Breaking News

O'zbekiston turkiy davlatlar rahbarlari sammitida qatnashmadi


Turkiyaning Antaliya shahrida o`tgan turkiy davlatlar rahbarlari sammitida O`zbekiston vakillari qatnashmagan. Kuzatuvchilar buni turli sabablar bilan izohlaydilar.

Mavjud fikrga ko’ra, o`zbek ziyolilarining aksariyati turkiy birlik tarafdori. Biroq O’zbekiston hukumatining pozitsiyasi bunga to`sqinlik qilmoqda.

Turkiyaning O`zbekistondagi elchixonasi ma’lumotiga ko`ra, O`zbekiston sammitda qatnashmaganining rasmiy sabablarini izohlashga hozircha imkoniyat yo’q. Bu borada keyinroq to`xtash mumkin bo`ladi. O`zbekiston tomonidan ham bu borada biror rasmiy izoh berilmagan.

Turkiyaning “Jahon” axborot agentligining O`zbekistondagi vakili Otif Ala rasmiy bu borada shunday mulohazalar mavjudligini ta’kidlab o`tadi:

“Avval janob Xalilov qatnashishi haqida ma`lumot chiqqandi, keyinchalik uning ham qatnashmasligi haqida ma`lumot keldi. O`zbekistonning yig`ilishda qatnashmasligiga bosh sabab Turkiyaning ba’zi masalalarda fikri O`zbekiston bilan bir joydan chiqmasligi deb hisoblayman.

Bulardan bittasi, inson huquqlari masalasida Turkiyaning O`zbekistonga kutilgan tarzda himoya ko`rsatmaganligi. Masalan, BMT miqyosida O`zbekistonga oid qarorlar qabul qilinishida Turkiya O`zbekiston tomonini qo’llab-quvvatlamagan. Bu O`zbekistonni qattiq xafa qilgan, chunki qardosh respublikadan bunday yondashuvni kutimagan.

Turkiyaning bunday qarorga kelishiga Yevropa Ittifoqiga a`zo bo`lish istagi ta’sir qilgan”, - deydi Turkiya axborot agentligining O`zbekistondagi vakili.

Mustaqil kuzatuvchilar rasmiy Toshkent tomonidan turkiy davlatlar rahbarlari sammitida, bundan avval esa turkiy xalqlar qurultoyida biror nomzod qatnashmaganini turlicha izohlaydilar.

Siyosatshunos Farxod Tolipov rasmiy Toshkentning bunday qarorini navbatdagi strategik xato sifatida baholaydi:

“Yig’ilishda qatnashmaslik haqidagi qaror oxirgi paytda O`zbekiston tashqi siyosatida kuzatilayotgan strategik xatolardan biri deb o`ylayman. Bilamizki, O`zbekiston G`arb davlatlari tomonidan izolyatsiga tushib qolgan va bu holat O`zbekiston tashqi siyosatining mag`lubiyati.

Shunday anjumanlarda qatnashmaslik tashqi siyosatdagi yana bir xatolik, O`zbekiston unda faol qatnashishi kerak edi”, - deb hisoblaydi Farxod Tolipov.

Jamiyatshunos Komron Aliyev fikricha, rasmiy Toshkentning sammitda ishtrok etmasligi Rossiyaga nomaqbul davlatlar bilan yaqinlashmaslik istagi bo`gliq. Jamiyatshunos so’zlariga ko`ra, mintaqa davlatlari orasida Qozog`istonning bu borada yuritayotgan siyosati e`tiborga molik:

“Qozo`giston tashqi siyosatda o`zining mustaqilligini namoyish etmoqda. Bu narsa Moskvaga yoqadimi, yoqmi, bundan qat`iy nazar. Jumladan, Turkiy davlat rahbarlari sammitida ham qatnashib, o`zining yetakchilik pozitsiyasini bildirdi, katta loyihalarni ilgari surdi.

Bu yerda O`zbekiston uchun, mintaqa uchun muhim qarorlar qabul qilinmoqda. Shulardan biri – Istanbul va Almati temiryo`l qurilishini bunyod etish”, - ta’kidlaydi Komron Aliyev.

O`zbekiston hukumatining harakatiga rasmiy izohlar mavjud emas. Hukumat pozitsiyasini himoyalovchi ekspertlar ham bu borada biror munosabat bildirishni lozim topishmaydi.

O`zbek matbuotida turkiy xalqar qurultoyi, shuningdek, yaqindagi sammit haqida biror ma`lumot uchratish qiyin.

O`zbekiston doirasidan tashqarida bo`lgan axborot manbalarida turli qarashlar bor. Turkiyanining Yevropa Ittifoqi tomonidan O`zbekistonga qo`yilgan sanksiyalarni qo`llagani, o`zbek muxolifati bilan yaqin aloqada bo`lgani, munosabatlarning sovuqlashishi kabi sabablar shular jumlasidan.

Takidlash joiz, turkiy davlatlar sammitida muhokama qilingan mavzular – turkiy davlatlar hamkorligi, turkiy xalqlar birlashuvi borasidagi mulohazalar o`zbek ziyolilarini befarq qoldirmaydi.

Afsuski, davlat ishlarida band bo`lgan ziyolilar rasmiy hukumatga ma’qul bo’lmagan mavzu haqida gapirishni, uni muhokama qilishni xohlashmaydi. Kuzatuvchilar fikricha, bu O`zbekiston hukumati va o`zbek jamiyati o`rtasidagi uzilishdan dalolat beradi.

XS
SM
MD
LG