Rasmiy manbalarga ko’ra, hozir Tojikistonda 800 mingga yaqin o’zbek istiqomat qiladi, lekin mahalliy o’zbek ziyolilari bu raqam 2 milliondan ziyod demoqda. Tojikiston madaniyati va adabiyotiga kuchli ta’sir qilgan o’zbek ijodkorlarining bugungi ahvoli qanday?
Tojikistonlik o’zbek ijodkorlari respublikada o’zbek adabiyoti rivojlanayotgan bo’lsada, uning miqdori juda ozligini ta’kidlaydi.
Respiblikadagi taniqli o’zbek yozuvchisi Egamnazar Sohibnazar oxirgi yillarda O’rinboy Usmon, Jamshid, Munavvara Oymatova singari o’zbek ijodkorlarining asarlari chop etilganini aytadi.
“Lekin kitob tiraji 200-300 nusxa bilan chegaralanadi. Buni sotish ham muallifning o’ziga bog’lab qo’yilgan. Natijada muallif maktablarga boradi yoki kitoblarni uyiga bosib qo’yadi”, - deydi Egamnazar Sohibnazar.
Tojikistondagi “Xovar” milliy axborot agentligi tarjima bo’limi mudiri No’mon Fahriddinov xususiy nashriyotlar tufayli kitob chiqarish osonlashganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, mablag’i bor ijodkor bemalol kitob chiqaraveradi. Asar mazmuniga kelganda, uni kitobxonning o’zi baholab oladi.
Tojikistonlik o’zbek kitobxonlaridan biri, Shayx Saidahmad mamlakatda mazmunsiz kitoblar ko’payganini ta’kidlaydi.
“Hozirgi paytda Tojikistonda o’zbek adabiyoti rivojiga ishonchim yo’q. Chunki yaxshi asarlar magazinda yo’q. Ba’zi joylarda esa kitob magazinining o’zi yo’q! Kitob magazinlari ochilib, unda o’qimishli asarlar bo’lishini, xalq undan bahramand bo’lishini niyat qilamiz”, - deydi u.
Tojikistonlik o’zbek adiblari ijodining xaridorgir emasligi sababi, deydi yozivchi Egamnazar Soyibnazar, kitoblar tirajining ozligida.
“Agar man sotuvchiga o’z kitobimni olib borsam, xarid bo’lmasligini aytadi, lekin O’zbekistondan keltirishganini sotadi. Ularda tiraj katta va hammaga yetadi. Ular o’quvchilar qalbidan joy olgan. Bizning hukumat tomondan ham albatta g’amxo’rlik kerak. Hukumat bunga e’tibor qaratmoqda. Lekin taniqli adiblarning asarlarigina chop etilmoqda. Yangi avlod e’tibordan qolmoqda. Navqalamlar chetda qolmoqda, bu bor narsa”, - deydi yozuvchi Egamnazar.
Taniqli o’zbek shoirasi Zulfiya Boboyeva mamlakatda xalq bedor emasligini ta’kidlaydi.
“Bedor xalq bo’lsa, o’z qadrini, iqtidorini, talantli farzandlarini qadrlaydigan xalq bo’lsa, men shu xalqni orzu qilaman. Lekin g’aflat xalq tomirini qirqayotgan bolta deb o’ylayman”.
Nafratga sazovor uyg’onmagan xalq,
Oyoq ostida xor, uyg’onmagan xalq.
Zaminning mudroqqa mukofoti bu,
Yo’lingda chohlar bor, uyg’onmagan xalq.
Musicha qismati kutar ayozda,
Qular bir yog’sa qor, uyg’onmagan xalq.
Suv sepib ketadi birov tagiga,
Qilmas o’zidan or, uyg’onmagan xalq.
Dunyo bozorida narx arzon, mol ko’p,
Sarobga xaridor, uyg’onmagan xalq.
Badaning temirmi, toshlar uyg’ondi,
Ojizsan yo nochor,uyg’onmagan xalq.
Xalq dedim istagim bir jo’sh urganda,
Xalq emas, asli mor, uyg’onmagan xalq,” - deb she’r o’qiydi Zulfiya.