o’zimiz tanlaymiz. Qo’shimcha dasrlarga ham qatnaymiz. O’tgan yili men dirijerlik qilish imkoniyatiga ega bo’ldim”.

Julliardda nomi yetti iqlimga tanilgan domlalar dars beradi.

Jeyms Livayn (James Levine, Metropolitan Opera teatri rahbari), Valeriy Gergiyev (Rossiyaning Mariinka teatri dirijeri), Pierre Boulez (Pyer Bulez, kompozitor) va marhum Mstislav Rostropovich kabi mohir ustalar bu yerga kelib, tajribasi bilan o’rtoqlashgan.

Shuning uchun bo’lsa kerak, talabalar o’qish qimmat bo’lishiga qaramay (30.000 dollar, yegulik, turar joy xarajatini hisobga olmaganda) mana shu ta’lim maskaniga oshiqadi.

Talabalar o’qish paytidayoq professional faoliyatini boshlab yuboradi.

“Men yaqinda Floridadan qaytdim. U yerda Ki Vest simfonik orkestrida (Key West Symphony Orchestra) alt chalaman. Bu orkestr AQShning eng sara sozandalaridan tarkib topgan. Bundan tashqari rossiyalik ajoyib skripkachi Nina Belina bilan hamkorlik qilaman. Uning Bachanalia orkestrida kuy ijro etganman”, - deydi Zakariya Yenikeyev.

AQShda ta’lim olish imkoniyatlari haqida savollarni quyidagi manzilga yo’llang: uzbek@voanews.com Har dushanba dasturlarimizda ularga javob berishga harakat qilamiz.

XS
SM
MD
LG