Breaking News

Turkiya bosh vaziri: Suriya rahbariga ishonch qolmadi


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an Suriya hukumatiga ishonch yo'qoldi, demoqda. Rasmiy Anqara Bashar al-Assad hukumatiga bosim qo'yishni boshlaganidan beri munosabatlar sovuq. Shanba kuni Assad tarafdorlari Damashqda Turkiya elchixonasiga hujum qildi. Turkiya Suriya muxolifatiga yordamni oshirmoqda.

Erdog'an Turkiya parlamentida so'zlar ekan, Suriya rahbariyatiga ortiq ishonch yo'q deya, prezident Bashar al-Assadni tanqid qildi.

"Ezilgan xalqning qonida kelajakni qurib bo'lmaydi, Bashar ertami, kech qilmishlariga javob berishi kerak va bu tarix e'tiboridan chetda qolib ketmaydi", - deydi Erdog'an.

Shanba kuni Turkiyaning Suriyadagi diplomatik vakolatlaxonalari hujumga uchragach, rasmiy Anqara Damashqdan uzr so'rashni hamda javobgarlarni jazoga tortishni talab qildi.

Yakshanba kuni esa Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li Assad hukumatiga muxolif Suriya Milliy kengashi a'zolari bilan uchrashdi.

Vazirlik rasmiysi Saljuq Unalning aytishicha, uning hukumati Suriya oppozitsiyasiga rasmiy vakolatxona ochishga ruxsat berdi.

"Turkiyada idora bo'ladi. Vazir Dovuto'g'li Suriya muxolifati bilan ikkinchi bor uchrashdi. Mamlakatdagi ahvol bo'yicha fikrlar bildirildi. Suriya taqdirini xalqning o'zi hal qilishi kerak, dedik. Guruhni zo'ravonlik bilan javob qaytarmaslikka da'vat etdik", - deydi Unal.

Suriya muxolifati majlislarini bir necha oydan beri Turkiyada o'tkazib keladi. O'tgan oy Istanbulda bir necha guruh birlashib, Suriya Milliy kengashiga asos soldi.

Turkiyada chiqadigan "Milliyet" gazetasi muxbiri Semix Idizning aytishicha, rasmiy Anqara Suriya muxolifati bilan jiddiy aloqaga kirishmoqda.

"Qurol bermasa ham, himoya bilan ta'minlamoqda. Endi esa tashqi ishlar vaziri ular bilan uchrashmoqda ham. Assadning kuni bitishiga oz qoldi, kengash bilan aloqani kuchaytirish kerak, degan fikr mavjud", - deydi jurnalist.

Turkiya hukumati muxolifatni qurollantirayotganimiz yo'q degani bilan Suriya Ozod armiyasi yetakchilariga panoh bergan. Suriya armiyasidan qochgan zobitlar hisobiga tashkil topgan bu guruhning aytishicha, uning tarkibida 15 minggacha sobiq askar bor. Ayni damda ular Suriya armiyasiga qarshi urushmoqda. Ayrim xabarlarga qaraganda Turkiya yaqin orada Suriyaga qo'shin tortib, Assadga qarshi kuchlar uchun xavfsiz zona yaratmoqchi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Saljuq Unal interventsiya masalasi kun tartibida yo'q, lekin umuman olganda ehtimoldan xoli emas, deydi.

"Har bir davlat kabi turli vaziyatlar uchun o'ziga yarasha rejamiz bor", - deydi u.

O'tgan oy Bosh vazir Erdog'an sanksiyalar haqida so'z ochgan edi, biroq Van shahrida 600 dan ziyod odamni nobud qilgan kuchli zilzila davlat rahbarini bu masaladan chalg'itdi.

Jurnalist Idizning aytishicha, Turkiya-Suriya munosabatlari yashin tezligida sovuqlashar ekan, rasmiy Anqara 800 kilometrlik chegaraga ko'z-quloq bo'lishi lozim.

"Turkiya ayni damdagi vaziyatga munosabat bildirmoqda xolos, ammo nima bilan tugashini bilmaydi. Judayam ehtiyot bo'lish kerak", - deydi muxbir.

Suriya muxolifatini qo'llab-quvvatlayotgan Erdog'an prezident Assad ham G'arb, ham arab davlatlari bosimi ostida tez orada hokimiyatdan ketadi degan umidda. Shundan so'ng Turkiyaning roli qanday bo'lishi hozircha aniq emas.

Bu o'rtada Germaniya, Britaniya va Fransiya BMTda Suriyaga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda. Germaniyaning BMTdagi elchisi Piter Vittigning aytishicha, rezolyutsiya Suriya prezidenti Bashar al-Assad yakkalanayotganini aks etishi kerak.

Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, bir necha arab davlatlari rezolyutsiya loyihasini qo'llab-quvvatlashini bildirgan. Ammo Xitoy va Rossiya xavotir bildirmoqda. O'tgan oy Xavfsizlik Kengashida shu kabi hujjat ovozga qo'yilganida, bu davlatlar veto qo'ygan edi.

Xitoy muammoni siyosiy usullar orqali hal etishga chaqirmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya hukumati va muxolif guruhlarini zo'ravonliklarni bas qilib, muloqot boshlashga chaqirgan. Fransiya Tashqi ishlar vaziri Alan Juppe biz ham Suriyaga qarshi kuch ishlatish tarafdori emasmiz, deya muxolif guruhlarni birlashishga chaqirgan. Juppe Suriya Milliy kengashiga yordam berishga tayyormiz, demoqda.

Kecha Arab Ligasi Suriyaga uch kun muhlat bergan. Bu vaqt ichida prezident Bashar al-Assad zo'ravonliklarni bas qilib, liga kuzatuvchilariga vaziyatni nazorat qilishga ruxsat berishi kerak. Aks holda nima bo'lishi ma'lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG