Shu kunlarda Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 66-sessiyasi bo’lib o’tmoqda.
Jahon hamjamiyatining eng jiddiy va nufuzli yalpi yi’gilishi hisoblangan bu tadbirda dunyo davlatlari rahbarlari muhim masalalar yuzasidan fikr bildiradi, o’z mamlakati pozitsiyasini ifodalashga, nufuz-ta’sirini oshirishga harakat qiladi.
Sovet Ittifoqi parchalanib sobiq ittifoq respublikalari mustaqillikka erishganidan beri, ular o’rnida yaralgan davlatlar prezidentlari ham yuqori minbarda turib nutq so’zlaydi.
Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva BMT minbaridan o’z xalqiga murojaat qildi.
“Bizni butun dunyo kuzatmoqda. Erkinlikni qadrlay olishimiz va unga loyiq bo’lishimiz kerak. Etnik, milliy yoki diniy asosda ajralishga bizning haqqimiz yo’q”, - dedi Otunbayeva.
Qirg’iziston rahbari mamlakat farovonligini ta’minlaydigan omillar sirasida milliy uyg’unlik, qonun ustuvorligi, adolatli hokimiyat, fuqaroviy ishtirok va ozod mabuotni sanab o’tdi.
Qirg’izistonning sobiq rahbarlari mamlakatni talon-taroj qildi va xalq boyliklarini o’mardi deya, Roza Otunbayeva BMTni diktatorlarni jazolash va xalqqa o’g’irlangan zaxiralarni qaytarish yo’llarini ishlab chiqishga chaqirdi.
“Diktatorlar xorijda berkinishi emas, balki xalqqa qarshi harakatlari uchun javob berishi kerak”, - dedi u Rossiya va Belarusda boshpana topgan sobiq prezidentlar Askar Akayev va Qurmanbek Bakiyevni nazarda tutib.
Qirg’iziston BMT Xavfsizlik Kengashining 2012-2013 yillarda muvaqqat a’zosi etib saylanishga o’z nomzodini qo’ygan.
Qozog’iston prezidenti BMT minbarida turib, xalqaro hamjamiyat e’tiborini yadroviy qurol masalasiga qaratdi.
Nursulton Nazarboyev yadroviy quroldan xoli dunyo haqidagi umumjahon deklaratsiyani ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
“Bugungi kunda dunyoda adolatsiz vaziyat vujudga kelgan. Ayrim davlatlar yadroviy qurolga ega bo’lishi va uni mukammalashtirishi mumkin, boshqalarga esa hatto bunday qurol ustida ish olib borish ham qat’iyan man etilgan”.
Bu adolatsizlik, deya ta’kidlagan Nazarboyev xalqaro huquq normalari qayta ko’rib chiqilishi kerak, dedi.
Semipalatinskdagi yadroviy poligonning yopilishini Nazarboyev Qozog’istonning butun jahon yadroviy xavfsizligiga qo’shgan ulkan hissasi deya baholadi.
Qozoq rahbari kiritgan takliflardan yana biri – iqtisodiy barqarorlik va inqirozlarning oldini olishda BMT asosiy ro’l o’ynasin.
“Global tashkilotlarning moliyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi asosiy faoliyati – inqirozni oldindan bashorat qila bilish va uning oldini olishdan iborat bo’lishi kerak”, - dedi Qozog’iston prezidenti.
Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov o’z nutqida e’tiborni ikki asosiy masalaga qaratdi: Markaziy Osiyoni boshqa mintaqalar bilan bog’laydigan transport yo'llari va iqlimdagi salbiy o’zgarishlar.
“Yillar davomida bizning mamlakat mintaqadagi hamkorlari bilan birgalikda Yevrosiyoda transport va yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish ustida ish olib boradi. Shimol-Janub hamda G’arb-Sharq yo’nalishlari o’laroq, bu kelajagi nihoyatda porloq loyiha,” - dedi turkman rahbari.
U, shuningdek, Kaspiy va Qora dengizlari, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqni bir-biriga bog’laydigan transport koridorini barpo etish zaruriyatiga alohida to’xtaldi.
Qurbonguli Berdimuhammedov iqlim o’zgarishi va ekologik xavfsizlik masalasi bilan shug’ullanuvchi maxsus markaz tuzish va uning qarorgohi Ashgabatda joylashishi kerak, deb aytdi.
“Turkmaniston hozirda keng ko’lamli milliy strategiya ustida ishlamoqda. Hujjat tayyor bo’lgach, biz uni BMT e’tiboriga havola etamiz. Bu bizning iqlim o’zgarishi masalasi borasidagi umumiy ishga hissamiz bo’ladi,” - deya va’da berdi Berdimuhammedov.
Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili BMT Bosh Assambleyasi yig'inida Rossiyani ayblay ketdi.
“Rossiya Gruziya hududining 20 foizini bosib olgan. Xalqaro huquq tamoyillari hamda 2008-yilda imzolangan sulh bitimini buzayapti”, - dedi Gruziya prezidenti.
Saakashvili Sovet Ittifoqi parchalanganining 20 yilligi va undan so’nggi jarayonlar haqida gapirdi. Gruziyaning demokratik islohot borasidagi yutuqlariga to’xtaldi.
“Arab bahori”ni tilga olar ekan, Saakashvilining aytishicha, bugungi kunda erkinlikka da’vatlar umumjahon tus olgan. Sovet Ittifoqining parchalanishi kelgusi demokratik inqiloblarga yo’l ochib bergan, deya fikr bildirdi u.
Gruziya rahbari ta’kidiga ko’ra, erkinlik - farovonlik va tinchlikka olib keladigan yagona yo’ldir. Usiz terrorizm ustidan g’alaba qozonish mumkin emas.
Demokratik inqilobni boshdan kechirgan yana bir sobiq Sovet respublikasi – Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich ham nutqini demokratiya va erkinlik haqidagi bayonotlar bilan boshladi.
“Ukrainada amalga oshirilayotgan islohotlar aynan demokratik qadriyatlarga asoslanadi”, - dedi u.
“Qonun ustuvorligi va inson huquqlari tamoyillari zamonaviy tahdidlarga, shu jumladan terrorizmga qarshi kurashda nihoyatda muhim”, - deya ta’kidladi Yanukovich.
BMT Bosh Assambleyasi yig’inida O’zbekiston vakilining nutq so’zlashi ko’zda tutilgan. Mana bir necha yildir-ki, prezident Islom Karimov BMT yig’inlarida qatnashmaydi.
Uning o’rniga yuqori minbarga Tashqi ishlar vaziri Elyor G’aniyevning chiqishi kutilmoqda.