Breaking News

Nyu-York: Muhojir ayollar huquqi himoya qilinadi


Nyu-York - muhojirlar shahri
Nyu-York - muhojirlar shahri

Bugun sakkiz milliondan ortiq aholiga ega Nyu-York, vujudga kelibdiki, Amerika darvozasi bo’lib kelgan. U yerda hammaning nasibasi bor, intilganga omad yor deyishadi.

Turli davrlarda u yerga turli davlat va mintaqalardan katta sonda immigrantlar oqimi kuzatilgan.

XIX asr oxiri - XX asr boshida millionlab italyan va greklar qo’nim topgan bo’lsa, Ikkinchi Jahon Urushi va undan keyin Sharqiy Yevropadan ko’plab odamlar kelgan. Keyinroq hind va xitoyliklar ko’paydi.

Lekin oxirgi 20-30 yil ichida ayniqsa Afrikadan ko’p muhojir kelmoqda. Ular ham boshqalar kabi murakkab masalalar bilan yuzlashadi.

Mehmonxonalarni tozalaydigan migrant ayollar
Mehmonxonalarni tozalaydigan migrant ayollar

Nyu-Yorkning Bronks tumanida shunday mahallalar borki, kichik Afrika deysiz. Mehnatkash, dindor odamlar.

Bu muhojirlar o’zga jamiyatda ildiz otish oson emasligini yaxshi tushunadi. Bu yerga ish, xotirjam hayot izlab kelgan.

Xotin-qizlarning aksariyati enaga yoki xizmatkor bo’lib ishlaydi. Mehmonxonalarni tozalaydi yoki kimningdir eshigida nima qil desa shuni bajaradi.

“Ichingdan o’tgani faqat o’zingga ma’lum”,- deydi Fatu ismli ayol.

Uning aytishicha, u ishlaydigan xonadon egasi uni zo’rlashga harakat qilgan. Bunday hollarga birinchi bor duch kelishi emas. Jahon Valyuta Jamg’armasi rahbari Dominik Stros-Kan unga o’xshagan bir ayolga tajovuzda ayblanib, sudlanar ekan, bunday muhohirlarga e’tibor oshgan.

Dorchen Leydold immigrant ayollarga yordam ko’rsatuvchi tashkilot direktori. Nochor xotin-qizlarga o’ljadek qarashadi, deydi u.

“Muhojir bo’lsangiz, ayniqsa yosh bo’lsangiz, qayerda ishlamang jinsiy bosim o’tkazishlari mumkin. Himoya qilayotgan odamlarimizning 80 foizi yosh xizmatkor ayollar. Lotin Amerikasi, Afrika, Osiyo davlatlaridan. Ular xizmatda nimalarni boshdan kechirayotganini aytib bersa, dahshatga tushasiz”.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasini boshqargan Dominik Stros-Kan afrikalik farrosh ayolga jinsiy tajovuzda ayblanmoqda
Xalqaro Valyuta Jamg'armasini boshqargan Dominik Stros-Kan afrikalik farrosh ayolga jinsiy tajovuzda ayblanmoqda

Aksariyat hollarda bosim ish beruvchi, uy yoki biznes egasidan keladi. Qonun buni man etadi, xizmatchini ezish- jinoyat. Xoh uy, xoh katta korxona bo’lsin.

“Bilasizmi, bu muhojir ayollarni ishga olayotgan odamlar o’zlarini har jihatdan sizga xo’jayindek tutadi. Xuddi ularni hech kim nazorat qilmaydi, qonun va qoida yo’qdek",- deydi huquq himoyachisi Ay Jen Pu.

"Mehnat me’yorlari, ahloq va tartib degan narsalar bor axir. Lekin xizmatkorlarga go’yoki huquqsiz bir odamdek qarashadi. Shuning uchun muhojir o’z huquqlarini bilishi kerak.”

Nyu-Yorkdagi Jon Jey Kollejida o’qiyotgan afrikalik Mari Turening aytishicha, unga hatto o’qituvchilari, domlalar tegishib, turli talablar qo’yishga uringan.

“Qo’rqinchli-a? Men shuning uchun ham a’lo baholarga o’qishga harakat qildim. O’sha professorga ishim tushmasin dedim. O’qituvchiga najot ko’zi bilan qaraysiz. Bu domlam esa men uchun shafqatsiz mahluq edi. Sizni har tomonlama qo’rqinchga soladi. Nima qilishni bilmay qolasiz,- deydi talaba.

Miriama Diallo ham afrikalik. Tajribali advokat. Muhojir ayollar bosim ostida shu qadar eziladiki, hammasi ruhiy madadga ham muhtoj, deydi u.

“Bu ayollarni bir joyga yig’ib, dardlashing deymiz. Buning foydasi katta. Ular yolg’iz emasligini, ularni tinglaydigan, tushunadigan odamlar borligini ko’radi. Bir-birining tajribasidan o’rganadi. Yig’laydi, kuladi, eshitadi, so’zlaydi. Bu muhim”.

Nyu-York shahar hokimiyati muammoga jiddiy qaraydi, deydi muhojirlar masalalari uchun mas’ul Fotima Shama. Immigrant xotin-qizlarga yordam ko’rsatish uchun byudjetdan alohida mablag’ ajratilgan.

“Biz muammo zaminini tushunamiz. Ayollar har jihatdan ko’magimizga muhtoj. Ularga bosim ko’rsatish jinoyat ekanini targ’ib qilib, har yerda gapiramiz. Ularni himoya qiluvchi agentliklar va mutaxassislar bor. Bu muhojirlarning huquqlari bor va ularni buzgan odam javobgarlikka tortilishi kerak”,- deydi Fotima Shama.

Muhojirlar qonunga ishonishi, boshiga og’ir kun tushsa, yordam so’rashi kerak, deydi rasmiylar. Amerikada adolat bor, qo’rqinchda yashashga hojat yo’q, deydi advokatlar. Sizga yordam beradigan nohukumat tashkilotlar, huquq markazlari mavjud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG