Bugun Turkiyaning Antaliya shahrida turkiy davlatlar anjumani ochildi. Unda yonilg’i boyliklari bo’yicha hamkorlikni kengaytirish hamda hamdo’stlik tuzish muhokama qilinishi kutilmoqda.
Sammitda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog’iston va Qirg’iziston rahbarlari hamda Turkmanistonning Turkiyadagi elchisi qatnashmoqda. O’zbekistondan biror bir vakil borligi haqida xabar yo’q.
Qirqqa yaqin kattayu-kichik elatlardan tashkil topgan turkiylar orasida sobiq Sovet Ittifoqi barham topganidan beri hamkorlik kuchaygani kuzatiladi.
Biroq ko’plab mutaxassislar va turkiy faollar nazarida, tili ko’p jihatdan o’xshash xalqlar siyosiy va iqtisodiy jihatdan birga ishlashga qiynalmoqda.
Istanbuldagi Ko’ch Universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha dars beruvchi, o’zbek millatiga mansub professor Temur Xo’jao’g’lining aytishicha, muammolar talaygina.
“Ular ichida eng muhimi nima desangiz, demokratiya bo’ladi. Bu Turkiya uchun ham, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo respublikalari uchun ham dolzarb masala.”
Turkiya davlat sifatida 1923 yilda tarkib topgan. Biroq 1950-yillargacha bu mamlakatda ko’p-partiyaviylik tizimi bo’lmagan. Turkiya bugungi kunda demokratik davlat deb qaralsa-da, Yevropa Ittifoqiga kirish yo’lida uning demokratik talablariga javob bera olmayapti. Mustaqillik Ozarbayjon va Markaziy Osiyo xalqlari uchun ham erkinlik olib keladi, deb umid qilingandi, deydi Temur Xo’jaog’li.
“Bu davlatlar mustaqillikdan 15-16 yil o’tib ham demokratiya sohasida [olg’a] qadam tashlamagan. Albatta, demokratiya bir kunda yoki bir kechada bo’lmaydi, biroq olg’a qadam tashlash kerak.”
Mutaxassislar nazarida ba’zi turkiy davlatlar demokratiyaga tinchlikka rahna, so’z erkinligiga esa ommani ularga qarshi qo’zg’atuvchi kuch sifatida qaraydi. Yana bir bahona – xalqning demokratiyaga tayyor emasligi, deydi Temur Xo’jao’g’li.
“Xitoyga qarang, 1949 yildan beri shu gapni aytib kelyapti. Hali ham demokratiyaga tayyor emas. Kuba ham tayyor emas. Shimoliy Koreya ham tayyor emas. Bu orada esa Janubiy Koreya qanday tayyor bo’ldi? Xalqqa imkoniyat berildi. Imkoniyat berilmasa, xalq qanday tayyorlanadi?“
Til va madaniyat birligi haqida gapirishning vaqti o’tgan, deydi Temur Xo’jao’g’li. Bu bilan xalqlarning qorni to’ymaydi. Konkret loyihalar, iqtisodiy rejalar va ularni nazorat qiluvchu tizimlar barpo etilishi kerak. Iqtisodiy birlik taraqqiyot kaliti, deydi olim.
“Iqtisodiyotga tayanmasa, unda o’sha madaniyat va boshqa narsalarning kuchi yo’q. Yevropa Ittifoqi negizida iqtisodiyot yotadi. Turkiy davlatlar o’rtasida tarixiy, madaniy va diniy yaqinlik bor, lekin buning o’zi yetmaydi. Iqtisodiy yaqinlik ham kerak. Har bir turkiy davlat manfaatini nazarda tutuvchi siyosat bilan chiqish kerak.”