AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta juma kuni Anqarada Turkiya rahbariyati bilan uchrashdi. Muzokaralar NATO tashkilotiga a’zo Turkiyaning mintaqadagi roliga bag’ishlandi.
AQSh qo’shinlari Iroqni tark etmoqda. Prezident Abdulla Gul va boshqa rasmiylar bilan uchrashuvi chogi’da Panetta Turkiyaning mintaqadagi roliga urg’u berdi.
AQSh Mudofaa vaziri Anqaraning ayrim qadamlari, xususan Suriya hukumatining namoyishchilarga nisbatan zo’ravonlik qo’llaganini qoralab, prezident Bashar Al-Assadni hokimiyatdan voz kechishga undaganini yuqori baholadi.
Turkiya Afg’onistonda tinchlik o’rnatish harakatlarida faol va NATO raketalarining o'z hududida joylashtirilishiga rozi bo’lgan.
Rossiya bunga qarshi, lekin Turkiya rasmiylarining aytishicha, norozi davlatlar haqiqatni tan olishga majbur.
Panetta deydiki, AQSh Turkiyaga kurd jangarilariga qarshi kurashda yordamni ayamaydi.
“Muhokamalar davomida men bir narsani ochiq aytdim: AQSh Turkiyaga bu tahdidga qarshi kurashda yordam beradi”.
Tahlilchilar fikricha, Vashingtonning asosiy maqsadi - Turkiyaning mintaqadagi rolini mustahkamlash va bu bilan Iroq va Afg’onistondagi nisbiy barqarorlikni saqlab qolish.
Bu Anqara manfaatlari bilan uyg’un, chunki u azaldan Iroqdagi ta’sirini kuchaytirishga intilib kelgan.
"Bundan buyon Iroq hududini nazorat qiluvchi samolyotlar Turkiya orqali uchib o’tadi. Amerika Inchirlik harbiy bazasidan yanada ko’proq foydalanadi”, - deydi siyosatshunos-olim Soli O’zel.
Qo’shma Shtatlar Eronning mintaqadagi ta’siri kuchayishidan xavotirda. Shu sabab u Turkiyani qattiqroq quvvatlamoqda, deydi tahlilchilar.
”Eronning Iroqdagi shialar yordamida ta’sirini oshirishga urinishi Turkiyani tashvishlantirmoqda. Eron va Turkiya azaldan raqobatda,” – deydi “Milliyet” gazetasi siyosiy sharhlovchisi Semix Idiz.
Vashington-Anqara aloqalari kuchayishi Tehronni yanada g’azablantiradi, deydi u.
“Biz Eronni xalqaro hamjamiyatdan ajralmaslikka da’vat etib kelamiz. Mintaqadagi progressga qarshi chiqish o’rniga hamma mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga chaqiramiz. Turkiya ham shu fikrda”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri.
“Turkiya va Qo’shma Shtatlarning mintaqaga oid maqsadlari bir. Hozirgi beqarorlik tugab, o’zgarishlar mintaqa va xalqlarga ijobiy natijalar olib kelishiga umid qilamiz”, - dedi Panetta.