Breaking News

AQSh Misrga bir milliard dollarlik yordam ajratmoqda


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Vakillar Palatasida hisobot bermoqda, Vashington, 29-mart, 2012
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Vakillar Palatasida hisobot bermoqda, Vashington, 29-mart, 2012

Qo’shma Shtatlar Misrga bir milliard dollarga teng harbiy va iqtisodiy yordam ko’rsatishga qaror qildi. Lekin harbiy rahbarlar fuqaro jamiyatini siquvga olmoqda va AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlarning Misrdagi faoliyatini cheklamoqda. Ko’plab faollar, ayniqsa o’tgan yilgi inqilob ortida turgan va tuzum batamom o’zgarishini talab qilayotgan insonlar Amerika qaroridan norozi.

Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, Misrga yordam berish AQSh manfaatlari uchun xizmat qiladi. Qo’yilayotgan shart shuki, deydi u, fuqaro erkinliklari ta’minlanishi zarur.

“Biz Misr hukumati huquqni qanchalik e’zozlayotganini kuzatib turibmiz. Har bir fuqaro erkin fikr bildira olishi va harakat qila olishi shart. Misr demokratiya tomon yo’nalishi kerak. Hech kim kamsitilmaydi - diniy, etnik, jinsiy yoki siyosiy jihatdan”.

"Freedom House" huquq tashkiloti yetakchi xodimi Charls Dann Misrni beqarorlashtirishga uringanlikda ayblanmoqda. Hozir vatanga qaytgan, lekin ishi hamon Qohirada sudda.
"Freedom House" huquq tashkiloti yetakchi xodimi Charls Dann Misrni beqarorlashtirishga uringanlikda ayblanmoqda. Hozir vatanga qaytgan, lekin ishi hamon Qohirada sudda.
Amerika rasmiylari talablar qo’yishi mumkin, ammo Misrdagi real vaziyat o’zgaradimi? Harbiy boshqaruv ko’plab tashkilotlarni tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblab sudga tortmoqda, ular orasida Amerika bilan hamkorlik qilgan faollar, hatto amerikaliklar bor.

Ulardan biri “Freedom House” tashkiloti vakili Charls Dann. U va boshqalar yaqinda vatanga qaytarildi.

“Nega Obama ma’muriyati fuqaro jamiyati borasida aniq bir kelishuvga kelmay turib, shuncha yordam berishga qaror qildi? Bizning ishimiz hamon sudda. Soxta ayblovlar qo’yilgan”.

Charls Dann fikricha Misrga aniq shartlarsiz yordam ko’rsatish harbiy boshqaruvning haddini oshiradi, erkinlikka zarba.

Qohirada harbiy rahbarlaga qarshi namoyishlar
Qohirada harbiy rahbarlaga qarshi namoyishlar
"Misr rahbarlarini bunday ko’mak bilan siylash “bilganingni qil” deyish bilan barobar. Nohukumat tashkilotlar bosim ostida. Ularga chet eldan mablag’ olib, tuzumga qarshi ishlatganlik aybi qo’yilmoqda axir. Obama ma’muriyati ertaga bu ahdidan qaytaman desa, kech bo’ladi",- deydi mutaxassis.

Lekin AQShda ko’plab siyosatchilar nazarida Misr hukumati bilan hamkorlik har narsadan ustun, fuqaro jamiyatidan ham.

“Biz Misr davlati bilan samarali, kuchli hamkorlik tarafdorimiz",- deydi Kit Ellison, Kongress a'zosi, demokrat, musulmon amerikalik.

"Mayda-chuyda masalalarni deb oradagi aloqalar buzilishini istamaymiz",- deydi u.

Misr Bosh vaziri Kamol al-Ganzuriy
Misr Bosh vaziri Kamol al-Ganzuriy
Yetakchi ekspert Stiv Xeydemann bunga qo’shiladi.

"Agar biz Amerika ta’sirini saqlab qolmoqchi bo’lsak va ikki davlat orasidagi munosabatlarga darz ketmasin desak, uzoq muddatli manfaatlarni ko’zlasak, bugungi nozik bir pallada Misr hukumatini quvvatlashimiz lozim. Gap bu yerda siyosiy ta’sir va qudratni saqlab qolishda. Ikki hukumat tortishadigan vaqt emas hozir. Tomonlar yaqin muloqotda",- deydi siyosatshunos, Vashington-Qohira orasidagi yaqinlik haqida gapirar ekan.

Amerika rasmiylari barcha muammolar yuzasidan Misr hukumati bilan muzokara ketayotgani, xususan fuqaro jamiyati, erkinlik va huquqqa hurmat ustuvor masalalar ekanini uqtiradi. 1 milliard dollarlik yordam hukumatga emas, xalqqa, deya bildiradi AQSh Davlat departamenti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG