Breaking News

Tojikiston xalqi 2009 yilga ulkan umidlar bog'lagan


2008 yil Tojikiston xalqi uchun qahraton qish va serhosil yerlarda unumdorlikning pasayishi bilan esda qoladigan bo’ldi. Mamlakatning asosiy boyliklaridan biri – paxtadan ko’zlangan hosil olinmadi.

Kuzatuvchilarga ko’ra respublika sanoati rivojlanmadi, global inqiroz tufayli aholi yanada qashshoqlashdi.

Lekin hayotdan minnatdor fuqarolar ham yo’q emas. Qolaversa, xalq 2009 yilga ulkan umidlar bog’lagan.

2008 yilda tojikistonliklat qattiq sinovga duch keldilar. Elektr va gaz ta’minotidagi yetishmovchiliklar tufayli 2008 yil qishi og’ir o’tdi. Ayrim tahlilchilar fikriga ko’ra, qattiq sovuq tufayli iqtisodiyot ko’rgan talofat bir necha yilga cho’zilishi mumkin.

Qish oxiri va bahor oylarida respublika janubida o’tgan olishuv tojikistonliklarning yodida qoldi.

Ayrim tahlilchilar nazarida 2008 yil mamlakat hayotida diniy kayfiyat, islom kuchaygan. Masjidlarga qatnovchi yoshlar, hijob o’raganlar ko’paydi. Salafiylar oqimi zo’rayib, bu hukumatni tashvishga sola boshladi.

Joylarda esa ziyolilar o’tayotgan yilning ko’proq yaxshi tomonlarini ko’radi. Ular ozmi-ko’pmi berilayotgan ish haqi, u ham bo’lmasa, mol-hol uchun berilgan ko’mak in’om sifatida ko’riladi.

“2008 yilda maoshlarimizni har oyda berishdi. Dehqon xo’jaliklarida ishlayotganlarga pul bolmasa, o’rniga bug’doy, moy, kunjara kabi qishloq xo’jalik mahsulotlari bilan taqdirlashmoqda”, - deydi tojik o’qituvchisi.

Aholida xotirasida muhrlangan voqealarni eslar ekan, shifokor Xurshida Qurbonova 2008 yil oxiriga kelib, elektr energiyasi kuniga 6 soatdan berilayotganidan xursandligini yashirmaydi.

Uning aytishicha, Sangto’da-1 GESining ishga tushirilishidan xalq juda xursand. Yosh san’atkor Taxmina Niyozovaning “Intervideniye-2008” musiqa konkursida birinchilikni olgani, Pekin Olimpiadasida tojik sportchilarining sovrindorligi xalq xotirasida qolgan ijobiy voqealardir.

“Yollarimiz juda yomon edi. Xitoyliklar uni sozlab berishdi. Bu yaxshi bo’ldi. Ammo shu yo’ldagi kamchiliklar sabab yaqinda sodir bo’lgan avtohalokat tufayli 5 kishi qurbon bo’ldi, bu bizga juda qattiq ta’sir qildi. Xitoylik yo’lsozlar xavfsizlik tomonlariga jiddiy qarashmagan. Ular yo’l uchun o’zlari ajratgan 700 million dollarlik mablag’ni o’zlari ishlab olishdi. Biz yana ularga qayta to’laymiz. Bu endi qanday gap bo’ldi?” - deydi tojikistonlik shifokor.

2008 yilda o’tgan kamchiliklarga qaramasdan Tojikistonning Safarobod nohiyasidan bo’lgan o’zbek ziyolisi Tolibjon Xasanboyev hayotga optimistik qaraydi. Yo’llarda mashinalarning ko’payishida xalq farovonligini ko’radi.

“Tojikistonimiz gullab-yashnamoqda. Ko’chalarda mashinalar ko’payib bormoqda. Bizning yurtda yaxhsiliklar ko’p bo’lmoqda. O’zbekiston bilan chegaradoshmiz. Bordi-keldilarimiz, do’stligimiz rivoj topmoqda. Chegaralarning yopilqligi haqidagi gap-so’zlar ayrim odamlarning shaxsiy manfaatlari ortidan chiqarilgan gapi. O’zbekistonga o’taman desangiz 5 kunlik ijozat bor, boraverasiz. O’zbekistonlik mehmonlar ishtirokida ajoyib anjuman bo’ldi. Shoirlar, yozuvchilar keldi. Hammasi juda chiroyli”, - deydi Tolibjon Xasanboyev.

XS
SM
MD
LG