Breaking News

AQShga aloqador nodavlat tashkilotlar xodimlari Misrda sud qilinadi


Qohiradagi nodavlat tashkiloti idorasi tintuvi
Qohiradagi nodavlat tashkiloti idorasi tintuvi

Misr adliyasi 43 faol, jumladan, 19 amerikalikni jinoiy javobgarlikka tortmoqchi bo’lib, Yaqin Sharq o’ta beqaror bo’lgan bir paytda Amerika bilan orani buzmoqda.

Nodavlat tashkilotda ishlagan bu faollar parlament saylovlari paytida mahalliy partiyalar va nomzodlarni hukumat ruxsatisiz chetdan moliyalaganlikda ayblanmoqda.

Arab bahorining odamni mast qiluvchi ilk kunlarida Misr poytaxti Qohira to’lib-toshdi.

Minglab misrliklar va dunyo uchun Tahrir maydoni ozodlik va demokratiya timsoliga aylandi.

Bir yil o’tib yana bahor yaqinlar ekan, Qohirada bir janjal boshlandi.

Bir necha amerikalik Misrda demokratik o’zgarishlar yo’liga tog’anoq bo’lganlikda ayblanmoqda.

Qo’shma Shtatlar e’tirozi va harbiy yordamdan ayirish haqidagi tahdidi ish bermayapti.

AQShga aloqador nodavlat tashkilotlar xodimlari Misrda sud qilinadi
AQShga aloqador nodavlat tashkilotlar xodimlari Misrda sud qilinadi
Misr Bosh vaziri Kamol al-Ganzuriy:

“Qonun asosida ishlaymiz. Tarixi, madaniyati bir necha ming yillik Misr uchun ortga qaytish yo’q. Birov pul bersa-bermasa baribir”, - deydi bosh vazir.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Aaron Snaypning aytishicha, Obama ma’muriyatining hafsalasi pir bo’lgan.

“Misr hukumatining Amerika fuqarolarini sud qilish qarori javobsiz qolmaydi. Bu davlat xalqi va hukumati bilan aloqani saqlab qolish tarafdorimiz, albatta. O’rtada kelishmovchilik bo’lishi tabiiy va ularni hal qilishga tayyormiz”, - deydi diplomat.

Bu amerikaliklar Husni Muborakni taxtdan ag’dargan namoyishlardan so’ng mamlakatda yangi, erkin saylovlarni qo’llab-quvvatlagan, muayyan partiya yoki nomzodni yoqlagan emas, deydi AQSh rasmiylari.

Misr sudyasi Samih Abu Zaid nazarida bu gap haqiqatdan yiroq.

“Xorijlik faollar siyosatga aralashib, partiyalarni mashqdan o’tkazgan va u yoki bu nomzodni yoqlab chiqqan”, - deydi sudya.

Bosh vazir al-Ganzuriy ham xorijlik guruhlar Misr ishlariga aralashgan, deb hisoblaydi.

“Tashabbus qayerdan kelayotgani, kim boshqarayotganini ko’rib turibmiz. Lekin ularning maqsadi nima? Harbiy boshqaruvni ag’darishmi? Keyinchi?”

AQShga aloqador nodavlat tashkilotlar xodimlari Misrda sud qilinadi
AQShga aloqador nodavlat tashkilotlar xodimlari Misrda sud qilinadi
Vashingtondagi Brukings tahlil institutiga kelib o’qiyotgan Xolid al-Gindiy so’zlariga ko’ra, Muborak paytidan qolgan kuchlar bu mashmasha orqali bugungi namoyishlardan e’tiborni chalg’itmoqchi.

“Hamma aybni chetdagi kuchlar, ajnabiy agentlarga to’nkab, uydirma maxfiy teoriyalarni olg’a surishga oldin ham harakat qilingan. Bu gaplarning uchi chiqqandan keyin aniq ismlar, joylarni ham nomlash kerak-ku. Eng osoni, nodavlat tashkilotlarni tamg’alash. Holbuki, bu tashkilotlar Misrda o’tgan yil ishga tushgan emas, anchadan beri xizmat qiladi”, - deydi olim.

AQSh rasmiylari ta’rificha, bu sud Vashington-Qohira munosabatlarida salbiy aks etishi muqarrar, ham harbiy yordam, ham Isroil-Falastin mojarosi yechimi, ham qo’zg’olonga botgan Suriya taqdirida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG