Breaking News

Misrda Amerika tashkilotlari bosim ostida


Qohira universitetida hukumatga qarshi namoyishlar, 11-fevral 2012
Qohira universitetida hukumatga qarshi namoyishlar, 11-fevral 2012

Misrda AQShning bir necha gumanitar tashkilotiga qarshi jinoiy ish qo’zg’atilgan. Ular aholi orasida hukumatga qarshi kayfiyatni avj oldirib, namoyishlar rejalaganlikda ayblanmoqda. O’nlab xodimlari sud qilinishi mumkin, jumladan 19 amerikalik.

Da’vo shuki, Amerika nodavlat tashkilotlari Misr xalqiga pul berib, harbiy hukumatga qarshi qayramoqda. Misr mulozimlaridan biri Vashingtonni atayin mamlakat tinchini buzayotganlikda va farovon taraqqiyotga yo’l bermayotganlikda ayblagach, aloqalar keskin taranglashdi.

Maykl Pozner, AQSh Davlat kotibining Inson huquqlari va demokratiya masalalari bo'yicha muovini
Maykl Pozner, AQSh Davlat kotibining Inson huquqlari va demokratiya masalalari bo'yicha muovini
AQShda asoslangan guruhlar ayblovni inkor etadi. Mahalliy qonunlarga rioya qilib ishladik, saylovlar paytida biror partiya yoki nomzodni yoqlamadik, deydi ular.

Misr politsiyasi dekabrda xorijdan moliya oluvchi 17 nodavlat tashkilotning idoralarini tintuv qilib, hujjat hamda kompyuterlarni musodara qildi. Obama ma’muriyati 1 milliard dollarlik yordamni kesishini aytib, barcha faollarni qo’yib yuborishni talab qildi. Jami 43 faol tergov ostida, Amerika fuqarolari mamlakatni tark etishi taqiqlangan.

AQSh Davlat kotibining Inson huquqlari va demokratiya targ'iboti bo'yicha muovini Maykl Pozner (Michael Posner) Misr rahbariyatini nodavlat tashkilotlar faoliyatini cheklamaslikka da’vat etadi.

Husni Muborak hokimiyatdan ketganiga bir yil bo'ldi
Husni Muborak hokimiyatdan ketganiga bir yil bo'ldi
“Bu tortishuv nodavlat tashkilotlarning jamiyat taraqqiyotidagi rolini anglab yetish uchun ham muhim. Bu guruhlarni hadeb siltamay erkin ishlashiga ijozat bering”,- deydi Pozner.

Sud qilinishi kutilayotgan tashkilotlardan to’rttasi Vashingtonda asoslangan va AQSh hukumatidan ham pul oladi. Amerika Demokratiya Instituti (National Democratic Institute) va Xalqaro Respublikachilar Instituti (International Republican Institute) kabilar demokratik qadriyatlarni targ’ib qilib nafaqat Misr, balki boshqa o’nlab davlatlarda faoliyat yuritadi. Ikki tashkilot siyosiy partiyalarga saylovoldi dasturlarni ishlab chiqishni o’rgatadi. Kuzatuvchilar malakasini charxlab, huquq himoyasi bilan mashg’ul guruhlar savodini oshiradi.

Namoyishlarni moliyalab, partiyalarni yoqlagan emasmiz, deydi faollar.

Misrda yangi parlament saylanib, yangi bosh qomus ustida ish ketmoqda. Iyun oyiga borib, boshqaruv yangilanadi.
Misrda yangi parlament saylanib, yangi bosh qomus ustida ish ketmoqda. Iyun oyiga borib, boshqaruv yangilanadi.
Mishel Dann (Michele Dunne) Vashingtondagi Atlantika Kengashida (Atlantic Council) Misr bo’yicha mutaxassis.

“Demokratiya uchun xolis, erkin saylovlar hamda kuchli, ozod fuqaro jamiyati birday muhim ekanini tushunish kerak. Nodavlat tashkilotlar ana shunday tasavvurni shakllantirish uchun ham Misrda, ham dunyoning boshqa burchaklarida ishlamoqda. Misr yoki Amerikaning bu kabi tashkilotlari g’alamislik, xurujlar bilan shug’ullanayotgani yo’q. Bu shubhalar mutlaqo o’rinsiz. Ikki davlat mazkur muammoni hal qila olishi lozim”,- deydi Dann.

30 yildirki Qo’shma Shtatlar moliyalovchi va demokratiyani kuylovchi tashkilotlar Rossiya, Zimbabve, Venesuela, O’zbekiston kabi davlatlarda xizmat qiladi. Ular ta’qibga uchragan, buzg’unchilikda gumon qilinib, haydalgan hollar yangilik emas.

Misr Tashqi ishlar vazirligi, Qohira
Misr Tashqi ishlar vazirligi, Qohira
Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti (Institute for Near East Policy) olimi Erik Treyger (Eric Trager) Misr hukumati va matbuoti soxta ayblovlarni bas qilishi kerak, deb hisoblaydi.

“Misr davlat televideniye va radiosi bu nodavlat tashkilotlarga tashlanib, Amerikaning yugurdagi deb atamoqda…”,- deydi Treyger.

Misr rahbariyati oraga siyosatni aralashtirmang, gap faqat nodavlat tashkilotlar ruxsatsiz ish yuritgani va qonunni buzgani haqida ketmoqda, deya tinchlantirishga urinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG