Liviyani 42 yil boshqargan, biroq xalq isyoni oqibatida quvilgan Muammar Qaddafiy bugungi audiomurojaatida tarafdorlarini taslim bo’lmaslikka va qo’zg’olonga undadi.
“Liviya qonga belansin, mayli, alanga olsin, mayli. Bo’sh kelmang va oxir-oqibat g’alaba qozonamiz”, - dedi u.
Muvaqqat rahbarlar Qaddafiyning ona shahri Sirtaga qurolni topshirish uchun shanbaga qadar muhlat bergan edi. Lekin bugun bu muhlat bir hafta cho’zilgan. Muzokaralar hali natija berganicha yo’q, deydi rasmiylar.
Shuningdek, bugun xalqaro hamjamiyat Liviya vaqtli rahbariyatiga gumanitar maqsadlarda milliardlab dollar ajratishga va’da berdi. 60 davlat va Liviya arboblari ishtirokida Parijda kechgan yig’inda shunday qarorga kelingan.
Konferensiyada ishtirok etgan Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Liviyaga qarashli, lekin muzlatilgan pullarni xalqqa imkon qadar tez qaytarishi kerak. Qo’shma Shtatlar banklarida Qaddafiy ma’muriyatining 1,5 milliard dollari saqlab kelingan bo’lsa, shuning 700 millioni kuni-kecha Liviyaga jo’natilgan.
Muammar Qaddafiyning xalqqa nisbatan hujumlari bois Niderlandiya, AQSh va Fransiyada muzlatib qo’yilgan besh milliard dollar ham tez orada muvaqqat boshqaruv kengashiga topshiriladi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Liviyadagi 28 ob’yektga, jumladan, port, banklar va neft kompaniyalariga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Liviyaga mutaxassislarini jo’natishi kutilmoqda. Ular davlatni oyoqqa turg’azishda ko’maklashishi kerak bo’ladi.
Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning aytishicha, zarurat bor ekan, NATO Liviyadagi operatsiyasi davom ettiradi. U muvaqqat rahbarlarnin barcha millat, toifa, din va jins vakillarining manfaatlarini birday himoya qilishga undamoqda.
Vaqtincha boshqaruv yetakchisi Mustafo Abdul Jalil tinchlik, tenglik va xavfsizlikni ta’minlashga so’z bergan.