Liviya ahli ozod, demokratik va farovon davlat barpo etish niyatida, Qo’shma Shtatlar bu yurtni qo’llab-quvvatlaydi, dedi prezident Barak Obama.
Amerika rahbari bugun Nyu-Yorkda BMT qarorgohida Liviya Muvaqqat boshqaruv kengashi raisi Mustafo Abdul Jalil boshliq delegatsiya bilan uchrashgan.
Liviyada xavfsizlikni ta’minlash, demokratik o’zgarishlarni amalga oshirishda Amerika ishonchli hamkor va do’st, dedi Obama. Rasmiy hisoblarga ko'ra, Liviyadagi g'alayon kamida 25 ming odamni hayotdan olib ketgan.
Amerika prezidentining aytishicha, Liviya misolida ko’rish mumkinki, xalqaro hamjamiyat birlashib zug’um va shafqatsizlikni yenga oladi.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun Liviyaning do’stlari shiori ostidagi muloqotga raislik qilmoqda. Hozirda bu davlat oldida turgan bosh muammolar - tinchlik va xavfsizlik, dedi Pan Gi Mun.
Xalqaro tashkilot tez kunda Tripoliga siyosiy mashalat-qo’llab-quvvatlov guruhini safar etishi rejalangan.
Biroq Liviya sobiq yetakchisi Muammar Qaddafiy nazarida mamlakatdagi voqealar NATO rejalagan maynavozchilikdan boshqa narsa emas va uzoqqa bormaydi.
O’tgan oydan beri ko’rinish bermagan Qaddafiyning audio-murojaatini kecha Suriyaning al-Ray telekanali efirga uzatdi. Liviya muvaqqat boshqaruv kengashi esa sobiq rahbarga xayrixoh shaharlardan biri Sabhani qisman qo’lga kiritgan.
Aeroport va yana bir necha strategik bino endi bizniki, deydi polkovnik Ahmad Bani. Qo’shni Nigerga yetaklovchi trassa aynan Sabha shahri orqali o’tadi va bu yutuq muvaqqat rahbarlar uchun muhimdir.
Muammar Qaddafiyga sodiq yana ikki shahar Bani Valid va Sirta ham janglar tinmayapti.