Breaking News

Tojikistonda darsliklar yetishmaydi, bori esa talabga javob bermaydi


Ayrimning fikricha, Tojikistonda o’rta maktab o’quvchilarini darslik bilan ta’minlash borasida ko’p hollarda mas'uliyatsizlikka yo’l qo’yilgan.

Tojikistonning Gonchi nohiyasi o’rta maktab direktori Husaynxon Qayumovning aytishicha, bugun o’zbek o’quvchilari uchun chop etilgan darsliklar talabga umuman javob bermaydi.

“Men matematik emasman, ammo shu fan o’qituvchilarining aytishicha, Minyozov muallifligidagi “Algebra” darsligida misollar o’quvchi yoshiga mos emas, mashshaqqatli, yuqori sinflarga mo’ljallangan. Adabiyot kitobida sayoz narsalar chop etilgan,” - deydi Husaynxon Qayumov.

O’zbek shoiri Ahli Rasul Muhammad fikriga ko’ra, darsliklarga yetuk ijodkorlarning asarlari kiritilishi kerak. O’zbek maktablari uchun adabiyot darsliklariga Tojikistonda yashagani uchungina o’rtamiyona ijodkorlarning asarlari kiritilgani noto’g’ri deydi u.

“O’zbekistonda yashaydimi, Amerikadami, Afg’onistondami -- farqi yo’q, o’zbek adabiyotining eng yuksak namunalari kiritilishi kerak. Sharoitdan foydalanib, Tojikistonda yashayotgan havaskor shoircha-yu, havaskor yozuvchilarni o’quvchilarga taqdim qilish insofdan emas. O’zimizda bo’lmasa, O’zbekistondagi arzigulik ijodkorlarni darsliklarga kiritish kerak edi. Bunga O’zbekistondagilar “qo’yinglar, buni kiritmanglar” demasdi,” - deydi Ahli Rasul Muhammad.

Darsliklar uchun ma’sullardan biri – No’monjon Fahriddinov bu kabi mulohazalarni qabul qilar ekan, majburlikda shunday qilinmoqda deydi.

“Biz shunday qilishga majbur bo’lib qoldik. Dars vaqtlari bo’shab qoldi, bo’shliq to’ldirilishi kerak edi. O’zbekistondan esa, ular lotin grafikasiga o’tgani uchun darslik ololmasdik,” - deydi No’monjon Fahriddinov.

Konibodom nohiyasidagi 13-o’rta maktab o’zbek tili va adabiyoti fani o’qituvchisi Hanifa Nozirova chiqarilgan darsliklar miqdori ham yetarli emas, baribir O’zbekistondagi darsliklardan foydalanishga majbur bo’layapmiz deydi.

“Darsliklar soni yetarli emas, talabni qondira olmaydi. Darsliklar yetishmagandan so’ng bizlar ham talabni qat’uy qo’ya olmaymiz. O’quvchidan yangi, mustaqil fikr kuta olmaymiz. Darslikni chayqov bozoridan sotib olishga to’g’ri keladi,” - deydi Hanifa Nozirova.

O’zbek maktablarida dars beruvchi ko’plab o’qituvchilarning aytishicha, professor Abdusalom Abduqodirovning chet el granti hisobiga yaratgan “Adabiyot” darsligi ham, boshqa darsliklar ham bugungi kun talabiga javob bermaydi.

Tojikistondagi o’rta maxsus bilim yurti o’qituvchisi Jamolxon Saidovning aytishicha, respublikada o’zbek tilida mukammal darslik yaratadigan olim, tanqidchilar yetishmaydi.

“Odam yo’q, olim yo’q. Bo’lganda, 16 yil bo’lyapti, chiqarardi. Xo’jand Davlat Universiteti professori Abduqodirov g’ayrat qilib 7-10-sinflar uchun “Adabiyot” darsligini tayyorladi. Shy ham talabga yarasha emas. Bu darsliklarda yetuk shoirlar bilan birga yomg’irdan so’ng qo’ziqorindek bodrab chiqqan “shoir”larning she’rlari ham bor. Bunga e’tibor qaratish kerak, olimlarimiz bosh qotirishi kerak. Maorif vazirligi o’ylashi kerak. O’zbek maktablari uchun mukammal darsliklar tayorlash uchun maorif vazirligi qayg’urgan ham emas,”- deydi Jamolxon Saidov.

XS
SM
MD
LG