Breaking News

Obama va "arab bahori", inqilob-qo'zg'olonlarning bir yilligi


Obama va "arab bahori", inqilob-qo'zg'olonlarning bir yilligi
Obama va "arab bahori", inqilob-qo'zg'olonlarning bir yilligi

Prezident Barak Obamaning arab dunyosidagi inqilob va qo'zg'olonlar yuzasidan qilgan bayonotlari bot-bot tanqidga uchrab keladi.

Lekin, deya xulosa qiladi ayrim siyosatdonlar, "arab bahori" boshlanganidan bir yil o'tib, strategiya to'g'ri ekani ayon bo'lmoqda. AQSh inqilobchilar tarafini olishi kerak, deydi ular.

2010-yilning 17-dekabri, Tunis. Ko’cha-kuyda sotuvchilik qilib kun ko’rgan Muhammad Buaziziy korrupsiya, hukumatdan to’ydim deya o’ziga o’t qo’yib, jon berdi. Voqea nafaqat mamlakat, balki arab dunyosida qo’zg’olonga turtki berdi.

Bir necha oy ichida Misr, Yaman, Bahrayn va Suriya namoyishlar domiga tortildi. Misrda Husni Muborak taxtdan ag’darildi.



Yil oxiriga borib esa Liviya rahbari Muammar Qaddafiy o’ldirildi.
Liviyadagi xalq isyonini Qo’shma Shtatlar va NATO havodan qo’llab-quvvatlab turdi.

Lekin “arab bahori” rivojini oldindan aytish qiyin bo’ldi. Amerikaga hamkor va qarshi mamlakatlarda tuzumlar qular ekan, Obama faqat mayga borib arab dunyosida islohotlar tarafdorimiz deb chiqdi.

“Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada xalq manfaati himoya qilinib, shu asosda siyosiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirilsin, deymiz. Mana shunday strategiya, mana shunday yondashuvni Amerika qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi Obama.

AQSh arab dunyosidagi chiqishlarni yoqlab chiqqani zahoti yana tanqid ostida qoldi. 2009-yilgi Eron voqealari va xalq namoyishiga Oq uy nega yordam bermadi, degan savol yangramoqda. Qo’shma Shtatlar rahbari qo’zg’olonlar borasida o’ylab qaror qabul qilishi kerak, deydi amerikalik olim Volter Rassel Mid.

"O’nlab muhim, hamkor va g’anim davlat g’alayonga tortilgan taqdirda Amerika prezidenti, qaysi partiya vakili bo’lishidan qat’iy nazar, bir zumda aniq strategiya bilan chiqa oladi deb o’ylash noto’g’ri. Agar odam obdon mushohada qilsa, buning iloji yo’qligini tushunadi”, - deydi olim.

Amerika siyosati zo’ravonlikka yo’l qo’ymaslik, umumbashariy qadriyatlar, inson huquqlarini himoya qilib, xalqqa rahbarni tanlash huquqini berish kabilarga asoslanadi. Barak Obamaning yondashuvi to’g’rimidi? Diniy erkinlik bo’yicha izlangan Kurt Vertmuller gapiradi:

“Har bir davlatga Amerika alohida muomala qiladi. Albatta, qo’zg’olonlar bir-biriga o’xshab ketishi mumkin. Ammo arab dunyosidagi har bir mamlakat o’ziga xos”, - deydi tadqiqotchi.

Boshqa bir ekspert Samuel Tadros fikricha ham prezident Obamaning qarori asosli. Biroq voqealar jadal rivojlanar ekan, Oq uy ham bo’ysunishga majbur bo’ldi.

Mutaxassislar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi jarayonlar hali uzoq davom etadi, xususan, Misrda islomiy kuchlar hokimiyatga kelib, Suriyada fuqarolik urushi boshlanishi ehtimoldan xoli emas, deydi. Amerika rahbariyati ham moslashib borishi kerak bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG