Misrda inqilobdan so’nggi birinchi saylovlarda aksariyat ovozlarni islomiy guruhlar olishga muvaffaq bo’ldi. Bu G’arb davlatlarini tashvishlantiradi. Ayni vaqtda Misrning o’zida ayrim siyosatchilar aholiga G’arb qadriyatlariga berilmang, deya targ’ibot ishlari olib bormoqda.
Poytaxt Qohira yaqinidagi Mit Rahina qishlog’i. Umm Radvan o’glini yetaklab ketyapti. Bola Qur’onni yodlamoqda.
Boshdan oyoq hijobga o’ralgan ayol va diniy bilim olayotan bola… Aksariyat misrliklar aynan shunday.
Garchi inqilobdan keyingi hukumat dunyoviy va liberal bo’ladi deb umid qilingan bo’lsa-da, saylovlarda islomiy partiyalar ko’proq ovoz olishga muvaffaq bo’ldi.
Qishloq masjidi… Mulla siyosat haqida ehtiyotkorlik bilan gapiradi. Demokratiya barchaning haq-huquqlarini hurmat qilishni anglatadi degan holda, qo’shimcha qiladi: ko’chalarda spirtli ichimlik ichadiganlarni ham, yoki ikki erkak turmush qurmoqchi bo’lsa, ularni ham hurmat qiladi.
Bunday gaplar Umm Radvanga yoqmaydi:
“Mumkin emas! Misrda bunga hech qachon ruxsat etilmaydi”, - deydi ayol.
Qo’shnisi Saad Darvish ham unga qo’shiladi:
“Islom ahli demokratik qadriyatlar deydi, albatta, faqat musulmonchasiga. Ichkilikbozlik yoki boshqa nomaqbul ishlarni qilish bizga to’g’ri kelmaydi. Tushunyapsizmi? Bu yerda erkakning boshqa bir erkak bilan yoki ikki ayolning turmush qurishi aslo mumkin emas”, - deydi misrlik.
Qohiradagi Amerika Universiteti professori Said Sodiqning aytishicha, Musulmon Birodarlar partiyasi va salafiylar odamlarni atayin adashtiryapti.
“Ular ichkilikbozlik haqida gapiradi, xuddi Misr aroqqa to’ladek. Nima, borgan yeringizda aroqqa duch kelasizmi? Daraxtlardan meva o’rniga viski shishalari tushyaptimi? Ular ayollarning suvda suzadigan kiyimi – bikini haqida ham ko’p gapiradi. Qashshoq mahallalarga borib ko’ring, bikinida yurgan ayolni ko’rarmikansiz? Misrda bunday narsalarni umuman ko’rmaysiz”, - deydi olim.
Lekin konservativ jamiyatlarga to’g’ri kelmaydigan madaniy taqiqlar haqida gapirganda, quloq soladiganlar doimo topiladi. Saylovchining ko’ngliga yo’l topasiz, deydi Sodiq.
“Bunday targ’ibotdan maqsad – ishsiz yurgan yosh yigitlarni o’z tarafiga og’dirish. Spirtli ichimliklar va bikini kiygan ayollar haqida gapirsangiz, yigitlar albatta quloq tutadi”, - deya tushuntiradi u.
Ammo Misr ahli yangi hukumatdan nafaqat siyosat haqidagi gaplarni kutadi, balki - va birinchi navbatda – iqtisodiy vaziyat yaxshilanishiga umid qiladi. Odamlarni maydonlarga olib chiqqan muammo - aynan og’ir iqisodiy ahvol.
Yangi rahbarlar inson huquqlari haqida nima deydi, bilmadimu, lekin iqtisodni o’nglamasa, ular ham haydaladi”, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan misrliklar.
“Odamlarga yordam bergan, ahvolini yaxshilaganlar qayta saylanaveradi. Yordam bermasa, ular kimga kerak?” - deydi ular.