Breaking News

Ruslar Rossiyaga qaytishi mumkin, biroq xohlovchilar ko'p emas


Rossiya hukumati boshqa davlatlardagi ruslarni ko’chirish tashabbusi bilan chiqib, Markaziy Osiyodan 100 mingga yaqin fuqarolarni qabul qilishga tayyor.

“O`zbekiston-Rossiya” do`stlik jamiyati rahbari Marat Hamidov so’zlariga ko`ra, Rossiya hukumati “Vatandoshlarni ko`chirish” dasturi bo`yicha aholini ish va uy-joy bilan ta`minlash majburiyatini bajarmoqda.

“Yaqinda Sankt- Peterburgda o`tgan vatandoshlar kongressida dastur bo`yicha belgilangan majburiyatlar ijrosi muhokama qilindi”,- deydi Hamidov.

Malumotlarga ko`ra, O`zbekistondan Rossiyaga ko`chish 1990-yillar o`rtalariga qadar avjiga chiqqan, hozir ko`chmoqchi bo’lganlar ko`p ema. Rossiyaga ketayotganlar asosan vaqtinchalik ish topish ilinjida.

Jurnalist Andrey Kudryashovning aytishicha, Rossiya hukumatining “Vatandoshlarni ko`chirish” dasturi O`zbekistonda dolzarbligini yo`qotgan. Xohlovchilar allaqachon ko`chib ketgan, qolganlar shu yerdan siljimoqchi emas.

“Men, masalan, shundaylar toifasiga kiraman. Rossiya hukumati qanchalik imtiyozlar yaratmasin, bu dasturga ko`ra ketish xayolimda ham yo`q. Hozir aynan shunday toifadagi kishilar qolgan. Bular O`zbekistonsiz o`z hayotini tasavvur qila olmaydi”, - deydi jurnalist.

Rossiya fuqaroligini qabul qilish imkoniyatini beruvchi bu dasturga munosbat turlicha. Ayrimlar nazarida Rossiyaning chekka posyolkalarida yashash sharoiti O`zbekistondagidan ancha yomon.

O`zbekistonning rus aholisi, asosan, markaz shaharlarda yashaydi. So`nggi paytda O`zbekistonda rus tilini biluvchi kadrlarga ehtiyoj kuchyagani esa rus tilini mukammal bilganlarga qo`shimcha imkoniyat yaratgan.

“O`zbekiston-Rossiya” do`stlik jamiyati raisi Marat Hamidovning aytishicha, dasturdan xafsalasi pir bo`lgan vatandoshlar ham yo`q emas.

“Albatta, bundaylar bor, bundan keyin ham bo`ladi. Vatandoshlarga Rossiyada egasiz qolgan uylar yoki mahalliy aholi ko`chib ketayotgan kolxozlar-sovxozlardan joy berilishi mumkin. Qayerda ishchi kuchiga ehtyoj bo`lsa, o`sha yerdan. Rossiya hukumati ularni Moskva yoki Moskva atrofiga joylashtirmoqchi emas. U yerda shundoq ham migrantlar muammosi yetarli”, - deydi u.

Ma`lumotlarga ko`ra, Rossiya hukumatining “Vatandoshlarni ko’chirish” dasturi, asosan, malakali ishchi kuchi tanlashga qaratilgan. Mazkur dastur ishtirokchilarning yoshi va kasbiga alohida e’tibor qaratadi. Tarixiy vataniga ketish istagidagi, biroq nafaqa yoshiga yetgan fuqarolarni bu daturdan yordam kutishi befoyda.

XS
SM
MD
LG