Breaking News

Misr ayollari o'z haq-huquqlari uchun kurashmoqda


Misrlik ayollar saylov uchastkasida ovoz berish uchun navbat kutmoqda. Qohira, 23-may, 2012-yil.
Misrlik ayollar saylov uchastkasida ovoz berish uchun navbat kutmoqda. Qohira, 23-may, 2012-yil.

Misrdagi yangi siyosiy muhit ayollarning ijtimoiy hayotda faol bo’lishiga sharoit yaratib berdi. Ammo ayrimlar nazarida, islomiy guruhlarning hokimiyatga kelishi ayollar huquqlarining yana kamsitilishiga sabab bo’lishi mumkin.

Qohirada tashkil etilgan ayollar huquqlariga oid konferensiyada Misr jamiyatidagi turli tabaqalar – musulmonlar, nasorolar hamda so’l va konservativ guruhlar ishtirok etdi. “Misr ayoli” nomli kampaniyani boshlagan tashkilotchilarning aytishicha, bu kabi tadbirlarni o’tkazishdan maqsad eski tuzum davrida jamiyatdan uzilib qolgan ayollarni, ayniqsa, qashshoq aholi qatlamini yana mamlakat hayotida faol ishtirok etishga chaqirish.

Konferensiya tashkilotchisi Amani Hasanning ta’kidlashicha, Misr ayollarining huquqiy savodini oshirish muhim.



Misr inqilobida ayollar faol ishtirok etdi. Suratda Qohira ko'chalarida namoyishchilarga qarata otilgan ko'zdan yosh chiqaruvchi gazdan o'zini himoyalash maqsadida yuziga niqob taqib olgan ikki misrlik ayol aks etgan. 6-fevral, 2012-yil.
Misr inqilobida ayollar faol ishtirok etdi. Suratda Qohira ko'chalarida namoyishchilarga qarata otilgan ko'zdan yosh chiqaruvchi gazdan o'zini himoyalash maqsadida yuziga niqob taqib olgan ikki misrlik ayol aks etgan. 6-fevral, 2012-yil.
“Ilgari hukumat ularning ovozlarini sotib olardi. Biz ayollarga vatan uchun mas’ul ekanliklarini o’rgatmoqchimiz. Ular nomzodni qanday mezonlar asosida tanlashni, bu nomzod ularning kelajagi uchun, farzandlarining kelajagi uchun nima qilib bera olishini bilishlari kerak”, deydi u.

Ayollar harakati Misr uchun yangilik. Xotin-qizlar huquqlariga oid tashkilotlar ilgari ham Misrda tashkil etilgan, ammo bunday guruhlar jamiyatdan uzilgan holda va asosan, samarasiz faoliyat yuritgan, deydi Hasan.

“Misr ayollari deganda, asosan, jamiyatning boy qatlami ko’z oldimizga kelardi. Ular muammolarsiz, boshqa ayollarning hayot qiyinchiliklarini sezmasdan hayot kechirishgan”, deydi Hasan.

Agar islomiy partiya vakili prezident etib saylansa, ayollar haq-huquqlari qay darajada himoya qilinadi? Faollarni o’ylantirayotgan masala shu. Ayrim huquq himoyachilarining aytishicha, islomiy partiya qonunchilari ayollarning turmushga chiqish yoshini pasaytirishga va qizlar xatnasini jinoiy javobgarlikdan ozod etishga harakat qilmoqda.

Saylov uchastkalari erta tongdan ovoz berish uchun yig'ilgan misrliklar bilan to'lib-toshdi. 23-may, 2012-yil.
Saylov uchastkalari erta tongdan ovoz berish uchun yig'ilgan misrliklar bilan to'lib-toshdi. 23-may, 2012-yil.
Islomiychilar nomzodini qo’llab-quvvatlayotgan Amani Hasan bundan tashvishlanmasligini aytadi.

“Juda radikal fikrlaydiganlari ham bor. Ammo ularning ko’pchilik ekaniga va Misr hayotini ular hal qilishiga ishonmayman”, deydi u.

Yangi prezident radikal qarashlarga qarshi tura oladimi, yo’qmi, bu haqida gapirishga erta hali. Davlat rahbarining vakolatlariga bog’liq bu. Ayollar konferensiyasiga yig’ilgan ayrim faollarning fikricha, bahsli mavzularni hal qilishda o’rtacha misrlikning diniy qarashi asos qilib olinadi.

Qohiradagi Ayn Shams Universiteti professori Nura Muhammad Ismoilning aytishicha, dinda o’rta yo’lni tutish eng a’losi, zero Misr ham o’rta yo’lni tutgan davlatdir.

Ovoz bergan ayol
Ovoz bergan ayol
Dindan ko’ra, erkaklar hukmron bo’lgan jamiyatdagi madaniyat, urf-odatlar va qarashlar ko’proq xatarli, deydi Ismoil. Mahalliy erkak ishchilardan birining konferensiyada aytgan gaplari Ismoil fikrlarini tasdiqlagandek bo’ladi.

Qohiralik ishchining aytishicha, erkaklar ayollarga qaraganda ko’proq ishlagani yaxshi. Ayollar erkaklar bilan teng ishlashga urinmasligi kerak, chunki erkaklar ulardan ko’ra kuchliroq, deydi u.

Yangi Misr hayotida ayollarning o’rni va mavqei qanday bo’lishini saylovdan keyingi siyosiy hayot belgilaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG