Suv tanqisligi Yaqin Sharqda jiddiy muammo. Mintaqa aholisi soni o'sishda davom etar, iqlim o'zgarib borar, infratuzilma yaxshilanmas hamda suv tejalmas ekan, bularning barchasi millionlab odamlar turmush tarziga salbiy ta'sir qilishi aniq.
Suv Yaqin Sharqda azaldan tanqis bo'lgan. Uning qadr-qimmatini bilgan odamlar suvdan tejamli foydalangan. Ammo isrofgarchilik hollari bugun ham har yerda uchrab turadi. Masalan, Misr poytaxti Qohirada ayrimlarning bee'tiborligi suv taqchilligiga yetaklovchi omillardan biri.
Hossam Abdulrazzoq ismli misrlikning aytishicha, Qohiraning ayrim mahallarida aksariyat paytda jo'mrakda suv bo'lmaydi. Natijada odamlar uni xususiy tadbirkorlardan sotib olishga majbur.
"Bizning mahallaga suv umuman kelmaydi. Kelganda ham besh daqiqaga xolos. Bolalar chanqog'ini bosish uchun yugurib jo'mrakka osiladi. Ayollar esa ovqat pishirish va ichishga suvni maxsus shirkatdan 25 sentga sotib oladi", - deydi Abdulrazzoq.
Rasmiy manbalarga ko'ra, mamlakatda yiliga 55 milliard kubometr suv iste'mol qilinadi. 87 foizi Nil daryosidan olinadi. Daryoning quyi qismida joylashgan davlatlar bilan kelishmovchiliklar ziddiyatlarga sabab bo'lib, yirik janjalga yetaklashi mumkin.
Bunday mamlakatlarga Efiopiya, Keniya, Uganda va Janubiy Sudan kiradi. Ular suvning kattta qismiga da'vo qiladi, ammo Misr va Sudanning aytishicha, sobiq Britaniya imperiyasi davrida qabul qilingan bitim bunday huquqni ularga bergan.
Britan universitetlarining birida siyosatshunoslikdan dars beruvchi Umar Ashurning aytishicha, Misr yillar davomida janubiy qo'shnilari ehtijoylarini hisobga olmagan.
"Markaziy Afrika davlatlari va janubdagi qo'shni mamlakatlarga nisbatan siyosat to'g'ri bo'lmagan. Sobiq prezident Husni Muborak davrida mintaqadagi taraqqiyot dasturlari, hamkorlikka ko'z yumilgan. Qo'shnilar nazar-pisand qilinmasdi, ayniqsa Efiopiya, Ruanda, Janubiy Sudan va Sudan", - deydi mutaxassis.
Ashurning aytishicha, yanvarda inqilobni amalga oshirgan yosh liderlar Efiopiya va Uganda prezidentlari bilan uchrashib, munosabatlarni yaxshilashga so'z berdi. Suv Misr milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga doir muhim masalalar qatoriga kiradi, deydi siyosatshunos.
Yamanda ham ahvol Misrdagiday. Poytaxt Sanoda suv tanqisligi bois uni shahar chekkasidan mashinada tashishadi.
BMT Taraqqiyot dasturi bergan ma'lumotga ko'ra, bu mamlakatda har yili yerosti suv havzalari yetti metrga qisqarib bormoqda. Ayrim mutaxassislar hisobicha, bu ketishda Yaman 5-10 yilda ichimlik suvisiz qolishi mumkin.
"Yaman Post" gazetasi bosh muharriri Hakim Almasmariyning aytishicha, hukumat aholining 10 foizinigina suv bilan ta'minlashga qodir. Sano jahonda suvsiz qoladigan ilk poytaxt bo'ladi. Sabab qoloq infratuzilma va giyohvand xususiyatlarga ega qat daraxtiga bo'lgan muhabbatda.
"Yomg'irni ichimlik suviga aylantirish texnologiyasi mavjud emas. Suvning barchasi yer ostidan keladi. 70 foizi qat plantatsiyalarini sug'orishga ishlatiladi. Bu narkotik daraxt bo'lib, uni o'stirish ommaviylashmoqda", - deydi jurnalist.
Yamandan shimolda Livan va Suriya joylashgan. Yog'ingarchilik tez-tez bo'lib turadi, ammo qoloq infratuzilma bois suv u yerlarda ham to'planmay, dengizga tushib, yo'qoladi.
Livandagi universitet professori Luis Xobeykaning aytishicha, suv arzon bo'lgani uchun isrofgarchilikka ko'p yo'l qo'yiladi.
"Suv arzon bo'lgani uchun odamlar uni isrof qilishga o'rganib qolgan. Schetchiklar o'rnatilmagan. Livanda ham schetchiklar yo'q. Qancha suv ishlatilganiga qaramay hamma yiliga bir xil pul to'laydi. Ammo bu ahmoqlik. Axir bunaqada odamlar suvni tejamay ishlataveradi", - deydi Xobeyka.
Professor nazarida suv tanqisligi mintaqa davlatlari munosabatlariga ham ta'sir qiladi. Isroil va Livan Litani daryosi ustidan tez-tez janjallashib turadi.
"Suv mojaroga sabab omillardan biri. Suv borku, ammo mamlakatlar undan oqilona foydalanishni o'rganmagan", - deydi professor Xobeyka.
Turkiya hukumati esa to'g'onlar qurishga kirishib, Suriya va Iroqqa oqayotgan suvni cheklab qo'yishi xavotir bilan tilga olinadi. Suriyada hukumatga qarshi g'alayonlarga sabab omillardan biri ham suv taqchilligi ekani taxmin qilinadi.