Breaking News

Iordaniya qiroli Suriya prezidentini iste'foga chaqirdi


Iordaniya qiroli Suriya prezidentini iste'foga chaqirdi
Iordaniya qiroli Suriya prezidentini iste'foga chaqirdi

Suriyadagi ahvolni kuzatayotgan inson huquqlari guruhiga ko'ra, kecha Daraa viloyatida 83 odam o'lgan. 38 nafari oddiy fuqaro, 18 kishi esa armiyadan qochgan zobitlar. Hama va Hims shaharlarida ham bir necha odam o'ldirilgan. Ayrimlarining qiynoqqa solingani aytiladi.

Dezertir askarlar Suriya Ozod armiyasiga asos solib, prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashmoqda. Ular bugun xavfsizlik kuchlari bilan olishib, 34 zobitni o'ldirgan. Mahalliy faollar hisobiga ko'ra, joriy oyda 200 odam nobud bo'lgan, aksariyati Hims shahrida.

Suriya hukumati mamlakatga xorijiy muxbirlarni kiritmagani bois ushbu ma'lumotlarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlatish imkoni yo'q. Xabarlarni, asosan, Londonda asoslangan suriyalik inson huquqlari faollari uzatib turadi.

Iordaniya qiroli Abdulla arab rahbarlari orasida birinchilardan Suriya prezidenti Bashar al-Assadni iste'foga chaqirgan. Shundan so'ng Damashqda bir necha odam Iordaniya elchixonasi yonida namoyish qilgan. Ayrimlari elchixona hovlisiga kirib, Iordaniya bayrog'ini yirtib tashlagan. Agar Suriya hukumati tinch aholiga qarshi zulmni bas qilmasa, ertaga Arab Ligasidan chetlatiladi.

Minglab sobiq harbiylardan iborat Suriya Ozod armiyasidan tashqari bir necha muxolif guruh Turkiyada tashkil etgan Suriya Milliy kengashi va mamlakat ichida joylashgan Milliy muvofiqlashtiruvchi qo'mita Assad hukumatiga qarshi harakat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG