Liviya sobiq rahbari Muammar Qaddafiyga xayrixoh kuchlar bugun qo’shni Nigerdan panoh topgan. Kamida 200 mashina chegarani kesib o’tgani xabar qilinmoqda.
Nigerdan kelayotgan xabarlarga ko’ra, harbiy kolonna kecha tunda chegaradan o’tib, bugun poytaxt Niamey tomon yo’l olgan.
Niamey shahri Burkina Fasodan sal narida joylashgan. Ikki hafta burun bu davlat ham polkovnik Qaddafiyga boshpana taklif qilgan edi. Qaddafiyning xavfsizlik brigadasi boshlig’i Mansur Dao ham Nigerda ekani ma’lum.
Sobiq rahbarning qayerda ekani hamon noaniq. Uning yaqinlari, safdoshlari haqida ham tayinli xabar yo’q. Niger rasmiylari harbiy karvon borganini tasdiqlasada, unda Muammar Qaddafiy yo’q edi, demoqda.
Qaddafiy Nigerda Tuareg ko’chmanchi qabilasi bilan yaqin aloqada bo’lib kelgan. Polkovnik bu qabila Nigerda muxtoriyat talab qilib isyon ko’targanida ularni qo’llab-quvvatlagan, o’z navbatida Tuareg a’zolari Liviyadagi qo’zg’olonni bostirishga yordam bergan.
Liviyaning o’zida esa Qaddafiyga sodiq qolayotgan shaharlar hamon qamal holatida. Muvaqqat boshqaruv kengashi Bani Valid, Sirta, Jurfa va Sabha kabi shaharlarga taslim bo’lish uchun shanbaga qadar muhlat bergan ekan, atrofga askarlar tortilmoqda.
Liviyadagi eng yirik Varfalla qabilasi bilan muzokaralar hali natija berganicha yo’q. Bu qabila Qaddafiyning 42 yillik boshqaruvi davrida hokimiyatning ishongan tog’i edi. Sobiq rahbarning ikki o’g’li va matbuot kotibi Bani Valid shahrida yashiringani taxmin qilinadi.
Bu orada Xitoy mahalliy qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning iyul oyida Qaddafiy ma’muriyati bilan kechgan muloqoti va rejalangan bitimlarni izchil tekshirishga va’da vermoqda.
Kanadalik jurnalistlar sal avval Tripolida maxfiy hujjatlarni qo’lga kiritgan edi. Ulardan ma’lum bo’lishicha, Xitoy kompaniyalari Qaddafiyga 200 million dollarlik qurol taklif qilgan.
Rasmiy Pekin buni tasdiqlar ekan, Qaddafiy elchilari Xitoyga borib, isyonni bostirish maqsadida qudratli qurol-aslaha so’ragan edi, demoqda. “Bundan e’tiboran harbiy eksport ustidan nazorat kuchaytiriladi”, - deydi hukumat matbuot kotibi Yan Yu.
Uning aytishicha, Liviyaga qurol-yarog’ jo’natilmagan va rasmiy Pekin BMT embargosiga qat’iyan amal qilib kelgan. Qaddafiy ma’muriyati bilan gaplashgan shaxslar esa javobgarlikka tortiladi, deydi u.
Xitoy Liviyaning muhim savdo hamkori va bu davlat neft sektoriga milliardlab dollar sarmoya kiritgan. 35 ming ishchisi Liviya sanoatida mehnat qilib keladi.
Yan Yu Liviya yangi rahbariyati avvalgi bitimlarga amal qiladi, Xitoy manfaatlarini himoya qiladi degan umidda. Bunga javoban urushdan keyingi Liviyani qayta tiklashga yordam beramiz, deydi u.