Breaking News

O'zbekistonda o'quvchilar paxta terimiga jalb qilinmasligi mumkin


Bu yilgi paxta terimida O`zbekiston hukumati o`quvchilar mehnatidan foydalanmaslikka qaror qilganga o`xshaydi.

Ayrim viloyat, tumanlarda o`quvchilarning paxtaga chiqmasligi haqida ko`rsatma bor, o`qituvchilar ota-onalar bilan tushuntirish ishlari o`tkazmoqda.

Fermerlar esa bolalar terimga chiqmaydi, degan gaplarda ishonchsizlik bilan qaraydi.

Bolalarning yordamisiz paxta hosili dalada qolib ketishi mumkin, deydi ular.

O`zbekiston bolalar mehnatidan majburiy ravishda foydalanib kelayotgan davlatlardan biri sifatida tanilgan.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, so`nggi paytda xalqaro maydonda o`zbek paxtasiga nisbatan norozilik kuchaygach, hukumat o’quvchilar mehnatidan voz kechishga majbur bo’lgan.

Xo’sh, fermerga ham, xalqaro hamjamiyatga ham, O’zbekiston xalqi va rahbariyatiga ham ma’qul yechim bormi?

Mamlakatda paxta terimi mavsumi hali ommaviy ravishda boshlanmagan, biroq terimning an’anaviy ishtirokchilari - maktab o`quvchilarini dalaga chiqarish uchun tayyorgarlik ishlari kuzatilmaydi.

“Yangi o’quv yili boshlangandan keyin yuqori tashkilotlar, hokimiyatdan bu yil o`quvchilarni paxta terimiga olib chiqmaslik haqida buyruq kelgan. Hozir sinf rahbarlari maktab o`quvchilaridan, ota-onalaridan tushuntirish xatlari yozib olishgan, paxtaga jalb qilmaslik uchun. Lekin bizda iqtisodiy ahvol tangligi uchun o`quvchilar ixtiyoriy ravishda paxtaga chiqishi mumkin”, -deydi Jizzaxdagi umumta`lim maktabi o`qituvchisi Ziyoviddin Razzoqov.

Xuddi shunday tushuntirish ishlari boshqa viloyatlarda ham kuzatilgan, hokimyat bu yil terimga maktab o`quvchilari chiqmasligi haqida fermerlarni ogohlantirmoda.

“Viloyatlarda majlislar bo`lgan, majlisda qatnashgan fermerlar bilan gaplashdim. Ular hokimiyat shunday buyruq borligini aytishayapti. Mirziyoyevning [O’zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev] o`zi majlis o`tkazib, o`quvchilarning paxtaga chiqmasligini aytgan emish. Lekin bu qanchalik haqiqat ekanini vaqt ko`rsatadi, terim endi boshlanayapti”, - deydi mahalliy faollardan biri.

Shunisi diqqatga loyiqki, ayrim tumanlarda maktab o`quvchilari o’rniga maktab o`qituvchilarini paxtaga jalb etish rejalangan.

“O`qituvchilarsiz o`quvchilarni maktabda olib qolishdan qanday naf bor? Hozircha olib ketgani yo`q, lekin shunday gap bor. Ketgandan keyin fizikadan mehnat o`qituvchisi dars berishni boshlaydi”, - deydi qashqadaryolik faollardan biri.

Hukumatning terimda maktab o`quvchilari mehnatidan foydalanmaslik qarori xalqaro maydonda o`zbek paxtasiga nisbatan kuchaygan norozilik bilan izohlanmoqda.

G`arbda bolalar mehnatidan foydalanib yetishtirilgan o`zbek paxtasi boykot qilina boshlangan edi.

Avvaliga Yevropadagi qator yirik savdo tarmoqlari o`zbek paxtasi ishlatilgan mahsulotni sotmaslik va sotib olmaslik haqida bayonot berdi. Bu bayonotga Xalqaro Mehnat Tashkiloti ham jalb qilindi.

Keyinchalik AQShdagi yirik savdo uyushmalari paxta terimida bolalar mehnatiga chek qo`yish talabi bilan O`zbekiston prezidentiga murojaat qildi. O`zbek paxtasini boykot qilish kampaniyasiga dunyodagi yirik savdo uyushmalari qo`shila boshladi.

Bu kampaniya nafaqat o`zbek paxtasi ishlatilgan mahsulotlarni, balki dunyo bozorida paxta xomshayosini sotishda murakkablik tug`dirishi ta`kidlanadi.

O`zbekistonda odamlar bundan mutloqo bexabar deb bo`lmaydi.

“Biz O`zbekiston paxtasi aynan maktab o`quvchilari mehnati uchun ham jahon bozorida boykotga uchragani haqida eshitgan edik. Bugon bolalar mehnatiga chek qo’yishda shuning ta`siri bor”, - deydi Razzoqov.

O`zbekiston paxta xomashyosi yetkazish bo`yicha dunyoda ikkinchi o’rinda, paxta davlat monopoliyasidagi asosiy ekin hisoblanadi.

