Breaking News

Qirg’izistonda bugungi o’zbek adabiyoti qay ahvolda?


Qirg’izistonda bugungi o’zbek adabiyoti qay ahvolda?
Qirg’izistonda bugungi o’zbek adabiyoti qay ahvolda?

Qirg’izistonda o’zbek adabiyotining taniqli siymolari - Izzat Sulton, Mirzakalon Ismoiliy, Shavkat Rahmon kabi yetuk yozuvchilar qalam tebratgan.

Ayni damda Qirg’izistonda o’zbek adabiyoti qay ahvolda? Mahalliy so’z ustalari nima bilan band? Qanday muammolar mavjud? Bu borada mahalliy qalamkash Habibillo Idrisov bilan suhbatda bo’ldik.

Idrisovning yangi kitobi “Sodda Aravonlik Hangomalari” deb nomlangan. Hikmat to’la, ichak uzdi hajviyalar mahalliy aholi hayotidan olingan bo’lib, asar muxlislarda katta qiziqish uyg’otgan. Muallifning o’zi hikoya qiladi.

“Ushbu kitobni chiqarishni men ko’pdan beri orzu qilardim. Turli davralarda, do’st-og’ayni o’rtasida bo’lib o’tgan ishlar qayta-qayta eslanib kulinadi. Bunday ishlar bizning Aravonda ham ko’p bo’lgan. Ushbu hikoyalarni bir umr to’plaganman. Keyingi avlodlarga o’tishi uchun kitob holiga keltirdim. Tilga olingan insonlar barchasi real odamlar, shular bilan bo’lib o’tgan hangomalarni yozdim”, - deydi Habibillo Idrisov.

Uning kitoblari O’sh va Toshkentda bir necha bor chop etilgan. Hikoyalari har ikki o’lka ro’znomalarida tez-tez chiqib turadi. Toshkentda chiquvchi “Mushtum” satirik jurnali yaqinda Habibillo aka nomzodini eng yaxshi xorijiy qalamkash uchun beriladigan sovringa tavsiya etgan.

“Yaqinda taniqli adibimiz Tursunboy Adashboyev Toshkentdan kelib “sizning kitobingiz “Mushtum” tomonidan beriladigan alohida mukofotga tavsiya qilindi, dedi. Bu narsa meni ancha quvontirdi. Albatta, so’z mukofotda emas, balki asarim har qalay kimdir tomonidan tan olingani haqida”, - deb davom etadi Habibillo aka.

O’zbek adabiyotida qirg’izistonlik shoir va yozuvchilar azaldan o’z o’rniga ega bo’lib kelgan. Betakror qalam sohiblarining izdoshlari naqadar ko’p, ijodlari naqadar sermahsul? Bu borada suhbatdoshimiz mulohaza yuritadi:

“Men Qirg’izistondagi o’zbek adiblarning asarlari kam chiqayapti, degan narsani mamlakatimizdagi siyosiy ahvol bilan bog’lamayman. Chunki bu yerda erkinlik berilgan. Xohlagan muallif xohlagan kitobini xohlagan bosmaxonada chiqarishi mumkin. Faqat ikkita katta muammo bor. Birinchisi, bosmaxona xizmati qimmatligi. Kitob bostirish juda qimmat. Bir dona o’rtacha kitobni chiqarish Qirg’izistonda 500 so’mgacha (10 AQSh dollaridan ko’proq) tushadi. Ikkinchi muammo esa, qimmat chiqarilgan kitobni qaysi narxda sotasiz? Bu borada madaniyat ministrligi bizga yordam bersa yaxshi bo’lardi. Mayli, haqqimizi keyinroq asarlarimiz sotilgandan bersin”, - deydi suhbatdoshimiz.

Sermahsul ijod uchun shoir yoki yozuvchiga rag’bat kerak, deydi Habibillo Idrisov. Ammo ko’p hollarda bugungi mualliflar o’z yog’ida o’zi qovuriladi. Qolaversa, jamiyatda badiiy adabiyotga qiziqish susaygan. Aksar tumanlarda kitob do’konlari yopilgan.

“Hozir aholi tirikchilik g’amida. Kitob o’qiydigan odamlar ozayib ketgan. O’tgan yili, masalan, bir necha kitob chiqdi. Ammo hech kim xarid qilmayapti. Qiziqib o’qiydiganlar yo’q”.

Adabiyotdan uzoq odamlar ushbu sohani tirikchilik manbai qilib olgan.

“Keyingi paytlarda bir to’p asarlar paydo bo’ldi-ki, badiiy jihatdan ham tarixiy jihatdan ham hech qanday ahamiyati yo’q. Axir o’quvchi o’qib uni badiiyligidan qandaydir bir ruhiy, ma’naviy hordiq olishi kerak. Yoki kitobdan bir ma’lumot sifatida foydalanishi kerak. Hozir esa o’rtacha, nomigagina, kimlarnidir maqtab yozib, pullarini olib chiqarilgan asarlar ko’payib ketdi. Bular bir kunlik, oshib ketsa bir haftalik asarlar”, - deydi muallif.

Qirg’zistonda o’zbekzabon badiiy adabiyot taraqqiyoti uchun nima kerak? O’zbekistonlik hamkasblar bilan muloqot va ijodiy hamkorlikka naqadar ehtiyoj mavjud?

“O’zbekistonlik adiblar bilan bevosita, yuzma-yuz turib, ular bilan jonli muloqot masalasi qiyinlashgan. Har holda oxirgi bir necha yil ichida O’zbekistonning bironta taniqli shoiri O’shga yoki Jalol-Obodga kelib, yozuvchilar, o’z muxlislari bilan uchrashibdi, degan narsani eshitmadim. 2-3 yil avval o’z harakatimiz bilan bu yerga Tursunoy Sodiqova, Marhabo Karimovalarni taklif qilib, ular bilan muloqotda bo’ldik. Lekin boshqasini topa olmayapmiz. Bu masalani, menimcha, davlat miqyosida yechish kerak. Taniqli insonlar o’z-o’zlaridan kelishmaydi. Bu kabi aloqalar biz uchun albatta kerak”, - deydi Habibillo Idrisov.

Ne bo’lsada, qirg’izistonlik qalamkashlar badiiy so’zga muhabbat hech qachon so’nmaydi, degan umid bilan ijod qilishadi.

XS
SM
MD
LG