Misr - Amerikaning muhim hamkorlaridan biri. Yordam sifatida bu davlat Qo'shma Shtatlardan yiliga yuz millionlab dollar oladi. Vashington, tabiiyki, Misrdagi zo'ravonliklardan tashvishda.
O'tgan bir necha kun ichida o'nlab insonlar halok bo'lgan. Harbiy boshqaruvdan norozi omma Qohiraning "Tahrir" maydonida namoyishlarni tunu kun davom ettirmoqda. Noyabr oxirida parlament saylovlari bo'lib o'tadi. Harbiylar hukumat kelasi yilning iyul oyigacha fuqaro qo'liga topshiriladi deydi, lekin xalq orasida bunga ishonch past.
Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, qon to'kilishlar saylovlarga to'g'anoq bo'lmasligi, mamlakat demokratik tizimga o'tishda davom etishi kerak.
Misr - AQShning Yaqin Sharqdagi ishongan tog'i. Munosabatlarning strategik ahamiyati katta, deydi Merilend universiteti professori Shibli Telhamiy.
"Arab davlatlari ichida aholisi eng ko'p va nufuzi baland mamlakat bu. Misrdagi jarayonlarning mintaqaga, Amerikaning regiondagi manfaatlariga ta'siri bor. Shu sabab Qo'shma Shtatlarda xavotirga sabab bor", - deydi Telhamiy.
Olimning aytishicha, Misrda namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o'rtasidagi to'qnashuvlar Amerika jamoatchiligi fikriga ham ta'sir qilishi mumkin.
"Vaziyat yomonlashgudek bo'lsa, Kongress va amerikaliklar Misr bilan munosabatlarni qayta ko'rib chiqishni talab qilishi mumkin", - deydi Telhamiy.
Misrdagi manzara:
Prezident Barak Obama Misr harbiy rahbarlarini favqulodda holatlar haqidagi qonunni bekor qilib, namoyishchilarni harbiy tribunalda sud qilish hollarini bas qilishga chaqirgan.
AQSh Tinchlik instituti deb nomlanuvchi tahlil markazi xodimi Stiven Xeydemanning aytishicha, zo'ravonliklar natijasida Misr AQShning moliyaviy yordamidan ajralishi mumkin.
"Harbiy kengashga mamlakatni vaqtincha boshqarishayotganini, vakolatlari cheklanganini, Misrda demokratik siyosiy tuzumni yaratish jarayoniga putur yetkazishdan o'zlarini tiyishlarini bot-bot tayinlashimiz kerak", - deydi tahlilchi.
Yana bir tahlil markazi, Potomak instituti eksperti Tafiq Hamid nazarida esa harbiy kengashga haddan ortiq bosim qo'yib bo'lmaydi. Oqibati yaxshi bo'lmasligi mumkin, ayniqsa Isroil uchun, deydi u.
"Natijada hokimiyatga islomiy kuchlar kelishi mumkin", - deydi Hamid.
Misrda sobiq prezident Husni Muborak ketganidan beri mamlakatni vaqtincha boshqarayotgan harbiy kengash iyul oyigacha saylovlar o'tkazib, hokimiyatni noharbiy hukumatga topshirishga rozi bo'ldi. Ammo so'nggi bir haftadan beri namoyish qilayotgan o'n minglab odamlar harbiylarning zudlik bilan ketishini talab qilmoqda.
Bugun kengash politsiya bilan to'qnashuvlarda qurbon bo'lgan namoyishchilar taqdiridan afsus bildirib, aybdorlarni jazolashga so'z berdi. "Ammo hokimiyatdan hozir ketmaymiz. Aks holda xalqqa xiyonat qilgan bo'lamiz" deyiladi bayonotda.
Harbiylar namoyishchilar va politsiya o'rtasini panjara bilan ajratishga majbur bo'ldi. Ammo Ismoiliya shahrida odamlar askarlarga Molotov kokteyllarini otgan. Iskandariyada ham namoyishchilar politsiya bilan to'qnashgan.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Navi Pillay Misr hukumatini kuch ishlatmaslikka chaqirmoqda.