Jahon bo’ylab korrupsiyani o’rganuvchi xalqaro tashkilot 150 mamlakatda tadqiqot o’tkazgan. Xulosaga ko’ra, Tojikiston korrupsiya chuqur ildiz otgan davlatlar ro’yxatida. Mahalliy tahlilchilar nazarida Tojikiston davlat idoralarining 80 foizida pul bermasdan ish qilib bo’lmaydi.
Mamlakat prezidenti Emomali Rahmon yuoqri minbarlardan turib,
jamiyatdagi bu illatni yo’qotish haqida qayg’urib gapiradi. U o’z
chiqishlaridan birida hukumat rahbarlari ham qonunga xilof ravishda
tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgani va korrupsiyaga botganini ta’kidlagan.
Tojikistonlik jurnalsit Karimjon Zokirov ham respublikada korrupsiya rivoj
topganligini e’tirof etadi. Uning fikriga ko’ra, Tojikistonda korrupsiya
riviojlanib bormoqda va davr dardi hisoblanadi.
“Martabada bo’lgan har bir kishi, kimlargadir rahbarlik qilayotgan har
kishi timsolida biz korrupsiyani ko’ramiz. Bu kasallik maorif, tibbiyot
sohasiga ham kirib kelgan. Mamlakat prezidenti tashkil etgan korrupsiyaga
qarshi kurash agentligi yaxshi ishlay olmayapti,”- deydi Karimjon
Zokirov.
Tojik tahlilchisi Abduqodir Jeloniyning aytishicha, Sherxon Salimov boshilik
qilayotgan Tojikiston moliyaviy nazorat va korrupsiyaga qarshi kurash davlat
agentligi tashkil etilganidan so’ng bu illat mamlakatda, aksincha, yanada
zo’raygan.
“Biron bir idorayu tashkilot yoqki, odam o’z ishini pora bermasdan hal qilsa.
Amerika “ko’kchasi”, ya’ni dollar uzatmasdan turib bu yerda hech ish qilib
bo’lmaydi,” - deydi tojik tahlilchisi.
Tojikistonlik o’zbek shoiri Barbod nazarida esa yer yuzida hayot
borki, korrupsiya bo’ladi.
“SSSR paytida, diktat paytida ham politbyuro orasida
korrupsionerlar bo’lgan. Bu narsa davom etaverad, buniu yo’qotib bo’lmaydi,” –
deydi shoir Barbod.
Tojik yozuvchisi Ravshan Zamir “Panjshanbe” bozorida o’zi guvoh bo’lgan kichik
voqeani tasvirlaydi:
“Men “Panjshanbe” bozorida bir bolani milisya xodimi
ushlab ketayotganda uning “Hoy, mani qo’yvor, haqingni oldingku!” deganini
ko’rdim. Bozochi yosh boladan pul olganidan keyin qolganini qo’yavering,”
- deydi yozuvchi Ravshan Zamir.
Respublika Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga qaraganda, keyingi uch yil orasida
mamlakat kuch tizimlarida ishlovchi o’nlab xodimlar poraxo’rlikda ayblanib
jazoga tortilgan.