Nufuzli xalqaro tashkilot Qirg’izistonda inson huquqlari himoyachisi, umrbod qamoq jazosini o’tayotgan Azimjon Asqarov taqdiriga e’tibor qaratmoqda.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti delegatsiyasi yaqinda Qirg’izistonga borib, Asqarov bilan ko’rishgan. Faol haqiqat qaror topishiga umid bildirgan.
“Uning sudi adolatli o’tmagani, qiynoqlar qo’llangani haqidagi da’volarni Oliy Sud inobatga olishi kerak”, - deydi tashkilotning inson huquqlari bo’yicha vakilasi Assia Ivantcheva. “2010-yilning yozidagi xunrezlik ketidan qamoqqa tashlangan boshqa fuqarolar ishida ham ayni shikoyatlar kuzatiladi. Mamlakat adliyasini bu borada qat’iy chora ko’rishga chaqiramiz”, - deydi u.
Xalqaro kuzatuvchilar jinoiy ishlar militsiya gaplariga tayangan holda qo’zg’atilgani, faollar va advokatlar ta’qibga uchragani, qiynoqlar yuzasidan izchil tekshiruvlar o’tmaganini ta’kidlaydi.
Azimjon Asqarov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’limi bilan hamkorlikda ishlar, janubda ichki ishlar xodimlari faoliyatini kuzatar edi. Asqarov militsiyaning shafqatsiz usullarini keskin tanqid qilib tanilgan.
Ommaviy namoyishlar uyushtirib, elatlararo nafratni avj oldirib, qotilliklarni qo’llab-quvvatlaganlikda aybdor topilib, turmaga tashlagan.
Yangi rahbariyat adliya islohotlari va’da qilar ekan, kelgusi harakatlarni kuzatib boramiz, deydi Yevropada Xabvfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti rasmiylari. Qirg’iziston bu guruh a’zosi va majburiyatlarini to’liq bajarishi shart.
Hafta boshida BMT maxsus vakili Xuan Mendes Qirg’izistonda bo’lib, Asqarovning holidan xabar olgan edi.