Breaking News

O'zbekiston boylarida saxovat bormi?


O'zbek xalqida azaldan xayr-saxovatli boylar, sarmoyador hotamtoylar haqida rivoyatlar mavjud. Xayr-saxovat musulmonchilikka xos fazilat hisoblangan. 1917 yilgi inqilobga qadar ham butun boshli mahallalardagi yetim-yesir, beva-bechoralarga tekin taom, oziq-ovqat, kiyim-bosh ulashgan boylar ko'p bo'lgani eslanadi. Biroq "yo'qolsin boylar, yashasin yo'qsillar" shiori ostida faoliyat boshlagan sotsialistik tuzum xususiy mulkni inkor etib, barchani davlatdan maosh olib yashaydigan fuqarolarga aylantirdi. Xayr-saxovat ham davlat funksiyasiga o’tgan edi.

O'zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng, jamiyatda yangi boylar va mulkdorlar qatlami paydo bo’ldi. Garchand ko’pchilik fuqarolar hamon shubha va gumon bilan qarab, barcha boylar nohalol yo'l bilan sarmoya to'plagan, poraxo'rlar, xalqni talon-taroj qilayotganlargina boyimoqda deb hisoblashsa-da, yangi zamon yangi o'zbeklari vujudga kelganini hech kim inkor etmaydi. Xo'sh, bugungi o'zbek boylari naqadar xayr-saxovatli?

O'zini Qodirbek deb tanishtirgan tadbirkorning aytishicha, u kuzatgan boylar orasida xayr-saxovat qiluvchilar anchagina. O'zining otasi ham mulkdor, katta fermer ekanligini qaydlarkan, u moldan zakotni ijtimoiy ahvoli nochor, kambag'al odamlarga berib, ularni qashshoqlikdan chiqib olishlariga hissasi tegayotganini bildiradi. O'zbekistonda boylar ko'p, lekin xayr-ehsonni hamma boylar ham beradi deb aytish qiyin, deydi Qodirbek.

Ayni paytda O'zbekistonda qo'sha-qo'sh qasrsifat imoratlaru yengil mashinalarga ega kishilar bilan yonma-yon qashshoqlarcha hayot kechiruvchilar ham istiqomat qilishadi. Biroq bu yangi boylarning kambag'al qo'shnisiga yordam qo'lini cho'zishi oddiy insoniylik ekanligini o'zlari bilishmasa, mahalla qo’mitasi raislari uqtirishlari lozim, deb hisoblaydi Matluba ismli ayol.

- Bozor iqtisodiyoti imkoniyatlari kimnidir boy qilib yuboryapti, kimnidir qashshoqlikka qarab yetaklab olib ketyapti. Mana shu tufayli boylar o’z holicha yashaydi, moddiy tomondan qiynalayotganlar o’z holicha yashaydi. Men bir necha joyda kuzatdim, fuqarolar yig’ini rahbarlari ham o’zligicha mana shu hududda yashayotgan, qashshoqlanib borayotgan xalqqa madad berishni o’ylashmaydi. Sening daromading yaxshi, sen mana bu xonadonga bugun yarim qop gurunch, yarim qop un olib borib bergin, axir 2 qavatli imoratlarni qayerdan quryapsan, deb tanbeh berishga haqlari bor ularning. Lekin mahalla qo’mitalari rahbarlari bunday fikrlardan yiroqda" - deydi Matluba.

