Breaking News

Tojikiston Eron va Afg'onistondan iqtisodiy imkoniyat izlamoqda


O’tgan bir yil ichida Tojikiston- Eron- Afg’oniston munosabatlari sezilarli darajada yaxshilandi.

Uch davlat rahbarlarining Dushabedagi so’nggi uchrashuvida Eron Tojikiston va qo’shni respublikalar yordami bilan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo’lish niyatida ekanini bildirgan.

Tojikistonlik tahlilchilar nazarida hukumat bugunga kelib tashqi siyosatini ancha o’zgartirgan. Mamlakat tashqi dunyo bilan, ham g’arbu-sharq bilan bir paytda yaqindan bog’lanishni maqsad qilgan.

Ba’zi mahalliy tahlilchilar fikricha Tojikistonning Eron va Afg’oniston bilan aloqalaridagi faollik sababi uning Rossiya bilan munosabatlarining sovuqlashishidadir. Lekin taniqli tojik jurnalisti Tilav Rasulzoda ta’biricha Tojikistonning Eron bilan yaqinlashuvi ortida uch omil bor. Birinchisi tojik va eroniylar orasidagi madaniy yaqinlikdir.

“Ikkinchisi esa sabab dunyo globalizasiyasi davrida Tojikiston Eronni o’z manfaatlarini himoya qiluvchi kuchli va iqtidorli davlat sifatida ko’rishida. Uchinchidan, Eron Tojikistonga sanoatni rivojlantirish, iqtisodni ko’tarish va investitsiya uchun kerak”,- deydi Rasulzoda.

Eron prezidenti Ahmadinajod ham Tojikistonga safari chog’ida Tojikistonning rivojlanishi va obodonchiligi Eron manfaatlariga mosligini ta’kidlagan edi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Eron va Afg’oniston bilan hamkorlikning rivojlanishi mintaqa birligining o’zagi bo’lib xizmat qilishini qayd etgan.

Rahmon fikricha Afg’onistonda ham qator ijobiy o’zgarishlar yuz bermoqda.

“Xorijiy kompaniyalar ishtirokida Afg’onistonda milliardlab dollarga yo’llar qurilmoqda. Erondan Afg’oniston orqali Tojikistonga, so’ng esa Qig’izistondan Xitoygacha temir yo’llar quriladi. Bu yo’l nafaqat bizni, balki Rossiya, Qozog’iston, umuman barcha Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoyni Pokiston orqali Hind okeaniga olib chiqadi. Bu ishlar Afg’onistonga tinchlik qaytayotganidan dalolat beradi”,-deydi Tojikiston prezidenti.

Mahalliy jurnalistlariga ko’ra Eronning moliyaviy va iqtisodiy ko’magi bilan Tojikiston hozirda o’zi qolayotgan yo’l qamalidan chiqib olishi mumkin bo’ladi. Ularning fikricha Afg’oniston va Eron orqali o’taigan yangi yo’llar Tojikistonga mollarni Rossiyani chetlab turib arzonroq va osonroq tarzda chetga chiqarishga imkon beradi.

Ba’zi tahlilchilar Eronning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zolikka da’vogarligida Moskvaning harakatini ko’radi va bu yo’lda Rossiya Tojikiston orqali ish ko’rayotganini tilga oladi. Ammo tojik jurnalisti Rasulzoda fikricha Tojikiston Eronni iqtisodiy manfaatlarni ko’zlab, quvvatlab chiqmoqda.

“Zero bu tashkilotga Tojikistonga yaqin va do’st mamlakatlar a’zo bo’lishini bizning hukumat albatta istaydi. Bu yerda Tojikistonu - Amerika yoki Tojikiston – Rossiya o’rtasida biron kelishivu - ixtiloflar bo’lishiga ishonib bo’lmaydi”, - deydi Rasulzoda.

XS
SM
MD
LG