Breaking News

Amerika tasviriy san’atiga bir nazar


Amerikalik rassom, muallim
Amerikalik rassom, muallim

Amerikalik rassom, Atlantika okeani bo’yida katta bo’lgan Danniella Mik (Dannielle Mick) suvdan ilhom oladi.

Uning asarlarida maftunkor tabiat xushbo’yini, yomg’ir tomchilarini sezasiz, to’lqin va shamolning shovullashini eshitasiz.

Talantli musavvir ijodi namunasi Amerikaning Toshkentdagi elchixonasida ham bo'ladi endi.

Ijodi katta galereyalardan o’rin olgan Danniella Mik AQShning O’zbekistondagi elchisi Jorj Krol tomonidan tanlangan. Ikkisi ham Nyu-Jersi shtatidan.

“Danniella qog’ozga tushirgan tasvirlar, okean manzarasi O’zbekiston ahli uchun Amerika san’ati bilan bog’lanish imkonini yaratadi”,- deydi diplomat.

Amerika tasviriy san’atiga bir nazar
Amerika tasviriy san’atiga bir nazar

Danniella Mik o’tmishda raqobat kuchli moda sohasida dizayner bo’lib ishlagan. Keyinroq bu sanoatni tark etib, rasm chizishdan dars ola boshlagan.

“San’atga bo’lgan chanqog’imni qondirishim kerak edi. Odam anatomiyasini o’rganib, chizishga o’tdim. Oradan ikki yil o’tib akvarel, besh yildan keyin akril kraskasi, keyin esa pastel kraskasi bilan ishladim. Bugunga kelib hammasida uquvim bor, lekin asosan, akril va pasteldan foydalanaman”, - deydi musavvir.

AQSh matbuotining yoritishicha, rassom Toshkentga Atlantika okeani sohillari, xususan mashhur Jersi sohillaridan bir shingil uzatayotganday.

Elchixona ahli va ko’rgazmani ko’rishga boradigan mehmonlarni kutayotgan taassurot haqida Danniella Mik shunday deydi:

“Suv bo’yida yashayman, okeanni yaxshi ko’raman. Manzara har kuni, har mavsum boshqa. Dengizni chizish-ku mutlaqo boshqacha huzur bag’ishlaydi. Har yili plyajga bir necha bor borib, qanchadir payt qolish odatim. Elchixona uchun tanlangan asar juda xayoliy, yengil; moviy osmon dengizga, dengiz esa sohilga o’tganini arang sezasiz. Sokinlik, osoyishtalikni o’zida aks ettiradi”, - deydi Danniella Mik.

Tasviriy san’at mohiyati haqida to’xtalar ekan, u haqiqiy rassom ijod qilishdan to’xtashi mumkin emas, buning iloji yo’q, deydi. “Shu qadar kuchli xohishki, boshqa bir kasb bilan shug’ullanishni xayolga keltirish qiyin. Iste’dod bilan siylangan odam uni isrof qilishi mumkin emas”, - deydi usta.

Musavvirlik va muallimlik bilan mashg’ul Danniella oilasi, do’st va hamkasblaridan quvvat oladi. “Hammasining uyida asarim bor. Yordamidan minnatdorman”, -deydi ijodkor.

Amerika tasviriy san’atiga bir nazar
Amerika tasviriy san’atiga bir nazar

Mo’yqalam ustasi uchun uning millati, dini qanchalik muhim, degan savolga u "yo'q" deya javob beradi. "Albatta, ijod rassomning kim ekani, kayfiyat va qarashlarini aks ettiradi", - deydi u.

“Bir xil fikrlaydigan odamning o’zi yo’q. Dunyoga hamma boshqa ko’z bilan qaraydi. Rasm chizish menga quvonch bag’ishlaydi. Odamning hayotida quvonch bo’lishi kerak-ku, axir. Ishim bir necha galereyadan o’rin olgan, lekin muhimi bu emas. Ijod qilishda davom etish, bundan rohatlanish muhim”, - deya javob qiladi.

Bu sohani o’rganayotgan yoshlarga ham Danniella Mik xuddi shuni maslahat beradi. “Besh daqiqa bo’lsa ham chizing, keyin odatga aylanadi. Hamma ustaning yaxshi-yomon kunlari bo’ladi. O’ziga biroz ishongan, taslim bo’lmaganlar g’olib chiqadi”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG