Breaking News

Misr prezident saylovlarida kimga ovoz beradi?


"Musulmon Birodarlar" partiyasidan prezidentlik uchun yangi nomzod Muhammad Mursiy (chapda) hamda prezidentlikka yana bir nomzod, Misr sobiq Tashqi ishlar vaziri Amr Musa Qohiradagi nasorolar cherkovida. 6-yanvar, 2012-yil.
"Musulmon Birodarlar" partiyasidan prezidentlik uchun yangi nomzod Muhammad Mursiy (chapda) hamda prezidentlikka yana bir nomzod, Misr sobiq Tashqi ishlar vaziri Amr Musa Qohiradagi nasorolar cherkovida. 6-yanvar, 2012-yil.

Misr fuqarolari kelasi oy prezident uchun ovoz beradi. Zamonaviy Misr tarixida birinchi bor prezident saylovlari demokratik ruhda o’tishi kutilmoqda.

Husni Muborak o’rnini egallash umidida bo’lgan nomzodlar soni 20 dan ortiq. Ammo saylov komissiyasi tekshiruv o’tkazib, yaqinda bir nechasini saylovda qatnashish huquqidan mahrum qildi. Ular orasida parlamentda ko’pchilik o’rinni egallagan “Musulmon Birodarlar” partiyasi nomzodi Xayrat al-Shatir hamda salafiylar guruhi nomidan qatnashayotgan Hazim Saloh Abu Ismoil ham bor.

Qarordan norozilar ko’p. Salafiylar tarafdori bo’lgan Jamol Ibrohim Muhammad ismli fuqaro endi saylovda umuman qatnashmoqchi emas.

“Borsam ham hech kimga ovoz bermayman”, - deydi u.

Yuqorida tilga olingan nomzodlar qatorida Misr xavfsizlik xizmati sobiq rahbari Umar Sulaymonning ham poygadan chiqarib yuborilishini ayrimlar siyosiy o’yin deb hisoblaydi. Ya’ni, dindor saylovchilar ovozini bo’lish maqsadida qilinayotgan harakat.

Hamma ham bu fikrlarga qo’shilmaydi.

Hala ismli fuqaro saylov komissiyasi qaroridan mamnun. “Sudyalar ishini biladi. Bu odamlarning nomzodi bekor qilingan bo’lsa, demak bir sababi bor”, - deydi u.

Siyosiy tahilchi va noshir Hisham Qosim so’zlariga ko’ra, hozir Misrda hamma narsaga shubha bilan qarashyapti.

“Lekin saylov komissiyasining ishiga va ishlash uslubiga qarasangiz, darhaqiqat, qarorlarini asoslab berayotganiga guvoh bo’lasiz”, - deydi u.

“Musulmon Birodarlar” Xayrat al-Shatir o’rniga boshqa bir nomzodni tayyorlab qo’ygan. Ammo eski tuzum paytida taqiq ostida bo’lgan partiya endi butun hokimiyatni egallashga urinayotgandek tuyuladi.

“Ular odamlarning ishonchini suiiste’mol qildi. Nafslari g’olib kelib, manfaatlari yo’lida butun mamlakatni o’z qo’llariga olmoqchi”, - deydi misrlik Jamol Ibrohim Muhammad.

Musulmon saylovchilar ovozi endi Birodarlarning ikkinchi nomzodi Muhammad Mursiy hamda shu partiyaning sobiq a’zosi Abdul Mun’im Abul Fattoh o’rtasida bo’linishi kutilmoqda. Misrning sobiq tashqi ishlar vaziri hamda Arab Ligasi sobiq rahbari Amr Musa eng ko’p ovoz yig’ishi mumkin.

Misr tarixida prezidentlik uchun birinchi bor haqiqiy saylov bo’lishi kutilmoqda. Tahlilchi Hisham Qosim nazarida, olg’a surilayotgan dastur va maqsadlardan ko’ra, nomzodlarning kimligi saylov taqdirini ko’proq hal qiladi.

“Hammasi shaxslarga borib taqaladi. Agar biror yig’in yoki kampaniyani muvaffaqiyatli o’tkazsangiz, sizga ovoz beruvchilar soni birdan oshib ketadi. Keyingisi yaxshi chiqmasa, birdan ovozlar tushib ketadi”, - deydi u.

Shuning uchun hozirdan saylov natijasini bashorat qilish qiyin.

Loading...
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG