Breaking News

Amerikalik tarixchi: "Barcha turklar ham bir xil emas"


2004 yili AQShda Ogayo Davlat Universitetining tarix fakulteti professori Karter Von Findlining (Carter Vaughn Findley) “Turklar jahon tarixida” degan kitobi chiqqan. Kitobda turkiy xalqlar tarixi, madaniyatlari va o’zaro aloqalari keng yoritilgan.

Professor Findli mazkur kitobni besh yil davomida yozgan. Uning fikricha, dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo’shgan turk xalqlarining tarixi haqida uncha ko’p kitob yozilmagan. Kitobning deyarli 70 foizi Anatoliya turklarining tarixi haqidadir. Biroq Markaziy Osiyoda biron-marta bo’lmagan professor Markaziy Osiyo turkiy xalqlari tarixiga ham e’tibor qaratgan. Tarixchi olimning aytishicha, bugungi kunda turkiy xalqlar o’zlarini bir guruhga aloqador deb hisoblashmaydi.

"Qizig’i shundaki," deydi olim, "jahondagi boshqa yirik etnik guruhlardan farqli o’laroq, turkiy xalqlar o’zaro birlik hisiga ega emaslar. Ular o’zlarini keng ma’noda turk millati emas, balki o’zlari yashayotgan har bir turkiy davlat millati doirasida ko’radilar. Shuning uchun bo’lsa kerak, ba’zilar turkiy xalqlar bir-biriga juda yaqin degan iboraga qo’shilmaydi."

Professor Findli nazarida, bunga asosiy sabab – turklarning turli ildizlarga ega ekanidir.

"Bugungi Turkiyani olib qarasangiz, kim sof turk, qaysi turklarning qoni sof degan tortishuvlar jamiyatda yo’q emas," deydi Findli. "Biroq tarixga nazar tashlasangiz, turk deb tanilgan bir guruhning barcha a’zolari ham bir qondan bo’lmagan. Keyinchalik esa “turk” nomi boshqaruvlari ostiga o’tgan odamlarga ham berilgan. Masalan, qadimgi Orxon yozuvini tahlil qilsangiz, undagi barcha so’zlar ham turkiy emas. Yoki ilk turk zodagonlarining lavozimlarini oling. Ularning nomlanishi ham tarixan turkiy bo’lmagan. Turklarning tashqi qiyofasi ham bir-biridan farq qiladi. Arxeologik qazilmalar ham ularning tarixan bir-biriga o’xshamaganini isbotlagan. Sharqiy Turkistonni olsangiz, u yerdagi ba’zi turklar Markaziy Osiyo xalqlariga o’xshamasdan ko’proq G’arbiy Yevropacha qiyofaga ega."

Shuning uchun, deydi amerikalik olim, kimning sof turk ekani to’g’risidagi savolga aniq javob yo’q.

Findli Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng Markaziy Osiyo va Kavkazda turkiy respublikalardagi tarixni qayta yozish yoki uni o’zgartirish jarayoniga ham o’z munosabatini bildirdi.

"Har bir millat, har bir madaniyat mana shunday tarixiy bosqichdan o’tadi," deb tushuntiradi Findli. "O’sha respublikalardagi yosh avlod ulg’aygach, bunday jarayonlarga tanqidiy ko’z bilan qaraydi. 1930 yillarda tarixning Turk respublikasida qayta yozilishini, masalan, bugungi avlod Turklari olqishlamaydilar. Vaqt o’tishi bilan Markaziy Osiyoda ham odamlar tarixning qayta yozilganini yangi siyosiy va madaniy jarayonlarga va o’zgarishlarga moslashuv sifatidagi ehtiyoj deb qabul qiladilar."

Professor Findliga ko’ra, kitobning turk tiliga tarjimasi deyarli yakunlangan. Uning umid qilishicha, kitobning boshqa turkiy tillarga ham tarjima qilinishi uning mazmunini Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazishda katta hissa qo’shgan bo’lardi.

XS
SM
MD
LG