Breaking News

Misr nasroniylari kelajakdan xavotirda


Qohiradagi cherkovda ibodat
Qohiradagi cherkovda ibodat

Yaqinda Misrda bo’lib o’tgan parlament saylovlarida islomiy guruhlar g’alaba qozonishi taxmin qilinmoqda. Bu esa mamlakat nasroniylarini tashvishga solayotir.

Poytaxt Qohiraning eng iflos mahallalari… chiqindi va axlat tashlanadi bu yerga. Aynan shu yerda nasroniy-koptlar boshpana topgan. Ko’pchiligi axlatchilik bilan kun ko’radi, sotishga yaroqli buyumlarni qidirish bilan mashg’ul odamlarni ko’rasiz.

Sal narida Yaqin Sharqdagi eng katta cherkov. Iso Masih quvilganidan keyin aynan Misrda boshpana topgan deb ishonib keladi koptlar.

Ammo ular mamlakatda ozchilik. Aholining aksariyati – musulmonlar. Said ismli nasroniy yigit ta’qiblar haqida so’zlaydi:

“Musulmonlar bilan teng ko’rishmaydi, bizni odam deyishmaydi. Eski hukumat davrida cherkov qurish yoki boshqa dinni qabul qilish man etilgan edi. Yangisi ham undan qolishmaydi”, - deydi Said.

O’tgan oy nasroniylar uyushtirgan namoyishda 25 odam halok bo’lgan.

Agar konservativ islomiy kuchlar hokimiyatga kelsa, ahvolimizga maymunlar yig’laydi, deya Saidning fikriga qo’shiladi Medhat Soad, yana bir xristian.

“Salafiylar hokimiyatga kelsa, ko’chaga hijobsiz chiqqan ayol toshbo’ron qilinadi”, - deydi u.

Ayrim mutaxassislar esa vaziyatni boshqacha baholaydi:

“Tanishlarim orasida ko’pchilik, shu jumladan musulmonlar ham yangi parlamentda keskin qarashli dindorlarni ko’rishni istamaydi. Misrliklarning aksariyati islomning siyosatdagi roli mo’tadil bo’lishi kerak, deb hisoblaydi”, - deydi qohiralik siyosatshunos olima Raniya el-Malikiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG