Breaking News

Arab Ligasi Suriyaga qarshi qurol qo'llashi mumkinmi?


Arab Ligasi qarorgohida Suriyani safdan chetlatish masalasi ham ko'rildi
Arab Ligasi qarorgohida Suriyani safdan chetlatish masalasi ham ko'rildi

Arab diplomatlari Suriya hukumatini muxolifat bilan muzokaraga undamoqda. Rejaga ko’ra, tomonlar ikki hafta ichida Arab Ligasi qarorgohida muloqot boshlashi kerak.

Lekin rasmiy Damashqdan hali aniq bir javob yo’q. BMT hisobiga ko’ra, yil boshidan beri namoyish va to’qnashuvlar 3000 odamni hayotdan olib ketgan.

22 a’zolik liganing yakshanba kungi uchrashuvida Bashar al-Assad ma’muriyatini fuqaro chiqishlarini shafqatsiz bostirayotgani uchun safdan haydash muhokama qilingan. Biroq bu masalada tomonlar bir to’xtamga kelmagan.

Uchrashuv o’tkazish tashabbusi bilan chiqqan davlatlardan biri Qatar Tashqi ishlar vaziri Shayx Hamad bin Yassim al-Tani so’zlariga ko’ra, Arab Ligasi Assad ma’muriyatiga bosimni oshirib, oppozitsiya bilan gaplashishga ko’ndirmoqchi.

“Hukumat va muxolifat ikki haftadan keyin Qohirada ko’rishishi mumkin”, - Qatar vaziri.
Suriyaning ligadagi elchisi Yusuf Ahmad ta’biricha, uning hukumati samimiy, samarali da’vatlarni ko’rib chiqishga rozi.

“Suriya hukumati ham demokratiya, islohot va inson huquqlarini mustahkamlovchi takliflarni olg’a surishga qodir”, - deydi diplomat Yusuf Ahmad. Yetti oydan beri namoyishlar bilan yuzlashib kelayotgan Assad ma’muriyati bu va’dalarni amalda isbotlashi kerak.

Bu orada Suriya hukumati harakatlarini qoralab chiqqan guruhlar kecha Arab Ligasi qarorgohi atrofida namoyish qilgan. Rasmiy Damashqni jazolash kerak, deydi ular. Arab Ligasiga kirgan aksariyat davlatlar Suriya hukumati bilan diplomatik aloqani cheklab, bu mamlakatdan elchilarini chaqirib olgan. Lekin Suriyani ligadan chetlatishga kelganda ular qarshi.

Holbuki, sal avval Liviyadagi olishuvlar ketidan Arab Ligasi bu davlatni safdan vaqtincha haydab, harbiy kampaniya boshlagan NATO bilan fikri bir joydan chiqqan edi. Bundan tashqari, deydi misrlik tahlilchi Xisham Qosim, xalqaro hamjamiyat Suriyaga qo’shin tortish haqida ko’pam gapirayotgani yo’q.

“Mintaqadagi qo’shnilar va jahon hamjamiyati hozir faqat qurolni ishga solib, vaziyatni o’zgartirishi mumkin. Lekin bugun bu tashabbusni birov yoqlashi mushkul. Siyosiy bosimga Assad ma’muriyati qayrilib qaramaydi. Chunki Suriya hukumati biladiki, hokimiyatda qolish uchun isyonchilarni qirish kerak, aks holda Assadning boshi ketadi”, - deydi siyosatchi Xisham Qosim.

Xalqaro bosim ostida qolayotgan prezident Bashar al-Assad kuni-kecha qo’mita tuzib, yangi konstitutsiya matnini ishlab chiqishni buyurgan.

Shuningdek, deydi faollar, kecha Dayr al-Zur shahrida xavfsizlik kuchlari dafn marosimiga yig’ilgan 7000 odamga qarata o’t ochgan. Poytaxt Damashq yaqinida ham reydlar o’tib, o’nlab odam ushlangan. Bugun Hims shahridagi to’qnashuvda besh askar o’lgan.

Suriya hukumati zo’ravonlik va isyon qurolli kuchlar hamda terrorchilarning ishi, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG