Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 66- sessiyasi avjida. Bugun AQSh rahbari qatorida u yerdan Meksika, Fransiya, Qatar va Livan, shuningdek Qozog’iston rahbari dunyo ahliga murojaat qilib, o’z mamalakatining bugungi kuni va global masalalar haqida gapirmoqda.
Nursulton Nazarboyevning aytishicha, uning davlati xalqaro maydonda yetakchi rollarni o’ynashga tayyor. Yadroviy qurollar va materiallar tarqalmasligining oldini olish, diniy va etnik hamjihatlikni targ’ib qilish… Bu borada Qozog’iston namuna bo’la oladi, deydi Nazarboyev.
O’zbekiston rahbari Islom Karimov sessiyaga tashrif buyurmagan, respublika diplomatlari qatnashmoqda xolos.
Ko’pchilik Baraka Obamaning nutqini kutayotgan edi. AQSh prezidenti asosiy diqqatni Isroil-Falastin mojarosi, arab inqiloblari va jahon iqtisodiyotiga qaratdi.
Obama prezidentlikka kelishidan oldin ham, Oq Uyni egallaganidan keyin ham xalqaro hamkorlikka, diplomatiyaga urg’u berib keladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilib, uning nufuzi va unga nisbatan ishonchni oshirish lozim, deydi Amerika rahbari.
Tinchlik, farovonlik, erkinlik va hamkorlik – BMT vujudga kelganida unga shu maqsadlar yo’lida ishlashdek oliy vazifa topshirilgan edi, deydi Obama.
Dunyo bo’ylab, ayniqsa uzoq yillar davomida repressiya va zulm ostida yashagan xalqlar diktatorlarga qarshi bosh ko’tarib, o’z haqqini talab qilar ekan, yangi bir davr boshlanmoqda, deydi Obama. Tunis, Misr, Liviyada olamshumul o’zgarishlar ro’y berdi. Suriya hamon qo’zg’olon ichida.
“Prezident Bashar al-Assad o’z xalqiga qarshi kuch ishlatar ekan, hammamiz bir ovozda yo’q deyishimiz, uni hokimiyatdan ketishga chaqirishimiz kerak”,- deydi Obama.
Global hamkorlik faqat so’zda emas, amalda o’z aksini topishi kerak. Liviyada 42 yillik rahbar Muammar Qaddafiy o’z xalqini qira boshlagan, NATO ko’rgan choralar, Obama nazarida, xalqaro hamkorlik namunasi.
“BMT, Arab Ligasi va boshqalar, hammamiz bir yoqadan bosh chiqardik, bu yutuq”,- deydi u. “Bugun Liviya ozod va erkin bir jamiyatga aylanish haqida o’ylamoqda. Biz uni quvvatlaymiz”.
Falastin mustaqil va suveren davlat sifatida tan olinishni so’ramoqda. Obama fikricha bu xalq shunday talab qo’yishga haqli, lekin avval Isroil bilan tub kelishmovchiliklar, xususan hududiy muammolar hal etilishi lozim.
Isroil Falastin o’z yeri deb biladigan joylarda yahudiy aholi uchun uy-joy qurishda davom etarkan, tinchlik muzokaralari boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Bu muzokaralarni qayta boshlash kerak va mushtarak manfaatlarni hisobga olgan holda kelishish lozim, deydi Obama.
Amerika prezidenti o’z nutqida anchadan beri yangrayotgan bayonotni yana bir bor takrorladi:
“Isroil-Falastin mojarosining yechimi bu ikki tomon yetakchilarining qo’lida – murosa qiling, tamom”,- deydi Obama.
AQSh Iroqdagi jangovar harakatlarni yakunlab, bugun uning kuchlari mahalliy xavfsizlik tizimlariga yordam berish band. Iroq demokratik jamiyatga aylanish yo’lida ekan, Amerika har jihatdan yordamni davom ettiradi, deydi Obama.
Afg’onistonda esa al-Qoida va Tolibonga qarshi bosimni oshirayapmiz, bu urushni ham yaqin kelajakda tugatish oldimizdagi dolzarb vazifa, deydi prezident. Osama bin Laden endi yo’q, Al-Qoida ildiziga bolta urildi, deydi Obama.
Amerika xalqi urushlardan charchagan, lekin o’z xavfsizligi va dunyo barqarorligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko’rishda davom etadi. Ekstremizmga qarshi kurashning cheki ko’rinmaydi, lekin biz mutaassib kuchlarga, insoniyatni ezishga urinayotgan tomonlarga bosh egmaymiz, deydi Amerika rahbari.
Obama BMTdagi bugungi nutqida inson huquqlari va erkinlik targ’ibotiga alohida to’xtaldi.
Fuqarolarning fundamental huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash mana shu tashkilotga a’zomiz degan har bir davlat va hukumatning burchi, deydi Amerika rahbari.
Uning nazarida Eron va Suriyadek repressiv tuzumlarga BMT Inson Huquqlari Kengashida o’rin yo’q.