Breaking News

Islomiy partiyalar demokratiyadan saboq izlab Vashingtonga keldi


Qator arab mamlakatlaridagi islomiy partiyalar vakillari bugun AQSh poytaxti Vashingtonda anjuman o’tkazmoqda. Shuningdek, Amerika rasmiylari bilan uchrashadi.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi inqiloblar ketidan islomiy guruhlar siyosiy sahnada ancha faollashgan. Misr, Marokash, Iordaniya, Tunis va Liviyadan namoyandalar “Islomiylar hokimiyatda” degan konferensiyada qatnashmoqda.

Anjuman tashkilotchisi, Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi eksperti Marina Ottovey fikricha, Vashington siyosiy doiralarida ular haqida ko’p bilishmaydi.

“Bizga yoqadimi-yo’qmi, yaxshimi-yomonmi, arab mamlakatlarida islomiy partiyalarning nufuzi oshib borayapti. Kelajakda ular bilan yaqindan ishlashga to’g’ri keladi, demak, ular haqida yaxshiroq bilishimiz kerak”, - deydi olima.

Delegatsiya a’zolari Oq uyda ham mehmon bo’ldi. Misrning Musulmon Birodarlar partiyasi AQSh Xavfsizlik Kengashining quyi lavozimdagi rasmiylari bilan uchrashgan.

“Musulmon Birodarlar bundan e’tiboran Misr siyosatida yetakchi rol o’ynashi shubhasiz”, - deya qayd etadi Oq uy matbuot kotibi Jey Karni.

Shu yil boshida Jon Makkeyn va Linsi Grehem kabi nufuzli senatorlar ham Misrga safari chog’ida bu harakat rahbarlari bilan muloqot qilgan edi. Birodarlar prezident saylovlarida o’z safidan nomzod ko’rsatgan.

Amerika matbuotining yoritishicha, AQShga tashrif islomiy guruhlar uchun o’zlarini tanitish, reklama uchun zo’r imkoniyat.

Tashkilotchilarning bildirishicha esa Vashingtondagi anjumanga taklif etilgan 5 partiyadan faqatgina Musulmon Birodarlar kattaroq delegatsiya bilan kelib, mulozimlar bilan uchrashuvlarni ham o’zi belgilagan.

Harakat vakili Muhammad G’air AQSh Davlat kotibi muovini Vilyam Berns bilan uchrashuv ketidan so’zladi:

“Inson huquqlariga hurmat universal tamoyil ekani, demokratiya va ko’p partiyaviylik taraqqiyotning muhim sharti ekani borasida hamfikrmiz”.

Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi tashkil etgan konferensiyada inqiloblardan keyingi vaziyat, yangi konstitutsiya ishlab chiqish hamda arab davlatlari yuzlashayotgan iqtisodiy muammolar muhokamada.

Qatnashchilar - Misr va Liviyadan “Musulmon Birodarlar”, Marokashdan “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi, Tunisdan “Innahda” hamda Iordaniyadan “Islomiy Harakat Fronti” a’zolari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG