Yaqinda Turkiya O`zbekiston bilan bir tomonlama tartibda viza tizimini bekor qilgan. Biroq Toshkentdagi kuzatuvchilar nazarida, O’zbekiston hukumati javob qadamini qo’yishi ehtimoldan yiroq.
Turkiyaning turkiy davlatlar bilan vizali rejimni bir tomonlama bekor qilish haqidagi tashabbusi hukumat qarori bilan kuchga kirgan. Turkiyaga boruvchi o`zbekistonliklar viza olish uchun endi mamlakat elchixonasiga murojaat qilishlari shart emas.
Turkiyaning O`zbekistondagi elchixonasi tomonidan tarqatilgan ma`lumotnomada ta’kidlanishicha, Turkiya o`zbek qardoshlarni Turkiya tuprog`ida ko`rishdan mamnun.
Kuzatuvchilar nazarida, Turkiya tomonidan bir tomonlama qabul qilingan bu qaror rasmiy Toshkent tomonidan iliq kutib olingani yoki O`zbekiston tomonidan ham shunday qadam qo`yilishini taxmin qilish qiyin.
Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha, bu qaror O`zbekiston uchun manfaatli bo`lishi mumkin, lekin mintaqada xalqaro terrorizm xavfi kuchayishi bois, rasmiy Toshkent Turkiya uchun vizali tartibni bekor qilishga tayyor emas.
“Bundan tashqari keyingi paytda Turkiyada hukumatga dindorlar kelishi ham siyosiy aloqalarni sustlashtirgan”, - deydi u.
Mustaqil siyosatshunoslar ta’biricha, Turkiyada diniy va dunyoviy kuchlarning demokratik tarzda boshqaruvga kelishi O`zbekistonda qo`llash mumkin bo`lgan eng maqbul tajribalardan biri.
Turkiya va O`zbekiston munosabatlaridagi muammo aslida mamalakatdan quvilgan o`zbek muxolifatiga Turkiyadan joy berilishi bilan bog`liq. Bu mojarodan keyin Turkiya va O`zbekiston o`rtasida oliy darajadagi rasmiy tashrif kuzatildi, biroq hozirgacha munosabatlarda oldinga siljish haqida gapirish qiyin.
Turkiya tomonidan qabul qilingan vizali tartibni bekor qilish qarori o`zbek ziyolilari tomonidan olqishlanadi.
Ayrim ziyolilarga ko`ra o`zbek-turk madaniy aloqalari avvalgi keskin ta`qiblardan biroz qutulgan, O`zbekistonda turk yozuvchilarining asarlari tarjima qilina boshlangan, televideniyeda turk seriallari namoyish qilinmoqda.
O`zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik fikricha bulardan qat`iy nazar o`zbek-turk madaniy aloqalarining bugungi ahvolini qanoatli deb bo`lmaydi.
“Chunki adabiyotlar uzoqlashib ketgan. Sovet davrida Moskva ma`qul ko`rgan turk adiblari asarlari tarjima qilinardi va Moskva orqali o`zbek o`quvchilariga yetkazilardi. Biroq ana shu asosiy to`siq yo`q bo`lgandan keyin, o`sha ozgina asarlar kelishi ham deyarli to`xtadi”, - deydi yozuvchi.
Bundan bir necha yillar avval, deydi Tohir Malik, Turkiya yozarlar birlashmasi bilan bo`lgan uchrashuvda turkiy xalqlar yozuvchilari ittifoqini tashkil etish haqida gap borgan, biroq bu tashabbus amalga oshmagan.
“To’g’ri, Turkiya tomonidan harakatlar bo`ldi, ayrim jumhuriyatlardan vakillar qatnashdi ham. Lekin O`zbekiston tomonidan taklif qilingan bo`lsa ham, hech kim qatnashmadi. Bu yerda adabiyotlar do`stligini siyosatdan ajratib ko`rish kerak - siyosat boshqa, adabiyotlar do`stligi boshqa”, - deydi Tohir Malik.
Shoir Tohir Qahhor nazarida esa so`nggi paytda turk yozuvchilarining qator asarlari tarjima qilingan. Madaniy aloqalardagi asosiy to`siq mavjud siyosat emas, balki ko`proq moliyaviy yetishmovchilikdir.
Kuzatuvchilarga ko`ra hozirgi mavjud madaniy aloqalar, shaxsiy tashabbuslar havaskorlik darajasida. Davlat yoki jamoat tomonidan rag`batlantirilayotgan dasturlar yo`q.
Hozirgi siyosiy vaziyatdan qat`iy nazar, turkiy ziyolilar muhokamasidagi asosiy mavzu hamisha turkiy birlikka intilish bo`lib kelgani va uning tarixiy maqsad sifatida qolayotgani ta`kidlanadi.
Tilshunos olim Baxtiyor Isabekning aytishicha, Turkiyaning tashabbusi bir necha yil avval ko`tarilgan turkiy davlatlar ittifoqi g`oyasi unutilmaganini bildiradi.
O`zbekiston va Turkiya o`rtasida vizali tartibdan voz kechish ikki tomonlama tarzda qabul qilinganda, deydi u, qardosh xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish uchun kichik bir qadam bo`lardi.
“O`n yillar davomida “turk” so`zi yozilishiga qarshilik bildirgan O`zbekiston hukumati hozir bu so`z yozilishiga qarshilik qilmasa-da, biroq turkchilik uchun, qardosh xalqlarni yaqinlashtirish uchun biror amaliy narsa qilinayotgani yo’q. Jimlik. Bu esa g`oyat achinarli”, - deydi u.
Sobiq ittifoq tasarrufidagi turkiy davlatlarning mustamlakadan xalos bo`lishidan keyingi davr ham turkiy birlikka intilish g`oyasining turli murakkabliklarga uchrayotganini ko`rsatgan.
Jumladan, o`zbek-turk aloqalari Turkiya rivojlanish modelini qabul qilinishidan tortib, munosabatlarning keskin sovuqlashishigacha bo`lgan jarayonlar bilan kuzatilgan.
Kuzatuvchilarga ko`ra so`nggi paytda mintaqada turkiy davlatlar ittifoqi, iqtisodiy integratsiyasi tashabbusi bir qadar jonlangan. Faqat rasmiy Toshkent bu jarayondagi ishtirokini cheklab qo`ymoqda.