Boylarning kambag’al qo’shnisiga xayr-ehsonni har doim ham ravo ko’ravermasligining boisi turlicha, deb hisoblashadi ayrim o’zbekistonliklar. Tadbirkor Qodirbekning fikricha, o’z mehnati bilan topilmagan daromad odamni dangasa qilib qo’yishini bilgan ayrim boylar to’rt muchasi but, biroq ro’zg’or tebratish uchun o’zini o’tga-cho’qqa urmaydigan qo’shnisiga xayriya qilishdan bosh tortishlari tabiiydir. Boylar shu boylikni topish uchun ham juda ko’p mehnat qilishadi. Agarda qo’shnisi unga o’xshab harakat qilmasdan yursa, qo’lga qarab tursa, dangasa bo’lsa, mumkin-ki bu dangasa odamlarga boylar yordam ko’rsatishni noto’g’ri deb xisoblashadi, deydi u. Qodirbek xitoyliklarning: kambag’alga baliq berma, baliqni qanday tutishni, ya’ni kambag’allikdan qanday chiqish yo’lini o’rgat, degan maqolini keltirarkan, kambag’allarni asrash, kambag’allarga yordam berish bu boylarning emas, balki davlatning vazifasi, davlatning iqtisodiy sohadagi siyosati ekanligini aytadi. Davlat qo’lidan ish keladigan barcha fuqarolariga ishlab, nonini topishiga imkoniyat yaratishi kerakligini urg’ularkan, boylarni kambag’allarga yordam bermadi deb ayblash noto’g’ri, degan fikrni bildiradi tadbirkor.

O’zbekiston ahlining asosiy qismi musulmonlar ekan, islom dinida xayr-saxovat qanday talqin etilganligi bilan qiziqdim. Xayr-ehson masalasi Islomda mukammal tarzda namoyon etilgan va ishlab chiqilgan, deydi taqvodor, hoji Asqar Mahkam. Unga ko’ra, Islom ta’limotida birmuncha kambag’alroq, qo’li qisqaroq odamlarga xayr-ehson qilish uchun sadaqa, fitr, zakot kabi nizomlar yaratilgan. Xayr-ehson odatda turmush sharoiti og’ir kishilar, beva-bechoralar, yetim-yesirlarga beriladi. Bundan yagona maqsad, jamiyatdagi mo’tadillikni saqlab turishdir.

O’ziga to’q boylarning muhtojlarga xayriya qilishlari lozimligi mavzusi respublika ommaviy axborot vositalarida yoki din peshvolari minbarlarida kamdan-kam ko’tarilishi, bugungi kunda kambag’allarga xayr-ehson qiluvchi boylarning ozligi boisining biridir, deb hisoblaydi hoji Asqar Mahkam.

- Masjidlar eshigining oldidagi lak-lak gadolarni ko’rib hayron qolasanki, soatlab ma’ruza o’qiydigan bu ulamolar, bu imomlar masjidini og’zidagi ilanchilarni, beva-bechoralarni, yetim-yesirlarniki, hozir na soni va na sanog’i bor, nega ko’rmaydi? Men juda hayron qolaman, Qur’oni Karimning ikki oyatidan birida boylik haqida, ayniqsa yetimlar to’g’risida oyatlar kelishiga qaramasdan bu mavzu ulamolar tomonidan juda kamdan-kam ko’tariladi. Go’yoki bu muammo yo’qday bizda. Kambag’allar uchun shifoxonalar, hammomlar qurgan boyonlar bor. Biroq bu haqda ham hech narsa yozilmaydi. Buning sababi ulamolarning islom mohiyatini tom ma’noda odamlarga yetkazmaganidan, bu haqdagi adabiyotlarning deyarli yo’qligidan. Qayerga qarasangiz Ollohga muhabbat to’g’risidagi tasavvuf adabiyotlari bosilib ketgan, lekin bu yetimlarni kim o’ylaydi, buncha beva-bechoralarni kim o’ylaydi, bu haqda biror gazetada o’qimaysiz. Hayot bularsiz emasku, axir" - deydi Asqar Mahkam.

Bugungi kunning o’ziga xos xususiyati Oliy majlis saylovlari oldidan O’zbekistonda mavjud besh siyosiy partiyaning bir-biridan o’zib saylovchilarga nisbatan xayr-saxovat ko’rsatishidir. Misol uchun, 2004 yili dekabr oyida Oliy majlisning quyi palatasiga bo’lib o’tgan saylovlar oldidan yangi tashkil etilgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston liberal demokratik partiyasi saylovchilarga bir necha million so’mlik xayr-saxovat yordami ko’rsatganligi aytilgandi.

