Yaqinda Turkiyaning Antalia shahrida o’tgan xalqaro qurultoyda turkiyzabon davlatlar hamjamiyatini tashkil etish g`oyasi bildirilgan edi. Taklif bir necha yillardan buyon turli doiralarda ko`tarilgan, lekin hozirgacha muvaffaqiyat qozonmagan.
Asosiy sabablardan biri sifatida Markaziy Osiyo turklarining uzoq yillar mustaqil bo'lmagani keltiriladi. Ta’kidlanishicha, mustaqillikdan keyingi davrda mintaqa xalqlari mustaqil davlatchilik qurishga kirishgani bois, bu g`oya amaliyoti uchun imkon bo’lmagan.
Turkiya Bosh vaziri Rajab Erdog`an tomonidan olg’a surilgan tashabbusni ro’yobga chiqarish uchun bugun imkon bormi?
Jamiyatshunos Komron Aliyev nazarida bu g`oyaning dolzarblik kasb etmoqda. Turkiylar birlashuvi deganda davlatlarni bir-biriga qo`shish yoki davlatlararo qandaydir strukturalar tashkil etish nazarda tutilayotgani yoq, deydi u.
“Asosan iqtisodni va madaniy aloqalarni bir-biriga yaqinlashtirish to`g`risida gap bormoqda. Bu narsalar bugungi kunda bemalol amalga oshirish mumkin bo`lgan narsalar. Bu rahbarlarning xohish-irodasi bilan bo`gliq. Ma’lumki, dunyoda kattaroq iqtisodiy kapitallar jalb etilishi uchun, katta bozorlar talab etiladi. Turkiylarning umumiy bozori ana shunday bozor bo`lishi mumkin”, - deydi u.
Komron Aliyev fikricha, turkiy davlatlarning boshqa buyuk davlatlar ishtirokidagi turli tuzilmalarga a`zoligi ham ta’kidlanayotgan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishni qiyinlashtiradi.
Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko`ra esa rasmiy Toshkent turkiyzabonlar quriltoyiga va bu jarayondagi kelishuvlarga hamisha ehtiyotkorlik bilan yondashadi.
“Mening nazarimda O`zbekiston siyosiy jihatdan bu jarayonlarga tayyor emas”, - deydi siyosatshunos.
Kuzatuvchilarga ko`ra turkiy birlashuv g`oyasi o`zbek ziyolilarini doimo bezovta qilib kelgan.
Adabiyotshunos olim Naim Karimovning bildirilishicha, turkiy ziyolilar ham dunyoning boshqa xalqlari kabi birlashishni xohlaydi, biroq turkiylar birligidan hamisha panturkizm g`oyalari qidirila boshlanadi.
“Agar shu kabi siyosiy ranglardan xoli ravishda bu tashabbusga yondashadigan bo`lsak, aminmanki, ko`plab o`zbek ziyolilari bu boradagi harakatlarni qo’llab-quvvatlashadi”, - deydi Karimov.
XX asr boshlarida o`zbek ziyolilarining ko`pchiligi aynan panturkizm g`oyalari ostida qurbon bo`lgan. Sovet davrida panturkizm dahshatli aybnoma tarzida ishlatib kelingan.
Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqulga ko`ra, o`zbek ziyolilari hozir ham turkiy birlashuv deganda, o`sha yillarda kuzatilgan qatog`onlar dahshatidan xolos bo`la olishmayapti.
“30-yillardagi jazolardan keyin to 50-yillargacha “turkmiz” degan so`zdan qo`rqishgan. Katta bir olimning bizning turklarga hech qanday aloqamiz yo`q degan bir kitobi ham Moskvada nashr qilingan edi. Mustaqillikdan keyin biz yangi mafkura, yangicha firklash deyapmiz, lekin bu narsa ko`proq tilda bo`layapti, aslida esa o`sha xavotirlar hamon yashayapti. Agar turk degan narsani tilga osangiz, ana bu panturkist deyishadi. Holbuki, panturkizm nima ekanligini o`zi bilmaydi, bu tuyg`u yoq unda. Panturkizm turkiy birlashishni ildizini qirqish uchun shunday “olabo'ji” qilib ko`rsatilgan. Bizning ziyolilarimizning fojiasi shu. Bu haqda mustaqil o`ylab ko`rishmaydi. Turklik, turkchilik haqida gap borsa, ko`ngillariga qo`rquv tushadi ”, - deydi Ibrohim Haqqul.
Kuzatuvchilarga ko`ra, turkiy birlashuv, ayniqsa turkiy xalqlarning umumiy tarixini yozish fursati allaqachon yetib kelgan. Faqat buning uchun turkiy xalqlar birligi haqidagi shiorlar kamroq ishlatilib, turkiy davlat rahbarlarining o`zlari aniq dasturlarni moliyalashlari va amalga oshirishlari zarur.