Breaking News

O'zbek faolining hibsga olinishi Jalolobodda noroziliklarga sabab bo'ldi


Qirg’iziston janubidagi Jalolobod viloyatiga qarashli Bozorqo’rg’on tumanida yashovchi o’zbeklar to’rt kundan buyon tuman sudi binosini egallab o’tirishibdi. Taxminan 150 kishi 6 iyun kuni militsiya xodimlari tomonidan qamoqqa olingan O’zbeklar Jamiyati raisi Mamatqodir Qoraboyevning ozod qilinishini talab qilmoqdalar.

“Qoraboev el-yurt uchun tug’ilgan yigit. Bugun har bir qishloqdan 10-15 kishi uning himoyasi uchun keldi. Ertaga har bir qishloq elliktadan vakil yuborsa, nima bo’ladi?” - deydi Chorvoq qishlog’idan o’zbeklar jamiyati raisini himoya qilish uchun kelgan faol Tojiboy Egamberdiev.

O’zbeklar jamiyati raisining qamoqqa olinishiga, 2002 yilda boshlangan fuqaroviy sud ishi sabab sifatida aytilmoqda. Ma’lum bo’lishicha, Mamatqodir Qoraboev besh yil avval Bozorqo’rg’on tumani qishloq ma’muriyatida ishlagan davrda, bir ayol unga sotilishi kutilayotgan binoni xususiylashtirish uchun 2000 ming AQSh dollari miqdorida pul qoldiradi. Ammo, kimoshdi savdosida bino boshqa odamga sotiladi. Ayol pulini qaytarib olgach, mablag’ini boshqa birovga berganda qo’shimcha daromad olishi mumkinligini aytib, Mamatqodir Qoraboyevdan foiz talab qila boshlaydi. Ish fuqaroviy sudga oshadi, ammo da’vogar kelmagani uchun to’xtatiladi.

Huquq himoyachisi Azimjon Asqarovning fikricha, o’zbeklar jamiyati faolining qamoqqa olinishiga to’rt yil avval to’xtatilgan fuqaroviy sud ishi emas, balki uning 27 may kuni Jalolobodda o’zbek tiliga rasmiy til maqomi berish talabi bilan o’tkazilgan namoyishga boshchilik qilgani sabab bo’lgan.

27 may kuni Jalolobod viloyati O’zbeklar Jamiyati boshchiligida qariyb 700 kishi Qirg’iziston hukumatidan o’zbek tiliga rasmiy til maqomi berilishini, o’zbeklarning davlat boshqaruv idoralarida ishtiroki ta’minlanishini talab qilib, namoyish o’tkazgan edi.

Bozorqo’rg’on tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshliq o’rinbosari Mamatqodir Qoraboyevning hibsga olinishi, prokuraturadan kelgan buyruq asosida bo’lganini aytadi.

“Menga prokuraturadan Mamatqodir Qoraboyev sudga kelmayapti, uni topa olmayapmiz, qo’lga olinsin degan buyruq kelgan. Biz buyruqni bajardik”, – deydi militsiya xodimi.

Mamatqodir Qoraboevning ayoli Mavluda Qoraboyevaga ko’ra, qamoqqa olinguncha erini so’roqlab uyiga militsiya xodimlari kelmagan, chaqiruv qog’ozi ham yuborilmagan.

Mahalliy o’zbeklardan biri Mirzohid Do’styorovning aytishicha, xalq Mamatqodir Qoraboev ozod qilinmagan taqdirda, keskin harakat qilishi mumkin.

“Xalq jamiyat raisi qo’yib yuborilmasa, O’sh-Bishkek yo’lini to’sib qo’yish bilan tahdid qilyapti. Xatto odam o’ldirganlarni ham hech qayoqqa ketmaslik sharti bilan, tilxat olib qo’yib yuborishadi. Vaholanki Mamatqodir Qoraboyevning hech qanaqa aybi yo’q”,– deydi Mirzohid Do’styorov.

XS
SM
MD
LG