Ayrim o’zbekistonliklar fikricha, ba’zi boylar va xayriya tashkilotlari o’zlarining arzimagan saxovatlarini ommaviy axborot vositalari orqali tashviq qilib, o’ziga xos piar kampaniyasiga aylantirmoqdalar. Sharq xalqlarida xayr-saxovat yashirincha qilinishi, ya’ni o’ng qo’l bilan berganni chap qo’l bilmasligi lozim, degan tushuncha mavjudligini aytadi ismini oshkor etishni istamagan injener-texnolog.

Keyingi paytlarda bo’layotgan ayrim xayriya tadbirlarini ko’rib, “minnatli oshdan, minnatsiz yovg’on” degan xalq maqoli yodga tushadi. Har qanday xayriya o’sha xayriya oluvchi fuqaroning izzat nafsini, g’ururini toptaydi. O’sha inson majburlikdangina shu xayriyaga rozi bo’lishi mumkin. Har qanday jamiyatda xayriya oluvchi fuqaro yoki tashkilotning soni kamayib borishi kerak. Shundagina bugun keng reklama qilinayotgan yangi boylarning yoki yangidan-yangi ochilayotgan tashkilotlarining xayriyasiga ehtiyoj qolmaydi. Xayriyaga muhtoj insonning soni kamayishigina o’sha jamiyatning barqarorligidan dalolat beradi

Ba’zi O’zbekiston fuqarolari jamiyatda boylarning ko’paygani qashshoqlikning kamayishiga turtki bo’lishi mumkin, degan fikrdalar. Biroq so’nggi yillardagi hukumat qarorlari tadbirkorlik tufayli boyiyotgan ayrim insonlarni yana kambag’allar safidan joy olishiga sabab bo’lganligini aytishadi ular.

Ayni paytda ko’pgina davlatlardagi kabi, O’zbekistonda ham faqir fuqarolar bilan ayrim o’ziga to’q boylar orasidagi tafovutning kattalashayotganligi ko’zga tashlanadi. Lekin shu bir qism boylar katta miqdordagi kambag’al holiga tushib qolgan aholiga yordamini ko’z-ko’z qilib emas, balki ularga ko’makning inson qadri va izzat nafsiga tegmaydigan shaklini topishlari lozim, deb hisoblaydi yana bir suhbatdoshim.

Unga ko’ra, bugungi kunda 400-500 odamning yoki televideniye orqali millionlab odamlar oldida falonchining qo’li kaltaligi tufayli o’g’lining qo’lini men halollab berdim, deb maqtanish hech qanday xayr-savobga olib kelmaydi. Aksincha o’sha odamning uyalishiga, ehtimolki farzandi oldida yuzi shuvut bo’lishiga olib kelishi mumkin. U o’zining bunday hollarga guvoh bo’lganini aytarkan, uningcha bugungi kunda xayriyaning ham yangi bir shakllarini izlab topish kerak. Ehtimol o’sha odamlarning g’ururini toptamaydigan tarzda, banklarda hisob raqamlariga pul, foiz omonatlar qo’yishni kiritish lozimdir. Xayriyani berganda qo’shnisi ham bilmaydigan haqiqiy savobga aylantirish lozim, deb hisoblaydi suhbatdoshim.

O’zbekistonda bir necha xayriya tashkilotlari va xalqaro xayriya jamg’armalari mavjud. Biroq ularga faoliyatlari davomidagi muhtojlarga ko’rsatgan xayr-saxovatlari borasidagi mening murojaatim javobsiz qoldi. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, jamiyatda boylar qatlamining, xayriya tashkilotlarining paydo bo’lgani va ularning muhtojlarga yordam berayotgani ijobiy holat. Biroq, ko’pchilik aholi bir siqim boylarning yoki bir necha xayriya tashkilotlarining ko’magini kutib yashamasligi kerak. Buning uchun esa xalq qashshoqlikdan qutilishi, turmush darajasining o’sishiga erishishi lozim. Zero, xalq topib aytganidek: “Qo’l bilan berganga qush to’ymas”.

XS
SM
MD
LG