Breaking News

Toshkent ko'chalarida tilanchilar ko'paymoqda


Keyingi yillar O’zbekistonda qariyalar-u nafaqaxo’rlar, ko’p bolali ayollar va yosh bolalarning tilanchilik bilan mashg’ulliklari kuzatiladi. Ular o’zlarining tilanchilik bilan shug’ullanishlari sababini oiladagi nochorlik hamda nafaqa pullarining ro’zgor tebratishga yetmasligi bilan izohlashadi.

Bugun O’zbekistonda, ayniqsa Toshkentda tilanchilarni deyarli har qadamda uchratish mumkin. Ularning maskani metro bekatlari-yu jamoat transportlari, ko’chalaru istirohat bog’lari, muhtasham restoranlar oldiyu bank idoralari yoniga qadar.

Umuman tilanchilar shahar ahli uchun yangilik emas. Ko’p yillar mobaynida xalq istehzo bilan “multonilar” deb ataydigan lulilar qavmi xonadonlarga kirib, tilanchilik bilan kun o’tkazib kelganlar. Ammo bugungi tilanchilar ko’p jihati bilan an’anaviy tilanchi lulilardan farq qiladi. Tilanchilarning bir toifasi haqiqatan ham nochor ahvolga tushib qolgan, boquvchisi yo’q nafaqaxo’r chol-kampirlar, nogironlardir. Turli millat vakillaridan iborat bu toifadagi nafaqaxo’rlar nafaqasi kiyim-bosh olish u yaqda tursin, kundalik oziq-ovqatlariga ham yetmagani bois tilanchilik yo’li bilan kun kechirishga majburliklarini aytishadi.

Uzoq yillar Tashselmash zavodida ishlagan keksa rus ayoli bugun tilanchilik qilayotgani sababini shunday izohlaydi. “Nafaqaxo’rman, yoshim 75da. Uyda nogiron o’g’lim bor. Nafaqa pulim yetmaydi. Men faqat nonga yetadigan pul so’rayman xolos. Odamlar yordam berishadi. Mana, bugun berishgani non olishimga yetadi”, -deb yig’ilgan sadaqalarini ko’rsatadi ayol.

Tilanchilarning yana shunday guruhi ham borki, ular tilanchilikni o’zlariga kasb qilib olishgan. Odatda bu guruhning qo’l ostida katta sarmoyasi bo’lib, ular uchun tilanchilik – davlat solig’i to’lanmaydigan o’ziga xos biznesdir. Rixsivoy isimli tinglovchimiz so’nggi paytlarda sog’lom, ishga yaroqli kishilarning ham tilanchilik bilan mashg’ullik holatlari ko’payganini aytadi.

“Hozirgi kundagi tilanchilik qilayotganlarning asosiysini qarasangiz, hammasi tani-joni sog’, yosh. Chorrahalarda turishadi-da, Olllohu akbar deb yuziga fotiha tortadiyu moshinalarni oldiga boraveradi. Hammasi ko’rinishidan sog’-salomat. Hozir chorrahalar ham to’lib ketgan. Mening umuman bularga munosabatim salbiy. Taning-joning sog’mi, qo’lingda kuch-qudrating bormi ishlab topgin. Dangasalikmi, yengil mablag’ topishmi bularning hayoti, bilmayman lekin”,- deydi Rixsivoy.

Keyingi yillarda shahar ko’chalarida nafaqat qo’llarini cho’zib yoki duolar aytib sadaqa so’tayotganlarni, balki o’z hunarlarini ishga solib, deylik dutor chertib, doyra, skripka yo g’ijjak chalib, va yoda ashula aytib tilanchilik qilayotganlarni ham uchratish mumkin. Yo’losti yo’laklarining birida g’ijjak chalib tilanchilik qilayotgan kishi o’zini sobiq musiqa o’qituvchisi deb tanishtirdi.

“Tirikchilik, oilam, farzandim bor. Nafaqam to’qqiz ming. Bu pul nima bo’lardi, yetmaydi. Xalqqa rahmat, xalq bor ekan, xalqning orqasidan kun ko’ryapmiz. Xalq bo’lmasa yashashni tasavvur qilib bo’lmaydi. Shuncha xalq o’tadi, shular qanchadan tashlab o’tsayam, bir kunga ishqilib yetadi”, -deydi u.

So’nggi paytlarda ro’zg’or tebratish tashvishida yurgan yosh bolalar ham O’zbekiston uchun oddiy holga aylangan. Jamoat transportiyu metro bekatlarida tilanchilik qilayotgan turli yoshdagi bolalarning aksariyati uydagi yaqinlarining ochligi yoki kasalligi bois sadaqa so’rashayotganini aytishadi.

Shaharning markaziy xiyobonlaridan birida bola qo’ltiqlab, yo’lak chetida o’tirib tilanchilik qilayotgan ayol esa bu ishni kasb qilganiga 8 oy bo’lganini bildiradi.

“To’rtta bolam bor. Xo’jayinim o’lib qolgandan keyin shu kasbni qildim. Belim chiqqan mening, ishlolmayman. Shu sababdan bir soat-ikki soat o’tirib ketaman. Bolam kuyib ketgan, qarang, hamma joyi kuyib ketgan bolamning, ushaning uchun ko’p turmayman”, -deb qo’lidagi bolasining kuygan yuzlarini ko’rsatadi y.

Bu ayolning aytishicha, uning o’zi va bolalari uchun oladigan nafaqasi 2 xonali uyining puli, chiroq puli va boshqa communal xizmatlar haqi to’lansa, biro y davomida bolalarining oziq-ovqatiga yetmaskan. “Tilanchilik qilish ham og’ir ekan. Bolalarimning yeguligiga yetadigan pul topsam uyga qaytaman”, -deydi u.

Sharqda azaldan bechora kishiga nisbatan rahm-shafqat hislari ustun turgan. Shu sababli tilanchilar hech qachon och qolishmagan. Har qalay, so’nggi yillar shahar ko’chalarida tilanchilarning ko’payishi farovonlikdan nishona emasday.

XS
SM
MD
LG