Paxtani o`quvchilar, talabalar, davlat xizmatchilari yig`ishtiradi.

Mavsum paytida maktablarda o`qish to`xtaydi, jismonan o`ta og`ir mehnat bo`lgan paxta terimiga chiqqan bolalar planni bajarishi kerak. Ba`zan o`quvchilar qor tushganga qadar daladan maktabga qaytarilmaydi.

Maktab o`quvchilarining paxta terimiga chiqarilmasligi haqidagi xabar fermerlar tomonidan xursandchilik bilan kutib olinmoqda deyish qiyin.

Ulardan biriga ko`ra, paxta teradigan ishchi kuchining o`zi bo`lmagan bir paytda hokimyatning bunday qarorga kelishi bu yilgi termni shubha ostiga qo`yadi:

“Hozir ko`pchilik Rossiyadan yuborilgan pul bilan tirikchilik qilayapti. Keyin odamlarda darmon ham yo’q paxtani terishga, uchinchidan, agar fermer terimga 50 so’mdan bersa ham 100 kilo paxta 5 ming so`m bo`ladi, bu pulga bir kilo go`sht ham bermaydi. Eng nochorlar chiqib bu pulga paxta terishi mumkin, lekin bu summani keskin ko`paytirmasa, terishning iloji bo`lmaydi”.

Bu fermerga ko`ra, hukumat chetdan ko`rsatilgan bosim tufayli yoki o`zi insofga kelib shunday qaror qabul qilgan bo`lishi mumkin, lekin baribir ertaga hukumat oquvchilarni olib chiqishga buyruq beradi.

“Chunki paxtani teradigan hech kim qolmaydi”, - deydi u.

Mahalliy faollar esa qishloqlardagi qashshoqlik baribir o`quvchilarni paxta terimiga olib chiqishi muqarar deydi.

“Ko’pchilik qashshoq, qish kelayapti, kiyim-bosh olish kerak, maktab xarajatlari bor. Iqtisodiy vaziyatning o`zi o`quvchilarni terimga chiqishga majbur qilishi mumkin. Ehtimol, o`quvchilarni darsdan olib qolmaslik uchun qishloqlarda ishsiz o`tirgan odamlarni jalb qilish kerakdir”, - deydi ulardan biri.

Ayrim mulohazlarga ko`ra, maktab o’quvchilari o`rniga bu yilgi terimda kollej va oliy o`quv yurtlari talabalari keng miqyosda jalb qilinishi mumkin. Hozirda qator oliy o`quv yurtlari va kollejlar paxta terimiga tayyorlanish haqida ogohlantirilgan.

Maktab o`quvchilarini terimga jalb etmaslik uchun paxta terimi uchun belgilangan haqni oshirish, shuningdek, qishloq xo`jaligini yangi texnika, jumladan, paxta terish mashinalari bilan ta`minlash kerak, deydi ayrimlar.

Ma`lumotlarga ko`ra, hozir dehqon bir kilo paxta yetishtirish uchun 500 so`mga yaqin pul sarflamoqda. O`tgan yili davlat paxtani 300 so`mdan sotib olgan.

“Bir kilo paxtani yetishtirish 400 so`mga boradi, soliq bilan hisoblansa 580 so`m. Davlat o`tgan yili qilingan shartnomaga ko`ra, 380 so`mdan narx belgilagan. Bu yil qanchadan olishi hozirgacha noma`lum, fermerga nima qoladi? ”, - deydi paxtakorlardan biri.

O`zbekiston sobiq ittifoq davrida qishloq xo`jaligi sanoati bo`yicha yetakchi o`rinda turgan. Qishloq xo`jaligi mashinalariga ixtisoslashgan yirik zavodlar ishlagan, hozirga kelib bu sohadagi sanoat inqirozga uchragan.

“Dabdabali gaplar ketayapti, yangi texnologiyalar olib kelayapmiz, degan. Chet eldan 20-30 mashina olib keldi degani yangi texnologiya degani emas. Avval 90 foiz hosil mashinada terilgan. Hozirchi? Agar biz paxtachilik kelajagini o`ylasak, texnologiyani rivojlantirishimiz kerak. Bir paytlar O`zbekistondan paxta terish mashinalari boshqa respublikalarga olib ketilardi. Zavodlar hammasi inqirozga uchradi. “Toshselmash” zavodini ko`rdim, ahvoli o`ta achinarli. Bugungi holatda o`quvchilarsiz paxtani terish mushkul”, - degan fikrda fermerlar.

Malumotlarga ko`ra, hozircha maktab o`quvchilari bu yil terimga olib chiqilmaydi deb to`liq aytish mumkin emas. Paxta terimiga o`quvchilardan tashqari jalb etiladigan boshqa arzon ishchi kuchining yo`qligi vaziyatni yana asil holiga qaytarishi mumkin.

XS
SM
MD
LG