Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev Sotsial-Demokratlar partiyasiga yangi hukumat tuzish vazifasini topshirdi. Parlamentda eng ko’p deputati bor sotsial-demokratlar boshqa partiyalar bilan muzokara boshlagan.
Bu yirik partiya parlament koalitsiyasi tarkibidan chiqqan va oqibatda yangisini tuzish zarurati paydo bo’lgan edi. Fraktsiyalardan biri esa spikerga ishonchsizlik bildirib, lavozimidan ketsin, deya talab qilgan.
“Or-Nomus” partiyasi vakilasi, deputat Aynuru Altibayeva bu jarayonni demokratik andozaga xos, deb hisoblaydi.
“Bu normal hol, siyosiy kurash. Biz parlament boshqaruvi yo’lida birinchi qadamlarni qo’yayapmiz. Koalitsiya tuzib, tarqash tabiiy protsess. Tajriba yillar davomida to’planadi”, - deydi u.
Bishkeklik tahlilchi, sobiq diplomat Orozbek Moldaliyev:
“Uch fraktsiyadan iborat koalitsiya tuturiqsiz ekanini ko’rsatdi. Bittasi chiqib ketsa, u behol bo’lib qolar ekan. Yana bir tomoni partiyalar hamma lavozimlarni bolib olishdi. Hatto, gazeta muharrirlarini tayinlashga borishdi, ko’mir tashish ishlarigacha. Shu bois koalitsiya tarqalganiga ijobiy munosabat bildirmoqda ko’plar”.
Atambayev qarorini aksar tahlilchilar kutgan edi. Amaldagi prezident Sotsial-Demokratik partiyaning asoschisidir.
Partiya parlamentda yetakchi o’rinlardan birini egallaydi va dastlab “Respublika” partiyasi bilan gaplashishi kutilmoqda.
Altibayeva fikricha, yangi koalitsiya umumiy mafkura, iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotga yakdil qarash asosida tuzilishi lozim. Yagona poydevor kerak. O’shandagina koalitsiya kuchli bo’ladi, deydi u.
“Menimcha, koalitsiya to’rt partiyadan tuziladi”, - deydi Moldaliyev. “Sababi bir fraktsiya albatta muxolifatda qolishi kerak. Bosh qomusda bu ko’zda tutilgan. Oppozitsiyaga byudjet va xavfsizlik bo’yicha qo’mitalar beriladi”, - deydi tahlilchi u.