Barak Obama rahbar bo’lgandan beri Tojikiston ahli orasida Amerikaga munosabat o’zgargan, ijobiy tomonga.
Ziyolilarning aytishicha, Rossiya, Xitoy va Eron ta’sirida yashayotgan Tojikistonda Obama ma’muriyati, uning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati umid uyg’otmoqda.
Yoshlarda, ayniqsa, AQSh dunyoning eng kuchli, erkin mamlakati, jahon demokratiyasining beshigi degan tasavvur kuchli.
Tojikiston Davlat politexnika instituti 3-kurs studenti Mirvali Jo’rayev “Amerika tarixida kelib chiqishi musulmonlardan bo’lgan insonning prezidentlikka saylanishi, avvalambor, demokratiyaning naqadar rivoj olganini ko’rsatadi. Bunga qoyil qolmasdan iloj yo’q. Uning yosh va yoqimtoy chehrasi ham yoshlarni o’ziga jalb qiladi” deydi.
Jurnalist Adiba Umarova nazarida “Barak Obama, umuman, Amerika hukumati boshida turganlarga musulmon davlatlarining, jumladan, Tojikistonning munosabati hozir ancha ijobiy”.
Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi, So’g’d viloyat bo’limi raisi Xoji Naimjon Sa’miyev Obamaning Misrda qilgan chiqishiga ijobiy baho bersa-da, Amerika tashqi siyosati nuqsonlardan xoli emas, deydi.
“Prezident Barak Obama Misrda nihoyatda yaxshi gaplarni aytdi. “Hijobli ayollardan qo’rqmaslik kerak. Men azon sadosini ilgari ham eshitgan edim, bugun ham eshityapman. Bundan qo’rqmayman” dedi. Shunday yaxshi gaplarni aytadi, ammo amalan yaxshiligini bilmayman. Masalan, Afg’onistonda tobora vaziyati og’irlashib ketyapti. Iroq ham hal bo’lmayapti. Ular qo’shinlarini olib chiqsin. Xalq o’zining mushkulotini o’zi hal qilsin”, - Sa’miev.
Jurnalist Adiba Umarova Obama davrida Iroq va Afg’onistondagi urushlarga chek qo’yilishi mumkin deb hisoblaydi.
“Amerikaning yangi hukumati bu mintaqada tinchlik o’rnatishga harakat qilaadi deb o’ylayman”,- deydi u.
Sa’miyev avval AQSh safarida bo’lgan, Amerikada musulmonlar va ularning farzandlari hayotini kuzatgan. “Qo’shma Shtatlarda islomga keng yo’l berilganiga guvohman, biroq aholisining 90 foizi musulmon Tojikistonda islomga qarshi harakatlar kuzatilayotgan g’alaba. Bu mamlakat rivojiga to’siqdir” deydi.
“Amerika ichki siyosatida haqiqatda yaxshi jihatlar bor. Sinsinati shtatiga borsak, maktab islomiy, prinsip islomiy. Musulmon bolalari, musulmon qizlari o’qiydi. Xristian muallim kelib, fizika, matematikadan dars beradi, ammo o’zining dinini ularga o’tkazmaydi. Soat o’n ikki bo’lgandan keyin hammalari borib ovqatlanadi. Soat birda direktor imom turadi, o’g’illar oldinda, qizlar orqada - peshin namozini o’qiydi. Hech qanday qarshilik yo’q. Tojikistonga ham shunday tartib bo’lsa,” - deydi u.
Tojikistonlik Karimxo’ja ismli ziyoli-namozxon ham Sa’miyevning fikriga qo’shiladi. Uning aytishicha, “Tojikistonda shia musulmonlari ham bor. Ammo hukumat gazetalarida bu mazhab targ’iboti qattiq tanqid qilinadi. Men Obamaning Qohirada qilgan chiqishida islomdagi ana shu mazhablar ziddiyati haqida aytgan fikrlariga qo’shilaman. Obamaning bag’rikenglik haqida bildirgan fikrlari bizga saboq bo’lishi kerak”.