Tojikistonda o’zbek tilida nashr qilingan “Tong” mustaqil gazetasi muharrirlari ustidan sud jarayoni tugagan. AQSh granti asosida bosilgan gazeta xodimlari jamg’arma mulkini o’zlashtirganlikda ayblanayotgan edi. Sud ularni qisman begunoh va qisman gunohkor deb topgan.
“Tong” xususiy ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy gazeta bo’lib, uning bosh muharriri, shoir Po’lat Umarov va gazeta hisobchisi Surayyo Umarova Tojikiston respublikasi jinoiy kodeksining 257- moddasi, ikkinchi qism, “a”, “b” va “v” bandlari, ya’ni, chet el ko’mak jamg’armasi mulkini bir guruh shaxslar bilan oldindan kelishilgan holda, takroriy holatda, ko’p miqdorda o’zlashtirish va 340- moddaning ikkinchi qismi “b” bandi, ya’ni, bir guruh shaxslar bilan oldindan kelishilgan holda hujjatlarni soxtalashtirish, tayyorlash yoki ulardan foydalanishda gumon qilinayotgan edi.
Ularning guruhidagi tadbirkor Dadajon Qosimov esa hujjatlarni soxtalashtirishda ayblanib, bu borada jinoiy ish shu yilning aprel oyi oxirlarida sudga oshirilgan edi. Aybdor deb topilganida ular 2 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishlari mumkin edi.
Xo’jand shahar sudyasi Ismoiljon Rahmatov raisligida o’tgan mahkama jarayoni hozir yakunlandi va sud xulosasiga ko’ra, P. Umarov va S. Umarova AQShning Demokratiyani Quvvatlash Jamg’armasi (NED) bergan moddiy yordamdan o’z shaxsiy maqsadlari yo’lida foydalanmagan.
Lekin 340-moddada ko’rsatilgan jinoyatlar tarkibi mavjudligi uchun Umarov va Umarovalar 2 yil 6 oyga, D. Qosimov esa 2 yilga shartli jazoga mahrum etilmoqda.
“Hukm shartli bo’lib, 2 yillik sinov muhlati belgilandi”, - deydi sud raisi I.Rahmatov.
Jinoiy ish “Tong” gazetasi muassisi Maqsud Xudoyberdiev arizasiga ko’ra qo’zg’atilgan edi.
Hukm olgan D.Qosimov o’tgan mahkama jarayonini adolatli hisobladi va sudyalarga minnatdorchilik bildirdi.
“Hatto sudyaning o’zlari ham, prokuror ham bu ishda katta jinoyat alomatlari yoqligiga iqror bo’ldilar. Shuning uchun biz ozodlikda qoldik, buning uchun sudyaga rahmat deyman”, - deb xursand bo’ldi Qosimov.
“Tong” gazetasi Bosh muharriri Po’latov esa mahkama jarayoni oxirigacga o’zini to’la oqlashlarini talab qildi va o’zini umuman aybsiz hisobladi.
Oldinroq fikri bir joyda emasligini aytgan Umarov hukmdan so’ng ham o’zini nohaq jazolangan hisoblab, sharh berishdan bosh tortdi.
“Tong” gazetasida ishlagan va Xo’jand davlat universiteti o’qituvchisi Munavvara Oymatova fikricha endilikda faoliyati to’xtab qolgan bun ash Tojikistonda o’zbek demokratik matbuoti minbari bo’lgan.
“AQShning NED jamgarmasi moliyalashtirgan gazeta tufayli biz Tojikistonda demokratiya borligini shu matbuot sahifasida chiqib ko’rdik. Mumkin ekan. Lekin bu gazetaning yo’qqa chiqishi qo’shni ovqat uzatdiyu, shu ovqatga tupurganimizni ko’rsatdi. Shunday gazeta yo’lini kesishdi. Ayrim shaxslar aybi bilan bizni o’qishdan, yozishdan, haq so’zni aytishdan mahrum qilishdi, bu yaxshi emas. Gazeta AQShning NED jamg’armasi puli va obuna hamda sotuvdan kelgan mablag’ bilan xarajotlarni qoplab faoliyatini davom ettirishi mumkin edi. Lekin shu ish bo’lmadi. Chunki, kimningdir hulqu, kimningdir nafsi gazetani barbod qildi”, - deya kuyunadi Oymatova.
Mahkama jarayonida hamkasblarini qo’llash uchun ishtirok etgan ko’pgina jurnalistlar hukming yengilligidan xursandligini yashirishmadi.
Ulardan biri, “Sogdiyskaya pravda” gazetasi muxbiri Madina Pochchoyeva hukmga izoh berishni istamasligini aytar ekan, Polatovni qattiq jazodan asrab qolingani bilan ochiq tabrikladi.
Mahkama jarayonini dastlabki kunlardan tahlil qilayotgan kuzatuvchilardan biri nainki ismi balki ovozi ham bildirilmaslik sharti bilan hukmning juda yengil ko’chganligidan bosh muharrir juda minnatdor qolishi kerakligini bildirdi.